Iqtisodchilar orasida inson umrining statistik qiymati degan tushuncha mavjud. Nima uchun ular bebaho deb hisoblanuvchi inson umri qiymatini hisoblab chiqa boshlagan? Iqtisodchi Behzod Hoshimov “Mifonomika” podkastining navbatdagi sonida shu savolga javob berdi.

“Inson umri — haqiqatdan ham bebaho ne’mat va qadr. Iqtisodchilar inson umriga qiymat qo‘yishi ham erish eshitilishi tabiiy. Lekin bu voqelikdan kelib chiqilgan narsa. Nima uchun iqtisodchilar inson umriga pul, dollar qiymatini qo‘yishgan, degan savol bo‘lsa, bu narsa boshqa chuqur muammolarni hal qilish uchun ishlab chiqilgan hisoblar sanaladi”, — deydi u.

Behzod Hoshimovning aytishicha, inson umri bebaho ekanini barcha yaxshi biladi, lekin ko‘pincha inson umri bebaho deganda inson umri tekin degan g‘oya ham birga yuradi. Aslida esa bebaho degani umrning bahosi cheksiz degani. Lekin ba’zi noto‘g‘ri talqinlarda umrning bahosi nolga degan tasavvur ham paydo bo‘ladi.

“Masalan, qandaydir tabiiy ofat bo‘ldi. O‘sha tabiiy ofat oqibatida halok bo‘lganlarga davlat qancha kompensatsiya to‘lashi kerak? Yoki urush natijasida halok bo‘lganlarga davlat qancha kompensatsiya berishi kerak degan savol mavjud. Yoki qandaydir terakt qurbonlariga davlat qancha kompensatsiya berishi kerak? Yoki qandaydir texnogen avariya oqibatida o‘lgan odamlar uchun qancha kompensatsiya to‘lanishi kerak? Shu narsalarda inson umri bebaho degan falsafa bilan kelsak, davlat bo‘ladimi, xususiy idora bo‘ladimi, mas’ullarning javobi „hech qanday kompensatsiya berish kerak emas, chunki umr bebaho-ku“, degan noto‘g‘ri g‘oya yoki noto‘g‘ri xulosaga olib kelishi mumkin”, — deydi u.

Nyu-York universiteti professorining fikricha, iqtisodchilar ham inson umri bebaho degan fikrga qo‘shiladi, lekin o‘sha umr davomida jamiyatda har xil voqealar yuz berishi mumkin. Shunday vaziyatlarda adekvat to‘lov yoki adolatni ko‘zda tutuvchi to‘lov sifatida qancha to‘lash kerak, degan savol mavjud bo‘ladi. Shuning uchun ham tashqi tinglovchiga g‘alati eshitilsa ham, iqtisodchilar bu narsani o‘ylab topgan.

Uning aytishicha, ikkinchi masala har bir xavfsizlik, inson umrini saqlab qolish uchun ko‘riladigan chora-tadbirlar yoki texnologiyalarning qandaydir qiymati mavjud ekanida. Bu qiymat orqali qanchadir insonning umrini saqlab qolish mumkin va jamiyat har doim qandaydir tanlov ustida turadi.

“Yangi yil arafasida qo‘yiladigan „Taqdir hazili yoxud qushdek yengil bo‘ling“ degan rus kinosi bor. Shu kinodagi bir qo‘shiqda shunday jumla bor: „Agar siz yashamasangiz, demak siz o‘lmaysiz ham“. Nima demoqchiman? Agar inson hech narsa qilmasa, uning o‘lish ehtimoli ham shunchalik kam bo‘ladi. Mashina haydamasangiz, samolyotda uchmasangiz, uyning yoki g‘orning ichida yashasangiz balki turli ofatlardan o‘lib ketish ehtimolingiz kamroq bo‘lar. Har bir harakatimizda biz ma’lum bir xavfni bo‘ynimizga olib chiqamiz. Ya’ni jamiyatlar ham qaysidir ma’noda bunga implitsit (ongli lekin norasmiy) ravishda rozi bo‘ladi. Ya’ni ishga kelayotganimizda hech kim bizga „yo‘lda boshingizga g‘isht tushib ketishi mumkin“ deb yozilgan shartnoma bermaydi, lekin bu ehtimolni biz implitsit ma’noda qabul qilib ko‘chaga chiqamiz”, — deydi u.

Behzod Hoshimov oshxonada ovqatlanayotganda ham zaharlanish ehtimoli juda katta ekani va yana turlicha misollar borligini ta’kidladi. Hech narsa qilmasdan yashashning esa imkoni yo‘q. Shuning uchun iqtisodchilar nima uchun insonlarning hayoti qiymatini hisoblashga harakat qiladi deganda asosiy savollardan biri jamiyat shu tanlovlarni nimaga asoslanib qilishi kerak ekani hisoblanadi.

“Hech kim mashina minmasin degan qonun chiqsa, yo‘l-transport hodisalaridagi o‘limlar soni 0 bo‘lib qoladi. Lekin buning iqtisodiy zarari, ya’ni insonlar hayotiga zarari ham juda katta bo‘ladi. Shuning uchun buni balansda ushlashimiz kerak. O‘sha balans nuqtasini topish uchun inson hayotiga qandaydir qiymat qo‘yish kerak bo‘lgan va iqtisodchilar har xil metodologiyalar orqali o‘sha hisoblarni amalga oshirishgan”, — deydi iqtisodchi.

Suhbatni to‘liq quyidagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin: