Gruziya politsiyasi maxsus vositalar, jumladan, vodomyotlar yordamida namoyishchilarni Tbilisidagi parlament binosidan siqib chiqardi. Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni 2028-yilgacha kechiktirishga qaror qilganidan keyin navbatdagi yirik aksiya boshlandi.
Tbilisida namoyishchilar bir vaqtning o‘zida bir nechta joylarda, jumladan, hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi idorasi va Rustaveli prospektidagi parlament oldida to‘plandi, deb yozadi BBC rus xizmati.
Aksiyada minglab odamlar ishtirok etdi. Kechqurun politsiya va maxsus kuchlar namoyishchilarni haydashga kirishdi, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlardan foydalandi, shuningdek, namoyish ishtirokchilarini ushladi.
Gruziya Ichki ishlar vazirligi “parlament binosi oldidagi namoyish qonunda belgilangan me’yorlardan oshib ketganini” ma’lum qildi.
“Manifestatsiya ishtirokchilari huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga jismoniy qarshilik ko‘rsatib, og‘zaki tarzda haqorat qildi. Ularga qarata turli buyumlar otilgan, oqibatda IIVning uch nafar xodimi jarohatlangan. Ulardan 2 nafari tibbiyot muassasasiga yetkazilgan. Politsiyachilar vaziyatni yumshatish uchun qonunda belgilangan choralarni ko‘rdi va maxsus vositalarni qo‘lladi”, — deyiladi politsiya xabarida.
Tbilisi markazidagi voqealarni yorituvchi jurnalistlar huquq-tartibot idoralari harakatlaridan jabr ko‘rgani aytilmoqda. Jabrlangan xodimlar haqida, xususan, “Publika” nashri, “Pirveli” telekompaniyasi, Gruziyadagi “Ozodlik radiosi” xizmati va Rossiyaning “RIA Novosti” agentligi xabar berdi.
“Ozodlik radiosi” xizmati xabariga ko‘ra, jabrlanganlar orasida 20 ga yaqin kishi bor.
Tundagi norozilik namoyishi paytida 43 kishi qo‘lga olindi, deb xabar berdi Gruziya Ichki ishlar vazirligi. IIV hisobotida, shuningdek, miting davomida 32 nafar politsiya xodimi jarohatlangani aytiladi.
“Men o‘z ishini bajarib, sodir bo‘layotgan voqealar haqida uzluksiz xabar berib, asossiz hujumlarga uchrayotgan Gruziya ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlayman”, — deb yozdi Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili o‘zining X sahifasida. Uning o‘zi ham namoyishlarda qatnashdi.
Hokimiyatdagi “Gruzin orzusi” partiyasining Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarni keyinga qoldirish haqidagi bayonotini bosh vazir deputatlar mamlakatning yangilangan hukumatini tasdiqlaganidan bir necha soat o‘tib o‘qib eshittirdi. Muxolifat yangi parlamentning qonuniyligini tan olgani yo‘q.
Payshanba kuni Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze “Yevropa siyosatchilari va byurokratlarining bir qismi” Gruziyadagi parlament saylovlariga aralashganini ta’kidladi.
“Bugun biz 2028-yil oxirigacha Yevropa Ittifoqi bilan muzokaralarni boshlash masalasini kun tartibiga qo‘ymaslikka qaror qildik. Shuningdek, 2028-yil oxirigacha biz Yevropa Ittifoqidan har qanday budjet grantlarini olishdan voz kechamiz”, — dedi Kobaxidze.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 2028-yil oxirida Gruziya 2030-yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga iqtisodiy jihatdan tayyor bo‘ladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa Ittifoqining sharqiy yo‘nalishda kengayishi hali ham rejalashtirilmagan, texnik nuqtai nazardan esa muzokaralar boshlanishidan unga qo‘shilishgacha atigi bir yarim-ikki yil kerak bo‘ladi.
Mamlakat o‘tgan yilning dekabr oyida Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomini olgandi, ammo xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risidagi qonun (“xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonun”) qabul qilingandan so‘ng, Yevropa Ittifoqi vakillari Gruziyaning ittifoqqa a’zo bo‘lish jarayoni amalda to‘xtatilganini e’lon qildi.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Gruziya rasmiylari bilan aloqalarni qisqartirish va demokratiyadagi chekinish tufayli Tbilisiga moliyaviy yordam ko‘rsatishni to‘xtatganini bildirdi.