Toshkent shahrida o‘zi bilan birga yashab kelayotgan ayolning 3 yoshli bolasini pichoqlab o‘ldirgan erkak 24 yilga ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda Oliy sud axborot xizmati xabar qildi.

2024-yil 9-iyul kuni 30 yoshli erkak qonuniy nikohdan o‘tmasdan yashab kelgan ayol bilan o‘zaro janjallashgan. Oqibatda u ayolning birinchi turmushidan bo‘lgan 3 yoshli o‘g‘il farzandiga pichoq bilan bir necha marotaba jarohat yetkazgan. Shundan so‘ng erkak hodisa joyidan yashiringan. Bola shifoxonaga olib kelingunga qadar vafot etgani haqida xabar bergandik.

29-noyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudida S.M.ga (erkak, 1993-yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan) oid jinoyat ishini birinchi instansiyasida ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlanib, sud hukmi e’lon qilindi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining sudyasi S. Abdug‘aniyev raisligida ko‘rib chiqildi.

E’lon qilingan sud hukmiga muvofiq S.M. Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi “v”, “j” bandlari (Aybdorga ayon bo‘lgan ojiz ahvoldagi shaxsni o‘ta shafqatsizlik bilan o‘ldirish), 25,97-moddasi 2-qismi “b”, “g”, “j”, “r” bandlari (Homiladorligi aybdorga ayon bo‘lgan ayolni; o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan shaxsni yoki uning yaqin qarindoshlarini o‘ta shafqatsizlik bilan takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan o‘ldirishga urinish), 219-moddasi 2-qismi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) va 251−1-moddasi 3-qismiда (Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi yoxud zaharli moddalarni o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish yoxud ularni o‘tkazish maqsadida tayyorlash yoxud qayta ishlash uchun asbob-uskunalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish, jo‘natish yoki o‘tkazish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, unga Jinoyat kodeksining 59-moddasi tartibida 24 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Shu bilan birga Jinoyat kodeksining 50-moddasi 9-qismiga asosan sudlanuvchiga tayinlangan jazoning dastlabki 4 yilini turmaga qamash tariqasida va qolgan qismini qattiq tartibli koloniyalarda o‘tattirilish belgilandi.

Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi.