Ukrainaning harbiy asirlar bilan ishlash bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi shtabi xabariga ko‘ra, repatriatsiya tadbirlari natijasida Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya-Ukraina urushi paytida halok bo‘lgan 502 nafar harbiy xizmatchisining jasadi Ukrainaga qaytarildi.
Bunda Donetsk yo‘nalishida halok bo‘lgan Ukraina Qurolli kuchlarining 397 nafar askari, Lugansk yo‘nalishidagi 24 nafar, Zaporoje yo‘nalishidagi 64 nafar harbiy xizmatchi, shuningdek, Rossiya hududidagi o‘likxonalardan 17 nafar askarning jasadi vataniga yuborildi.
Rossiya rasmiylari hozircha bu tadbir haqida rasman xabar bermadi. “Voyenniy osvedomitel” kanalining yozishicha, Ukrainadan 48 nafar rossiyalik harbiyning jasadi qaytarilgan. Rossiyalik jurnalist Aleksandr Kots esa “Kiyev dastlab kelishilganidek 48 ta jasad emas, balki 52 nafar halok bo‘lganni topshirdi”, deb xabar berdi.
Bundan oldin Rossiya va Ukraina o‘rtasida halok bo‘lgan harbiylarning jasadlarini almashish 8-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda Ukraina tomoniga 563 nafar, Rossiya tomoniga 37 nafar halok bo‘lgan harbiy xizmatchining jasadi topshirilgan.