28-noyabr kuni ertalab Rossiya qo‘shinlari Ukraina energetika tizimiga yalpi zarbalarni yo‘lladi, deb xabar berdi Ukraina energetika vaziri German Galushenko.
“Energetika yana dushmanning ommaviy zarbasi ostida qoldi. Energiya obyektlariga hujumlar butun Ukraina bo‘ylab sodir bo‘lmoqda. „Ukrenergo“ uzatish tizimi operatori zudlik bilan elektr energiyasini favqulodda o‘chirishni joriy qildi. Xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yaxshilangach, oqibatlar aniqlanadi”, — deb yozdi u Facebook`da.
Portlashlar Odessa, Ivano-Frankivsk, Lvov, Volin, Roven, Xmelnitsa, Kirovograd va Kiyev viloyatlarida sodir bo‘lgan, deb yozmoqda Ukraina OAV. Halok bo‘lganlar va jabrlanganlar bo‘yicha ma’lumotlar aniqlashtirilmoqda.
Ukraina Energetika vazirligining aniqlik kiritishicha, bu Rossiyaning Ukraina energetika infratuzilmasi obyektlariga bir yil ichida qilgan 11-hujumi. “Energetiklar imkoni bor joylarda zaxira elektr ta’minoti tizimlarini ta’minlash ustida ishlamoqda”, — deyiladi xabarda.
Ukrainaning “Ukrenergo” energetika tizimi operatori hujum oqibatida bir nechta hududlardagi energiya obyektlariga zarar yetkazilganini ma’lum qildi.
Ukraina havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, hujum davomida Rossiya 90 dan ortiq raketa, jumladan, 57 ta qanotli X-101 va 100 ga yaqin zarba beruvchi dronlardan foydalangan. Havo hujumidan mudofaa 91 raketadan 79 tasini va 35 ta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘ldi.
“Ertalabdan havo kuchlari qo‘mondoni, ichki ishlar va energetika vazirlarining Rossiya zarbasining oqibatlari haqida ma’ruzalari bo‘ldi. Nishon — bizning energetika tizimimiz… Bir nechta viloyatlarda fuqarolik infratuzilmasiga kassetali o‘q-dorilar bilan „kalibra“ zarbalari qayd etildi. Ushbu kasseta qismlar bizning qutqaruvchilar va energetiklarimizga zarba oqibatlarini bartaraf etishni sezilarli darajada murakkablashtiradi va bu Rossiya terrorchilik taktikasining juda qabih eskalatsiyasidir”, — dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.
Rossiya Mudofaa vazirligi hozircha hujumga izoh bermadi.