Shveysariyaning Lombard Odier xususiy banki va uning sobiq xodimi Shveysariya federal prokurori tomonidan jinoiy daromadlarni legallashtirishda ayblanmoqda, deb yozdi Financial Times.
Prokuror juma kuni taqdim etilgan ayblovda mamlakatning eng mashhur moliya institutlaridan biri bo‘lgan Lombard Odier ko‘p yillar davomida O‘zbekiston birinchi prezidenti Islom Karimovning qizi Gulnora Karimovaning jinoiy faoliyatini yashirishga yordam berishda “hal qiluvchi rol” o‘ynaganini ta’kidladi. Ammo Lombard Odier bu ayblovlarni rad etmoqda.
Bankning sobiq xodimi 2008 va 2012-yillar oralig‘ida Lombard Odier`ning “xususiy mijozlar” bo‘limida ishlagan va to‘qqizta bank hisobvarag‘ini ochgan yoki ochishni tashkil qilganlikda gumon qilinmoqda.
Shveysariya prokurorlarining ta’kidlashicha, Karimova va yana bir shaxs 2005 va 2012-yillar oralig‘ida Shveysariyada The Office deb nomlanuvchi jinoiy tashkilotda (bu tashkilot haqida batafsil ma’lumot bu yerda) ishtirok etganlikda va daromadlarni yuvishda gumon qilinmoqda, bu holatlarda katta miqdordagi pul mablag‘lari o‘zlashtirilgani aytiladi.
O‘tgan yili Shveysariya Bosh prokuraturasi tomonidan ish markazidagi jinoiy tashkilotda ishtirok etganlikda ayblanib, sudga tortilgan Karimova bilan zudlik bilan bog‘lanish imkoniyati bo‘lmagan. U ilgari bu ayblovlarni rad etgan edi, deb ta’kidladi Reuters.
Tekshiruvlar ayblov xulosasiga ko‘ra, Shveysariyada yuvilgan pullarning bir qismi Jenevadagi Banque Lombard Odier & Cie SA`dagi bank aloqalari orqali o‘tkazilgan degan shubha tasdiqlandi, deb yozmoqda SWI swissinfo.