Markaziy bank bir shaxsga banklar tomonidan beriladigan kartalar sonini cheklash rejalashtirilayotgani yuzasidan izoh berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank bir foydalanuvchiga rasmiylashtiriladigan bank kartalari sonini cheklashni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.
Regulyator raisi o‘rinbosari Behzod Hamrayev hozirda O‘zbekistonda fuqarolar bitta pasportga ochishi mumkin bo‘lgan bank kartalari soni qonuniy jihatdan tartibga solinmaganini, oqibatda ayrim mijozlar yuzdan ortiq kartalarga egalik qilayotganini aytgandi. U firibgarlar bunday kartalardan keyinchalik pul mablag‘larini o‘zlashtirish sxemalarida foydalanayotganini ta’kidlagan.
Markaziy bank bergan xabarda aytilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda bitta jismoniy shaxsga bitta bank kartasi berilishi bo‘yicha me’yorlar o‘rnatilayotgani to‘g‘risida xabarlar tarqalgan bo‘lib, ular haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.
Bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida regulyator banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JSHSHIRga) kartalar sonini (virtual va kobeydjing kartalarini inobatga olgan holda) vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasini ko‘rib chiqmoqda.
Bunda ushbu talab chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Qayd etilishicha, bugungi kunda bank kartalariga ega jismoniy shaxslarning qariyb 97 foizida (22 mln kishi) 5 tagacha, 3 foiz (770 ming kishi) jismoniy shaxsda 5−20 gacha hamda 0,03 foizida yoki 7 ming nafar jismoniy shaxsda 20 tadan ortiq karta rasmiylashtirilgan.
Jismoniy shaxslar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, ushbu bank kartalarining bir qismidan (aksariyat holatlarda karta egasining xabari yo‘q) firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotgani aniqlangan.
Regulyator muhokama qilinayotgan me’yorlar aholining bank kartalari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda noqulayliklar keltirib chiqarmasligini va ushbu talablar tijorat banklarining bank kartalarini emissiya qilish faoliyatini tartibga solishga qaratilganini qo‘shimcha qilgan.
“O‘z navbatida, Markaziy bank bu borada vaziyatni muntazam kuzatib borishini ma’lum qiladi. Shuningdek, ushbu talablar to‘liq tayyor bo‘lgandan keyin jurnalistlar va keng jamoatchilik muhokamasiga havola qilinadi”, — deyiladi xabarda.