Iqtisodiyot va moliya vaziri 21-noyabr kuni “Bojxona to‘lovlarini to‘lashning bosh ta’minotini qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyruqni imzoladi.

Hujjatga ko‘ra, bosh ta’minot to‘lovchi tomonidan muayyan vaqt ichida bir necha bojxona operatsiyalarini bajarish chog‘ida yuzaga keladigan bojxona to‘lovlari to‘lanishini bank kafolatini taqdim etish, bojxona to‘lovlarini to‘lash majburiyatini sug‘urtalash yoki tovarlarni garovga qo‘yish orqali ta’minlashdir.

Agar bir shaxs tomonidan ma’lum vaqt davomida bir nechta bojxona operatsiyalari amalga oshirilsa, bojxona to‘lovlarini to‘lashni ta’minlash uchun quyidagi usullardan biri orqali ularni to‘lashning bosh ta’minotini taqdim etish mumkin:

  • tovarlarni garovga qo‘yish;
  • bank kafolatini taqdim etish;
  • bojxona to‘lovlarini to‘lash majburiyatini sug‘urtalash.

To‘lovchi tomonidan bojxona to‘lovlari to‘lanishini ta’minlash maqsadida bosh ta’minotni qo‘llash ixtiyoriy hisoblanadi. Bunda bojxona organi tomonidan bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishda to‘lovchidan bosh ta’minot qabul qilingani to‘g‘risidagi Bojxona qo‘mitasining qarorini taqdim etishni talab qilishga, shuningdek, ushbu qarorning mavjud emasligini asos qilib, bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.

To‘lovchi bosh ta’minotni qabul qilish uchun to‘lovchi belgilangan shakldagi ariza (shakl bu yerda) bilan Bojxona qo‘mitasiga yozma yoki rasmiy veb-sayt orqali elektron tarzda murojaat qiladi. To‘lovchi veb-sayt orqali murojaat qilganda, arizani o‘zining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlaydi.

Arizaga quyidagi hujjatlardan biri ilova qilinadi:

  • bank kafolati;
  • sug‘urta polisi;
  • baholash tashkilotining bozor qiymati bo‘yicha garov narsasini baholash to‘g‘risidagi hisoboti.

Arizaga ilova qilingan bank kafolati va sug‘urta polisida to‘lovchining arizasida ko‘rsatilgan bojxona operatsiyalarini bajarish chog‘ida yuzaga keladigan bojxona to‘lovlarini to‘lanishini ta’minlash nazarda tutilgan bo‘lishi kerak.

Ariza hamda unga ilova qilinadigan hujjatlardagi ma’lumotlar to‘g‘ri va to‘liq bo‘lishi lozim. Bunda ma’lumotlarning to‘g‘riligi hamda to‘liqligi uchun to‘lovchi javobgar hisoblanadi.

Bojxona qo‘mitasi arizani 10 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi va bosh ta’minotni qabul qilish yoki qabul qilishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 2025-yil 23-fevraldan kuchga kiradi.