Bir necha kun kuzatilgan juda iliq va quruq ob-havodan so‘ng O‘zbekistonga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi boshlandi, deya xabar bermoqda O‘zgidromet agentligi.

Dam olish kunlari respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. Ayrim joylarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.

O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 29-noyabr-1-dekabrda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib keladi.

Havo harorati asta-sekin pasayadi. Juma kuni kunduzi harorat +10…+15 darajagacha, yakshanba kuni esa +3…+8 darajagacha pasayadi. Respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayishi mumkin.

Toshkent shahrida 29-noyabr-1-dekabr kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 1-dekabrda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Shanba kuni +7…+9 daraja, yakshanba kuni +5…+7 daraja bo‘ladi. Harorat asosan kechalari +5…+7 daraja bo‘ladi.

Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan birozdan o‘rtacha tezlikkacha esadi.