Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-noyabr kuni “Temiryo‘l transporti to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

Amaldagi qonun 1999-yilda qabul qilingan va davr talabirag javob bermaydi, undagi ko‘plab tushunchalarning ma’nosi eskirgan yoki qonunda o‘z aksini topmagan, deyilgandi Senat majlisida. Yangi hujjat “temiryo‘l transporti tizimini zamonaviy bozor modeli talablariga muvofiq aks ettiradi”.

Qonun iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, transport sohasida ishbilarmonlik faolligi uchun shart-sharoit yaratish, xorijiy sarmoyalarni keng jalb etish va temiryo‘l transporti sohasida xalqaro hamkorlikni takomillashtirishga qaratilgan.

Hujjatga 17 ta yangi tushuncha, jumladan, yangi tahrirdagi “temiryo‘l transporti”, shuningdek, “vagonlar (konteynerlar) operatori”, “qo‘l yuki”, “umumiy foydalanishdagi temiryo‘l transporti infratuzilmasi operatori” va boshqa tushunchalar kiritilgan. Shu bilan birga, temiryo‘l transporti endi umumiy foydalanishdagi va umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘l transportiga bo‘linadi.

Bundan tashqari, umumiy foydalanishdagi temiryo‘l infratuzilmasidan foydalanish tartibi va infratuzilma operatori faoliyati, shuningdek, tashuvchilarning huquq va majburiyatlari tartibga solinadi.

“Vagon (konteyner) operatori” tushunchasining joriy etilishi temiryo‘l transporti xizmatlari bozorida raqobatni rivojlantirish, texnik va texnologik resurslarni tugatgan vagonlar parkini yangilash uchun xususiy investitsiyalarni jalb qilish zarurati bilan bog‘liq.

Bugungi kunda infratuzilma, temiryo‘l transporti va boshqa vositalarning mulkdorlari (egalari) 43 dan ortiq vazirlik va idoralar, ularning korxonalari, shuningdek, ushbu sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar hisoblanadi. Ularning barchasi tashuvlar jarayonida bevosita ishtirok etib, temiryo‘l transporti obyektlarining xavfsiz ekspluatatsiyasi va tashish xavfsizligini ta’minlashga majbur.

Qonunda temiryo‘l transportida xavfsizlikka qo‘yiladigan asosiy talablar nazarda tutilgan bo‘lib, tashish xavfsizligini ta’minlash uchun javobgarlik transport jarayonini ta’minlovchi korxonalar va tashuvchilarga yuklanadi.

Qonun bilan tashuvchilar temiryo‘l transporti tariflarini bozor tamoyillari asosida (davlat tomonidan tartibga solishni davom ettiradigan poyezdlar uchun tariflar bundan mustasno) mustaqil ravishda belgilash imkoniyatiga ega bo‘ladi. Xususan, yuk vagonlarini taqdim etish, tezyurar va tezkor poyezdlarda yo‘lovchi tashish xizmatlari narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatiladi, bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmi joriy etiladi.

Qonunga yangi moddalar, jumladan, temiryo‘l tashuvchisiga yetkazilgan yo‘qotishlar va zararlarni qoplash bilan bog‘liq qoidalar kiritilgan. Xususan, narxlari davlat tomonidan tartibga solinadigan muntazam poyezdlar bilan ichki tashishlarda ko‘rilgan zararlarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplash tartibi joriy etilmoqda (yo‘lovchilarni tezyurar va yuqori tezlikdagi poyezdlarda tashish bundan mustasno).

Davlat ichki qatnovlarda transport va umumiy foydalanishdagi yo‘llar doirasida quyidagi xizmatlarga tariflarni tartibga soladi:

  • temiryo‘l transporti infratuzilmasi xizmatlari;
  • lokomotiv tortish xizmatlari;
  • yo‘lovchilarni tashish (yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlardan tashqari).

Tartibga solinadigan tariflar iqtisodiy asoslanganlik (tannarx, zararsizlikni ta’minlovchi zarur foyda, shuningdek, korxonani saqlash, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transportini rivojlantirish va modernizatsiya qilish xarajatlari), shaffoflik va bashorat qilinuvchanlik, raqobat muhitini rivojlantirishni ta’minlash hisobga olingan holda shakllantirilishi lozim.

O‘zbekiston ichida yuk tashishda chegirmalar taqdim etilmaydi, xalqaro tashishlar uchun esa ular xalqaro shartnomalar doirasida belgilanadi. Loyiha bosqichida Vazirlar Mahkamasining yuk tashishning ayrim turlariga chegirmalar taqdim etishi mumkinligi taklif qilingandi.

Qonunda temir yo‘l infratuzilmasini rivojlantirishga investitsiyalarni jalb etishning aniq yo‘nalishlari belgilanib, umumiy va umumiy bo‘lmagan foydalanishdagi temir yo‘llarni, shuningdek vokzallarni qurish va rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish manbalari aniq ko‘rsatilmoqda.

Temiryo‘llarga tegishli obyektlar va yer uchastkalarini (vokzallar, harakatlanuvchi tarkib, umumiy va umumiy bo‘lmagan foydalanishdagi temir yo‘l transporti) davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida qurish, modernizatsiya qilish va boshqarish uchun xususiy biznesga berishga ruxsat beriladi. Ushbu obyektlar konsessiya yoki DXSH shartnomasining amal qilish muddatiga ijara, egalik qilish yoki foydalanish huquqi asosida beriladi.

Umumiy foydalanishda bo‘lmagan temiryo‘llarning egalari (tarmoq egalari) pulli asosda vagon va konteynerlarni o‘tkazish, to‘xtash, topshirish-tozalash, qabul qilish, yuklash-tushirish, berish, manyovr ishlari va boshqa operatsiyalarni amalga oshirishlari mumkin. Ushbu xizmatlar uchun to‘lov raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Konstitutsiyaning 19-moddasiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida yo‘lovchilarning ayrim toifalariga yiliga bir marta temiryo‘lda bepul sayohat qilish huquqi joriy etilgan (21-modda).

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi va Transport inspeksiyasining vakolatlari belgilanmoqda.

Hokimiyatning ijro etuvchi organi sifatida Vazirlar Mahkamasi, mahalliy hokimiyat organlari sifatida hokimiyatlar, davlat boshqaruvi organlari sifatida Transport vazirligi va Transport nazorati inspeksiyasi, umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti sohasidagi xo‘jalik organi sifatida esa “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ faoliyat yuritadi.

Senator Qobul Tursunovning ta’kidlashicha, qonunning qabul qilinishi yo‘lovchilarni davlat tomonidan tartibga solinadigan tariflar bo‘yicha tashishdan ko‘rilgan yo‘qotishlarni qoplash uchun 2025-yilda davlat budjetidan 1,7 trillion so‘m miqdorida qo‘shimcha xarajatlarni talab qiladi.

Bundan tashqari, tashuvchilar, vagon operatorlari va infratuzilma faoliyatidagi davlat ulushi bo‘yicha, shuningdek, vokzallar xo‘jalik faoliyatidan davlat budjetiga to‘lanadigan dividendlarni o‘z ixtiyorida qoldirishga ruxsat beriladi. Biroq buning uchun mablag‘larni temir yo‘l transporti obyektlarini rivojlantirishga yo‘naltirish zarur.

Qonunda mehnat munosabatlari, intizom va temiryo‘l transporti xodimlari uchun kafolatlar to‘g‘risidagi normalar ham bayon etilgan.

30-modda (tashuvchining zararlarini davlat budjetidan qoplash to‘g‘risida) 2025-yil 1-yanvardan, qolgan barcha 56 ta modda olti oydan keyin (29-may) kuchga kiradi.

Avvalroq “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” O‘zbekistonda poyezd chiptalari yetishmovchiligi vagonlar taqchilligi bilan bog‘liqligini aytgandi — so‘nggi besh yil ichida ularning soni 102 taga kamaygan. 2026-yil oxiriga kelib kompaniya yangi intererga ega 100 dan ortiq vagon sotib oladi, oktabr oyida esa Toshkent-Buxoro poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.