Rossiya Federatsiyasi hukumati chet elliklar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning Rossiyaga kirishda biometrik ma’lumotlarini taqdim etishi bo‘yicha eksperimentni ma’qulladi. Tegishli qarorni bosh vazir Mixail Mishustin imzoladi.
Hujjatga ko‘ra, eksperiment ikki bosqichda rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda — 2024-yil 1-dekabrdan 2026-yil 30-iyungacha biometrik ma’lumotlarni yig‘ish RFga kirishda Moskva (Domodedovo, Sheremetevo, Vnukovo) va Moskva viloyati (Jukovskiy) xalqaro aeroportlari, shuningdek, Orenburg viloyatidagi avtomobil nazorat punkti (“Mashtakovo”) orqali amalga oshiriladi
Ikkinchi bosqich 2025-yil 30-iyundan 2026-yil 30-iyungacha bo‘lib o‘tadi va barcha nazorat-o‘tkazish punktlarini qamrab oladi. Bu muddatda Rossiyaga vizasiz kirish uchun xorijliklar o‘zlarining fotosuratlari va biometrik ma’lumotlarini oldindan maxsus arizaga joylashtirishi, shuningdek, tashrif maqsadi to‘g‘risidagi bayonotni taqdim etishi mumkin bo‘ladi.
Hujjatda qayd etilishicha, eksperiment Belarus fuqarolari, olti yoshgacha bo‘lgan bolalar, diplomatlar, diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari xodimlari, Rossiyada akkreditatsiyadan o‘tgan xalqaro tashkilotlarning mansabdor shaxslari, shuningdek, ularning oila a’zolariga taalluqli emas.
Aprel oyida Rossiya IIV migratsiya sohasida davlat nazoratini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasini taqdim etgan edi. Tashkilot, xususan, xorijliklarning mamlakatda vaqtincha bo‘lish muddatini yil davomida 90 kungacha qisqartirish, kirishda majburiy barmoq izlari va barcha migratsiya hujjatlari o‘rnini bosuvchi yagona shaxsiy guvohnomani joriy etishni taklif qilgandi.
Oktabr oyida, shuningdek, 2025-yildan Moskvada eksperiment doirasida migrantlarga ular haqidagi “barcha ma’lumotlar” mavjud bo‘lgan elektron guvohnomalar berish boshlanishi xabar qilingandi.