Samarqand shahrida temiryo‘l vokzalidan Kimyogarlar qo‘rg‘onigacha yangi tramvay yo‘nalishi ochilishi rejalashtirilgan. Bu haqda “Samarqand MTRK” telekanalida ma’lum qilindi.
Ushbu yo‘nalishga 14 ta zamonaviy tramvay vagonlari xarid qilinadi. Bu uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorlikda amaliy ishlar olib borilmoqda.
Samarqand viloyati Transport boshqarmasi “Gazeta.uz”ga xabar berishicha, yangi yo‘nalish uzunligi 11,2 kilometr bo‘ladi. Loyihaning qiymati 40 mln AQSh dollarini tashkil etadi.
Ayni vaqtda Samarqandda tramvaylar ikkita yo‘nalishda (1-sonli Temiryo‘l vokzali — Sartepa maskani va 2-sonli Temiryo‘l vokzali — Siyob bozori) yo‘lovchi tashimoqda.
Samarqandda 2017-yil fevral oyida tramvay tizimini ishga tushirish haqida prezident farmoni qabul qilingandi. Tramvaylarning o‘zi esa 15-apreldan yo‘nalishga qo‘yilgan.