Istanbul prokuraturasi Turkiyaga qalbaki dollarlar kirib kelgani haqida OAVda tarqalgan xabarlar yuzasidan tergov boshladi, deb xabar berdi Ekonomim ishbilarmonlik gazetasi.
“Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Istanbulda qalbaki banknotlar tarqatilgani haqida rezonansga sabab bo‘lgan xabarlar paydo bo‘lishi fakti yuzasidan rasmiy tergov boshlandi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Turkiyaga 600 million dollarlik qalbaki banknotlar kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgani xabar qilingandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning umumiy miqdori 1 milliard dollardan oshishi mumkin. Banknotlarning katta qismi 50 dollar nominalga ega, shu munosabat bilan ayirboshlash shoxobchalari va banklar ushbu banknotlar, shuningdek, eski namunadagi 100 dollarlik kupyuralar bilan operatsiyalarni vaqtincha to‘xtatdi.
Mutaxassislarning aytishicha, qalbaki dollarlarning asosiy qismi Turkiyaga Suriya, Eron va Bolqon hududlaridan olib kelingan. Ekonomim ma’lumotlariga ko‘ra, qalbaki valyuta bilan bog‘liq birinchi operatsiya Suriya bilan chegaradosh Gaziantep shahrida amalga oshirilgan, qalbaki dollarlar Antaliya, Izmir, Istanbul, Anqara kabi turistik shaharlarda ham aniqlangan.
Haberturk telekanali, o‘z navbatida, joriy haftada Turkiya banklari xodimlari dollar bo‘yicha firibgarlik holatlari yuzasidan yozma ravishda ogohlantirilganini ma’lum qildi. Turkiya vakolatli muassasalar va ayirboshlash shoxobchalari uyushmasi boshqaruvi a’zosi Mustafo Unverning ma’lum qilishicha, yaqin vaqt ichida mamlakatdagi ayirboshlash shoxobchalarida banknot hisoblagichlarini almashtirish rejalashtirilgan. Bank sektori vakillari bu kamida bir oy davom etishi mumkinligini istisno qilmaydi.
O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi murojaati
Bosh konsulxona Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga mazkur masala yuzasidan murojaat qildi. Unga ko‘ra, fuqarolar dollarni faqat rasmiy banklar yoki litsenziyali valyuta ayirboshlash nuqtalarida qabul qilishi, tekshiruv uskunalaridan foydalanishi (ayniqsa, katta miqdordagi dollarni qabul qilganda) va qo‘lma-qo‘l pul ayirboshlashdan saqlanishi lozim.
“Soxta kupyuralarni qabul qilish yoki tarqatish qasddan amalga oshirilsa, Turkiya qonunchiligida og‘ir jazo belgilangan. Agar shubhali kupyuralarga duch kelsangiz, zudlik bilan mahalliy politsiya yoki konsulxonaga murojaat qiling”, — deyiladi konsulxona bayonotida.