2018-yildan beri Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlab kelgan Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov prezident farmoni bilan lavozimidan olindi. Uning o‘rnini Hisob palatasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Adiz Muzaffarovich Boboyev hokim vazifasini bajaruvchi sifatida egalladi.

55 yoshli Turdimov Samarqand viloyatida tavallud topgan. 1991-yildan 1995-yilgacha “O‘zsanoatqurilishbank”ning hududiy bo‘limlarida xizmat qilgan.1996-yilgacha Zarafshon hokimi o‘rinbosari bo‘ldi. 1996-yildan 2000-yilgacha Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining Navoiy bo‘limida ishlab, Navoiy viloyati Xatirchi tuman hokimiyatiga boshchilik qildi. Undan so‘ng qishloq va suv xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.

2008−2016-yillar davomida Navoiy viloyati hokimi bo‘lgan. Undan so‘ng 2 yil Surxondaryo viloyati hokimi lavozimida faoliyat ko‘rsatgan. 2018-yilda Samarqand viloyati hokimi lavozimiga tayinlangan Turdimov 2024-yilda mamlakatda o‘tgan parlament saylovlaridan so‘ng Xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashining yettinchi chaqiriq birinchi sessiyasida qayta tasdiqlandi.

Viloyatga yangi tayinlangan hokim vazifasini bajaruvchi vakil Adiz Muzafarovich Boboyev 2024-yilning yanvar oyidan beri Hisob palatasi raisi lavozimiga ishlayotgandi.

Adiz Boboyev (1972-yilda tug‘ilgan) Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan (1993). Buxoro viloyati moliya boshqarmasida 1-toifali iqtisodchi, monopoliyaga qarshi va narx siyosati bo‘limi yetakchi iqtisodchisi bo‘lib, shuningdek, boshqa lavozimlarda ishlagan (1993−2007). Shuningdek, Moliya vazirligi huzuridagi Respublika yo‘l jamg‘armasi Ijroiya boshqarmasi daromadlarni prognozlash boshqarmasi boshlig‘i (2008−2010), Davlat budjeti bosh boshqarmasining jamlanma budjet daromadlarini rejalashtirish va tahlil qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari (2010−2012) va Moliya vazirligi tuzilmasidagi boshqa lavozimlarda ishlagan.

Hisob palatasi raisi lavozimida ish boshlashidan avval Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.