Janubiy Koreyada ikkinchi kundirki qorning kuchli yog‘ishi kuzatilmoqda, bir nechta reyslar bekor qilindi, paromlar faoliyati to‘xtatildi va kamida besh kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters yozmoqda.
Yonhap axborot agentligining yozishicha, mazkur qor miqdori poytaxt Seulda 1907-yildan beri yog‘gan kuchli qorlar bo‘yicha uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, o‘tgan kun noyabr oyi uchun barcha qor yog‘ishi rekordlarini yangiladi.
Payshanba kuni ertalab Seulning ba’zi joylarida 40 sm (16 dyuym) dan ortiq qor to‘planib, 140 dan ortiq reys bekor bo‘lishiga olib keldi.
Yonhap`ga ko‘ra, chorshanbadan beri Seul shahriga tutash Geonggi viloyatida qor yog‘ishi oqibatida kamida besh kishi halok bo‘lgan. To‘rt kishi binolar qor og‘irligi sababli qulashi oqibatida, yana bir kishi esa avtobus sirpanchiq yo‘lda sirg‘anib ketishi oqibatida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida vafot etgan.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, chorshanba kuni kechqurun Gangvon provinsiyasining markaziy shahridagi avtomagistralda 53 ta transport vositasi to‘planib, 11 kishi jarohat olgan.
Seulning asosiy aeroporti Inchonga eng ko‘p zarar yetdi, yo‘lovchilar o‘rtacha ikki soatga yaqin kechikishlarga duch keldi, payshanba kuni reyslarning 31 foizi kechikdi va 16 foizi bekor qilindi. Rasmiylarning aytishicha, 142 ga yaqin reys bekor qilingan, 76 ta parom yo‘nalishlari to‘xtatilgan, ommaviy axborot vositalari esa ba’zi poyezdlar kechikishi haqida xabar berdi.
Kunning ikkinchi yarmiga kelib, Geonggi provinsiyasida 1285 ga yaqin maktab, jumladan, bolalar bog‘chalari yopildi. Qo‘shni Shimoliy Koreyada ham seshanba va chorshanba kunlari ba’zi hududlarda 10 sm dan ortiq qor yog‘di.