Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-noyabr kuni meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash va eksport qilishni ko‘paytirish chora-tadbirlariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, banklar balansida uzoq vaqt foydalanilmay, yaroqsiz holga kelgan issiqxonalar, qayta ishlash sexlari va muzlatkichli omborlar mavjud.
Bunday aktivlarni tajribali tadbirkorlarga uch yil muddatga ishonchli boshqaruvga berish taklif qilinmoqda. Ijobiy natija ko‘rsatgan tadbirkorlarga bu mulklar 10 yilda bo‘lib to‘lashga beriladi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnikalarini lizingga yetkazib berish tizimini issiqxonalar uchun ham joriy qilish zarurligi ta’kidlandi.
Joriy yilda O‘zbekistonning oziq-ovqat eksporti o‘tgan yilga nisbatan 370 million dollarga (1,2 barobar) o‘sib, 2 milliard dollardan oshdi. Mamlakat o‘rik eksporti bo‘yicha dunyoda 3-o‘ringa, gilos va shaftoli bo‘yicha 6−7-o‘ringa, mosh va boshqa dukkakli mahsulotlar bo‘yicha 10-o‘ringa chiqdi.
O‘monning yirik savdo tarmoqlarida O‘zbekiston mahsulotlari uchun alohida rasta ajratilib, ilk bor gilos, shaftoli va o‘rik eksporti yo‘lga qo‘yildi. Ushbu tajribani Malayziya, Saudiya Arabistoni, Arab Amirliklari, Qatar, Singapur, Koreya, Yaponiya va Yevropada kengaytirish muhim ekani aytildi. Ushbu davlatlarda savdo yarmarkalarini birinchi marta tashkil qilish xarajatlari qoplab beriladi.
Ushbu chora-tadbirlar tufayli kelgusi yilda meva-sabzavot eksporti hajmi 3,5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.