Samarqand odamlar shahri bo‘lishi kerak, avtomobillar shahri emas, deya ma’lum qildi Samarqand viloyati hokimi (u vaqtda hokim vazifasida edi, 28-noyabr kuni ishdan olindi) Erkinjon Turdimov mas’ullar bilan muhokamada. Muhokama aks etgan video viloyati hokimligi tomonidan e’lon qilindi.
“Eng asosiy masala — Samarqand shahrini odamlar shahriga aylantirishimiz kerak. Bugun mashina shahriga aylangan. Norozi bo‘lsa bo‘lsin mashina egalari. Piyoda yurishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak, avtomobil turargohlarini ko‘paytirishimiz kerak. “Parkovka”ga olib borib mashinasini qo‘yishi kerak”, — dedi Turdimov.
Hokim shahar sektorlari rahbarlariga markaziy ko‘chalarda avtomobillar to‘xtash joylarini tashkil etish, piyodalar yo‘lagini tartibga keltirish, piyodalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
“Samarqand shahri 4 ta sektori piyodalar yo‘lagida yurib, ularga sharoit yaratish bo‘yicha choralar ko‘rish kerak. Trotuarga ham mashina qo‘yib qo‘yadi. U zo‘ravon, noinsof, qo‘ydirmaslik kerak. Hamma do‘konni oldiga mashina qo‘yib qo‘yadi. Odamlarimiz ko‘proq piyoda yurishi kerak. Yana bir marta aytaman, [Samarqandni] piyodalar shahriga aylantirishga harakat qilishimiz kerak”, — dedi hokim.
Muhokamada jamoat transportini rivojlantirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Ayni vaqtda Samarqandda 75 yo‘lovchiga mo‘ljallangan elektrobuslar harakat qilmoqda. Yil yakuniga qadar elektrobuslar sonini 100 taga yetkazish rejalashtirilgan.
“Avtobusni ko‘paytirishimiz kerak. Mana hozir 36 ta elektrobus keldi, yana yil yakunigacha 64 ta elektrobus keladi. Elektrobuslarning yo‘nalishini Transport boshqarmasi menga emas, Samarqand shahar odamlari bilan muhokama qilib, ommaviy qilib ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qildirib, keyin Samarqand shahri Xalq deputatlari kengashiga kiritadi. Ana undan keyin biz tasdiqlab beramiz”, — dedi hokim.
“2025-yilda yana 50 ta elektrobus olishimiz kerak. Agar o‘sha hamma elektrobusni Juma — Urgut yo‘nalishiga qo‘yadigan bo‘lsak, yuklama kamayadi”, — dedi Erkinjon Turdimov
Bir necha kun avval, 20-noyabr kuni prezident Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazgan edi. Unda Erkinjon Turdimov mintaqani kelgusi yillarda rivojlantirish rejalari bilan so‘zga chiqqandi.
28-noyabr kuni prezident Erkinjon Turdimovni boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod qildi. Viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi etib O‘zbekiston Hisob palatasiga rahbarlik qilgan, avvalroq iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari bo‘lgan Adiz Boboyev tayinlandi.
Erkinjon Turdimov (1969-yilda tug‘ilgan) 2018-yil iyul oyida viloyatga rahbarlik qilgan va 2019-yil yanvar oyida hokim etib tasdiqlangan, joriy yil noyabr oyi boshida esa deputatlar saylovidan so‘ng bu lavozimga qayta tasdiqlangan.