O‘zbekistonda dala chetidan samarali foydalangan fermerlar imtiyozlarga ega bo‘ladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 28-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

“Hozirgi bo‘layotgan tahlikali zamonda biz faqat o‘zimizga ishonib, iqtisodiyotimizni barqaror qilish bo‘yicha hamma harakatlarni qilishimiz kerak. Oziq-ovqat xavfsizligi bilan shug‘ullanib, masalasini hal qilishimiz, har qarich yerga ekin ekib, daromad olishimiz kerak”, — dedi u.

Davlat rahbari 650 ming gektar maydondagi shaxsiy tomorqalar, ko‘chalar bo‘yi, dalalar cheti va kanallar atrofida daraxt va oziq-ovqat ekinlari ekish uchun foydalanish mumkinligini ta’kidladi.

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi dalalar, ichki yo‘llar va kanalizatsiya kanallari atrofida rentabelli ekinlar yetishtirish hamda eksport qilish uchun javobgar bo‘ladi.

Bunday yerlar bo‘yicha aniq ma’lumotlarni Agroplatformaga kiritish rejalashtirilgan. Aholi va fermerlar sifatli urug‘ tanlash, dori va o‘g‘itni to‘g‘ri qo‘llash, mahsulotni sifatli saqlashga o‘rgatiladi.

Bu sa’y-harakatlarni rag‘batlantirish maqsadida dala chetini samarali ishlatgan fermerlarga tadbirkorlar reytingida qo‘shimcha ball hisoblanadi, ichki fitosanitar sertifikati bir yil davomida bepul beriladi.

Fermerning barcha yerlari uchun yer solig‘ini ikki yilga bo‘lib to‘lashga ruxsat etiladi.

“Oilaviy tadbirkorlik” dasturidagi 100 million so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashgan tizimda ajratiladi.

Dala chetlari hisobi, yetishtirilgan mahsulot hajmi “e-Fitouz” portali orqali nazorat qilib boriladi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, har bir mahallada kamida 100 tadan xonadonga limon, uzum ko‘chati tarqatish, ko‘chalar va ko‘p qavatli uylar atrofida aholining tashabbuslari asosida kamida 10 million tup uzum ekish muhimligini ta’kidladi.

O‘simliklar o‘sib, hosilga kirguncha Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi barcha agrotexnik tadbirlarga ko‘maklashadi. Mahsulotlarni sotib olish uchun mahallalar eksportchi korxonalarga bog‘lanadi.

Sayxunobod tajribasi asosida 164 ta qishloq tumanlarining 4 tadan mahallasiga minitexnika berilishi belgilandi. Kim minitraktorda xizmat ko‘rsatsa, o‘zini o‘zi band qilgan bo‘ladi va ularga mamlakatda chiqadigan texnika uchun 30 million so‘mgacha garovsiz kredit beriladi.