Mittivine taxallusi bilan ijod qilgan bloger Farhod Mannopov vafoti yuzasidan jinoyat ishi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov xabar qildi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 5-mart kuni Star Med Center klinikasida boshi va burnidan olgan jarohatini operatsiya qildirgan Farhod Mannopov komaga tushib, vafot etgandi.

O‘sha yil 12-mart kuni SSV tekshiruv davom etayotgani sabab Star Med markazi faoliyati vaqtincha to‘xtatilganini ma’lum qilgan, keyinchalik Mannopovga tibbiy xizmat ko‘rsatish chog‘ida maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomda ko‘rsatilgan bir qator litsenziyalash talablari va shartlari buzilgani haqida xabar bergandi.

Xususan, anesteziolog-reanimatolog J.K.ning malaka toifasi bo‘lmagan. Shuningdek, klinika plastik jarroh A.X.ga malaka toifasiga ega bo‘lmasa-da, tibbiy xizmat ko‘rsatishiga ruxsat bergan. 28-aprel kuni vazirlik xususiy klinikaning litsenziyasini bekor qilish to‘g‘risida sudga ariza bilan murojaat qilgandi.

2-iyun kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi majlisda sud SSVning arizasini qanoatlantirgan va Star Med Center klinikasining (Omad plyus MCHJ) 2021-yil 16-fevraldagi tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanishi uchun berilgan litsenziyasini bekor qilgan.

2023-yil 27-sentabr oyida bloger vafoti bo‘yicha jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga yuborilgandi. Jinoyat ishi doirasida 2 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksning 116−3-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) va 117−2-moddasi (Xavf ostida qoldirish) bilan ayblov e’lon qilingan.

2024-yil 29-noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tumani sudida A. X. (erkak, 1981 y.t., Star Med Center otolaringologi, munosib xulq-atvorda bo‘lish haqida tilxat tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan) va J.Q.ga (erkak, 1979 y.t., xususiy klinika anesteziolog-reanimatologi, uy qamog‘i tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyada ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi. Ish sudya D. Komilov raisligida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq, A.X. va J. Q. JK 117-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilib, oqlandi.

Shu bilan birga, ular JKning 116-moddasi 3-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi va ularning har biriga JKning 45-moddasini (muayyan huquqdan mahrum qilish) qo‘llagan holda 2 yil tibbiyot sohasida tegishliligi bo‘yicha otolaringolog va anesteziolog-reanimatolog vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Bungacha uy qamog‘ida bo‘lgan J.Q. JKning 62-moddasi (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) bilan 3 yil 6 oy 27 kun muddatga ozodlikdan cheklandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahri sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqli.