Toshkent shahar “Sharoit Plyus” nogironlar jamoat birlashmasi tashabbusi bilan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida, “Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun kreativ industriya yo‘nalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish” loyihasi amalga oshirildi. Loyiha doirasida fotografiya, SMM, videomontaj kurslari tashkil etilib, har bir kursda nogironligi bor 10 nafardan tinglovchi uch oy davomida ta’lim oldi, amaliyot o‘tadi, ba’zilari hatto ish boshladi ham.
“Sharoit Plyus” kengashi a’zosi Dilmurod Yusupov nogironligi bo‘lgan shaxslarning yillar davomida faqat bir xil — qo‘l mehnatiga yo‘naltirilgan kasblarda o‘qitilishini tanqid qilib keladi. Uning ta’kidlashicha, nogironligi bor ayollarga nuqul tikuvchilik, erkaklarga esa maishiy texnika yoki poyabzal ta’mirlovchisi kabi, aksariyati zamonaviy texnologiyalar va sun’iy idrok davrida eskirgan kasblar taklif etiladi. Mutaxassis “Nogironligi bo‘lgan yoshlar uchun kreativ industriya yo‘nalishlarida kasb-hunar kurslarini tashkil etish” loyihasini esa aynan shu muammoni hal qilishning kichik bir yechimi, deb hisoblaydi.
“Sharoit Plyus” rahbari Muhabbat Rahimova ham shunday fikrda. Uning ta’kidlashicha, bu kurslar, avvalo, nogironligi bo‘lgan yoshlarning kreativ qobiliyatlarini rivojlantiradigan zamonaviy kasblarga o‘qitish, shuningdek, nogironligi bor shaxslarning yutuqlari, muammolari, jamiyatda duch keladigan to‘siqlarini o‘zlari yoritishiga imkoniyat berish maqsadida tashkil etilgan. Chunki bunday yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitishi mumkin bo‘lgan aksariyat nodavlat ta’lim muassasalarida bo‘lganlar uchun sharoit yo‘q, shuningdek, o‘qish ham nisbatan qimmat.
“Jamiyatda o‘rnimizni topish uchun biz shu jamiyatga qarab yurishimiz kerak. Bizga nima qilib berishdi, deb emas, biz nima qila olamiz, degan shior bilan yashashimiz kerak. Shundagina jamiyat bizni to‘laqonli qabul qiladi”, — dedi Muhabbat Rahimova loyihaning oktabr oyida bo‘lib o‘tgan sarhisob marosimida.
Yoshlar ijod saroyida bo‘lib o‘tgan tadbir doirasida fotografiya kursi bitiruvchilarining fotoko‘rgazmasi ham o‘tkazildi.
Kurslar haqida
393,4 mln so‘mlik loyiha doirasida dastlab videomontajga yaroqli 10 ta kompyuter jamlanmasi stol-stullari bilan birga sotib olingan, yuqori tezlikdagi internet ta’minoti tashkil etilgan. Texnika va jihozlar “Sharoit Plyus”ning ofisiga joylashtirilgan va u nogironligi bo‘lgan kishilar uchun Kovorking markaziga aylantirilgan.
Shundan so‘ng kurs ishtirokchilari uchun tanlov e’lon qilingan. “Sharoit Plyus” hozircha faqat Toshkent shahrida faoliyat yuritayotgani uchun arizalar ham poytaxtdan, uzog‘i Toshkent viloyati yoshlari orasidan qabul qilingan. Har bir kursga o‘rtacha 50 dan ziyod ariza kelib tushgan.
“Loyiha natija berishi uchun nomzodlar nafaqat kurslarga qiziqishi, balki o‘rganganlarini keyinchalik amalda qo‘llay olishi, shu sohadan ish topib ketish salohiyatiga ega bo‘lishi kerak edi. Uchala kursning har biriga shu mezonlarga mos, intiluvchan 10 nafardan nomzodni saralab oldik”, — deydi Dilmurod Yusupov.
Kurs kuratorlari (o‘qituvchilari)ni tanlash jarayonida esa inklyuziya sohasida faol bo‘lgan, nogironligi bo‘lgan insonlarga empatiyasi va shunday insonlarga dars o‘tishga hafsalayu xohishi bor nomzodlarga ustuvorlik berilgan. “Bu jarayon ham og‘ir kechdi. Chunki nogironligi bo‘lgan yoshlar bilan ishlashga xohishi yo‘q, shunchaki pul ishlash payida yurganlar ham duch kelishi mumkin edi”, — deydi Yusupov.
Darslar iyul oyida boshlangan. Nogironligi bo‘lgan yoshlarning darslarga kelib-ketishi uchun transport xarajatlari ham loyiha budjetidan qoplab berilgan.
Fotografiya kursi
Fotografiya kursiga fotorassom Husniddin Ato kuratorlik qilgan.
Husniddin Ato — fotograf, dokumentalist, Rassomlar uyushmasi a’zosi, “Oxus Culture” madaniyat tashkiloti rahbari, fotojurnalistikaga ixtisoslashgan O‘zbekistondagi ilk nodavlat agentlik — “PressPhoto.uz” asoschisi. U avvalroq eshitishda nuqsoni bo‘lgan yoshlar uchun mo‘ljallangan maxsus fotografiya kursini ochgandi. O‘shanda 10 ga yaqin yoshlar 1,5 yil mobaynida Husniddin Atodan o‘rganib, suratlari kurs oxirida Toshkent Fotosuratlar uyida ko‘rgazmaga ham qo‘yilgandi.
Birinchi darsda britaniyalik zaif eshituvchi taniqli fotograf Stiven Iliffe tomonidan mahorat mashg‘uloti o‘tkazilgan. U dunyo bo‘ylab turli kasb-hunarga ega bo‘lgan kar va zaif eshituvchi insonlarning hayotiy hikoyalarini ko‘rsatuvchi Deaf Mosaic loyihasi asoschisi ham hisoblanadi.
Kurs doirasidagi nazariy mashg‘ulotlar “Sharoit Plyus” binosi, Toshkent Fotosuratlar uyi va Respublika bolalar kutubxonasida o‘tkazilgan. Amaliy mashg‘ulotlar esa Oloy bozori, Botanika bog‘i, Hazrati Imom majmuasi va uning atrofidagi mahallalarda, Moviy gumbazlar maydoni, Seoul Moon majmuasi, “Navro‘z” etnografik bog‘i va fotostudiyada bo‘lib o‘tgan.
Husniddin Ato nogironligi bor insonlar jamiyatda o‘rnini topishi uchun ularga ishonish, biroz tirgak bo‘lishning o‘zi kifoya, deb hisoblaydi. U bunga nogironligi bo‘lgan shaxslarga mo‘ljallangan o‘zining ikki kursida ham guvoh bo‘lgan.
“Bu kurs davomida ham nogironligi bor kishilar orasida iste’dodlar borligi va ularga quvvatlov yetishmasligiga yana bir bor amin bo‘ldim. Qo‘llash nafaqat shunday kurslarni tashkil etish, balki fototexnika bilan ta’minlash borasida ham bo‘lishi kerak. Busiz ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga yordam berolmaymiz, qolaversa, o‘z o‘rinlarini topishlari ham mushkul bo‘ladi. Shogirdlarim hozir mening ish qurollarim, texnikalarimdan foydalanyapti. Lekin bu yetarli emas. Qolaversa, ular qo‘ldan-qo‘lga o‘taverib ancha eskirib ham qolgan”, — deydi fotorassom.
Toshkentlik 28 yoshli Mariya Malinovskaya — Husniddin Ato kuratorlik qilgan fotografiya kursi bitiruvchilaridan. U uch yoshida meningitdan davolanish vaqtida shifoxonada bir nechta ukol olgach, eshitish qobiliyatini yo‘qotgan. Oilali, ikki nafar farzandning onasi bo‘lgan o‘zini har xil sohalarda sinab ko‘rishni, turli kurslarga qatnashni yaxshi ko‘radi. Fotografiya kursi davomida u fotoreportaj janrida ishlashni yoqtirib qolgan. Yaqinda “Gazeta.uz”da Mariyaning shu janrdagi ilk ishi ham e’lon qilindi.
Aslida Mariyaga boshida fotografiya kursi ko‘p ham qiziq ko‘rinmagan. “Bir rasm darsi ekan-da”, deb, jiddiy ahamiyat bermay ariza to‘ldirgan. Lekin mashg‘ulotlar davomida turli joylar va tadbirlarga borib, fotografiyani sevib qolganini tan oladi. O‘zining barcha injiqliklariga qaramay, unga bilim bergan Husniddin Ato va shu kursni uyushtirgan hammadan minnatdorligini ta’kidlaydi.
“Kursda imo-ishora tili tarjimoni borligi uchun biz materiallarni qiyinchiliksiz o‘zlashtirdik. Amaliyot paytida, xususan, boshqa bir fotograf bilan suratga olish jarayonida ba’zi odamlar oldimga kelib, nimadirlar der, ammo men ularni tushunolmasdim. Ularga to‘g‘risini aytib, eshitmasligimni tushuntirishga harakat qilardim. Men bilan muloqot qilmoqchi bo‘lganlardan so‘zlarini yozib berishni yoki Google Tarjimondan foydalanishni so‘rayman. Bu muammoli vaziyatni oson hal qilish va muhim lahzalarni o‘tkazib yubormaslikka yordam beradi”, — deydi u.
Mariya nogironligi bo‘lgan insonlar uchun mo‘ljallangan inklyuziv kurslar ko‘proq bo‘lishi kerakligini aytadi. Uning fikricha, bunday kurslar nogironligi bo‘lgna kishilarga jamiyatning bir qismi bo‘lish, ko‘nikma va qiziqishlarini rivojlantirish, ularning o‘ziga bo‘lgan ishonchini oshirish va stereotiplarni kamaytirish imkonini beradi.
Suratga olish paytida Mariya uchun eng jozibali narsa — voqealar dinamikasi va reportaj suratlari orqali ifodalash mumkin bo‘lgan muhit hisoblanadi. Masalan, ko‘rgazmalarda odamlarning san’at bilan o‘zaro ta’siri, ularning hissiyotlari va taassurotlarini ushlashni yaxshi ko‘radi. Sport tadbirlari esa energiyasi va tarangligi bilan uni jalb qiladi.
“Men musobaqa ruhini ifodalovchi muhim lahzalarni suratga olishga intilaman. Muhimi — harakatlarni faqatgina suratga olish emas, balki har bir kadr orqali hikoya qilishdir. Shunda tomoshabin ham xuddi o‘sha muhitni his qilishi mumkin”, — tushuntiradi yosh fotograf.
Mariya kurs amaliyoti davomida olgan suratlarining ko‘rgazmaga qo‘yilganidan juda xursand bo‘lgani, bu uni oldinga harakat qilishga ilhomlantirganini ta’kidlaydi. U ko‘nikmalarini rivojlantirish va o‘z uslubini topish uchun turli yo‘nalishlarda tajriba o‘tkazishni rejalashtiryapti.
SMM kursi
SMM kursiga Inara Asanova kuratorlik qildi.
Inara Asanova — digital-marketing va menejment sohasida katta tajribaga ega mutaxassis. Hozirda bir kompaniya va bir brendda PR va digital kommunikatsiyalar bo‘yicha mutaxassiss bo‘lib ishlaydi
Uch oy davom etgan kurs doirasida 8 ta nazariy, 14 ta amaliy mashg‘ulot o‘tkazilgan. Shuningdek, raqamli marketing bo‘yicha mutaxassis Nilufar Kamolova ham mehmon-spiker sifatida qatnashgan. Qayd etish joiz, bu Inara Asanova uchun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun tashkil etilgan ilk o‘quv loyihasi bo‘ldi, shu bois uning o‘zi ham avvaliga biroz qo‘rqqan. Ammo sohani nogironligi bo‘lganlar ham o‘rgana olishi va unda bemalol ishlay olishini isbotlash uchun ham ortga chekinmagan.
Inara avvalgi tajribalaridan yangisining farqini tushuntirar ekan, eng qiyin jarayon dars materiallarini tayyorlash va tushuntirish uchun kerakli resurslarni yig‘ish bo‘lganini aytadi. Qolaversa, ma’lumotlarni yetkazish ham nogironlik turiga qarab farq qiladi. Inara eshitishda nuqsoni bo‘lgan ishtirokchilarga ko‘proq matnli, ko‘rishida nogironligi borlarga esa, aksincha, audioli materiallarni taqdim etgan.
“Nogironligi bo‘lmagan kishilar ma’lumotlarni tez qabul qilib, qisqa vaqtda o‘rganishi mumkin. Nogironligi bo‘lganlar esa ko‘p ma’lumotli materiallar bilan ishlayotganida charchashi, fiziologik sabablar tufayli ma’lumotni tez unutishi yoki diqqatni jamlay olmasligi mumkin. Shu bois ularga ma’lumotlarni qisqa, bo‘lib-bo‘lib bergan foydaliroq. Lekin bu yuzaki bo‘lmasligi, ayni vaqtda to‘laqonli va tushunarli bo‘lishi kerak. Qayta tushuntirishni so‘rashganida ham sabr bilan yondashish kerak. Yordamchim bo‘lishiga qaramay, birinchi darsdayoq ularning har biriga individul yondashishim kerakligini tushungandim”, — deydi kurs kuratori.
Zamonaviy kasblar masofadan ishlash imkoniyati borligi hamda yaxshi haq to‘lanishi bilan nogironligi bori insonlar uchun qulay hisoblanadi. Kurs davomida Inaraning “Nogironlik to‘siq emas!” degan fikri yanada mustahkamlangan, nogironligi bo‘lgan kishilar dunyoni boshqalardan farqli ko‘radi va kreativ g‘oyalarni ham ko‘proq berishi mumkin, degan xulosaga kelgan.
Inara kurs boshidagi qo‘rquvi va maqsadini eslarkan, “menimcha, biz buni uddaladik — mehnat bozoridagi mutaxassis sifatida aytishim mumkinki, ular nafaqat bozorga kirib borishi, balki yuqori baholanadigan kadrga aylanib, kasbiy muvaffaqiyatlariga ham erishishlari mumkin”, deydi. Kurs bitiruvchilaridan Nargiza Arziyeva, Sevara Mirxo‘jayeva va Zahro Alimqulova hozir “Sharoit Plyus”ning turli bo‘limlarida amaliyot o‘tayapti.
27 yoshli Murod Egamov ham shu kursni tamomlagan. U Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidan. U tayanch harakatidagi nuqson bilan tug‘ilgan. Nogironligi bor bolalar uchun ixtisoslashtirilgan kollejning kompyuter yo‘nalishini bitirgan. Hozir “Sharoit Plyus”da a’zolar bilan ishlovchi koordinator hisoblanadi.
Murod avval ham nogironligi bo‘lmaganlar bilan birga SMM kursida o‘qigan. Lekin Inara Asanovaning inklyuziv atmosferadagi mashg‘ulotlarida o‘zini ancha erkin his qilganini aytadi.
“Ko‘plab davlat tashkilotlariga ish arizasi berganman. Afsuski, meni yo qabul qilishmas, yoki sharoitlari to‘g‘ri kelmasdi. Masalan, ishlashim mumkin bo‘lgan joy binoning 2- yo 3-qavatida bo‘lar, ammo lifti yo‘q edi. SMM esa masofadan turib ishlash mumkinligi uchun ham bizga qulay”, — deydi u.
Murod olgan bilimlarini amalda qo‘llay boshlagan, xususan, Instagram’da “Inlyuziv O‘zbekiston” akkauntini ochgan. Bir safar AQSh elchixonasi o‘zining bir postini uning akkaunti bilan kollaboratsiya (hamkorlikda tayyorlangan material) ham qilgan. Bu esa Murodni yanada ruhlantirgan. U postlarining ko‘rishlar soni oshayotgani va obunachilari ko‘payayotganini ham alohida ta’kidlaydi.
U kelgusida inklyuziyaga oid shaxsiy blogini ochish va unda O‘zbekistondagi nogironligi bor shaxslarning hayotini yoritishni rejalashtiryapti. Blog orqali u nogironligi bor kishilar duch keladigan to‘siqlarni batafsil ko‘rsatib berish va ularni bartaraf etishga o‘z hissasini qo‘shmoqchi.
Videomontaj kursi
Videomontaj kursiga O‘zbekiston milliy teleleradiokompaniyasi va “Turon” teatr-studiyasi rejissyori bo‘lib ishlagan Ulug‘bek O‘rinov kuratorlik qildi.
Uning kursida yoshlar operatorlik, montaj, rejissura, ssenariynavislik, aktyorlik mahoratidan saboq olgan, darslarda barcha vazifalarni o‘zlari bajarib, qisqa metrajli filmlar suratga olishga ham ulgurishgan. Ulug‘bek O‘rinov kurs ishtirokchilari ijtimoiy tarmoqlarda juda faolligi, o‘z sahifalari orqali anchadan beri inklyuziya mavzusini yoritib kelishlaridan hayron qolganini tan oldi.
“Uch-to‘rt oy qisqa vaqtdek ko‘rinishi mumkin, lekin ular uchun ham shaxsiy rivjlanish, ham kelgusidagi iqtisodiy holati uchun juda foydali bo‘ldi, deb o‘ylayman. Fikrlari teran, ancha qat’iyatli, mehnatkash yoshlar ekan. Ularga mashg‘ulot vazifalaridan tashqari yaxshi asar yaratishga yordam beradigan film va kitoblarni ham tavsiya qilib borarkanman, vaqt o‘tishi bilan ularda film va boshqa xil videokontentni oddiy tomoshabin emas, balki mutaxassis sifatida tahlil qila olish qobiliyati shakllanayotganini sezdim”, — deydi kurs kuratori.
Tug‘ma maymoqlik tashxisi qo‘yilgan 39 yoshli Nargiza Qodirova videomontaj kursi bitiruvchilaridan biri. O‘zbekiston Milliy universitetining Jurnalistika fakulteti bitiruvchisi ham hisoblangan Nargiza opa hozir UzNews internet-nashrida amaliyot o‘tayapti. U oddiy metallardan milliy va zamonaviy uslubdagi taqinchoqlar yasaydi, “Nargizoda handmand collection” brendi asoschisi, “Hunarmand” uyushmasi a’zosi.
Nargiza opa bunday kursni anchadan beri izlab yurganini, shuning uchun mashg‘ulotlarda ham kuchli ishtiyoq bilan qatnashganini aytadi. “O‘rganganlarim biznesim targ‘ibotini o‘zim olib borishimga imkon berdi. Odatda nogironligi bo‘lgan insonlarning qalbi nozikroq bo‘lgani uchun ulardan yaxshi ijodkor chiqadi. Shuning uchun ham bizga bunday ijodiy kurslar zarur, deb o‘ylayman”, — deydi u.
Muammolar
Loyiha tashabbuskorlari yoshlarga bilim berish bilan birga, qaysidir ma’noda, ularni mehnat bozoriga yo‘nalishtirishni ham maqsad qilgan. Ammo o‘quvchilarni amaliyotga yo‘naltirishda ayrim to‘siqlar yuzaga kelgan.
Dilmurod Yusupovning aytishicha, aksariyat kompaniyalar nogironligi bor insonlar bilan ishlash imkoniyati yo‘qligini ma’lum qilgan, boshqalarining xorijiy tilni bilishga doir talabiga o‘quvchilar mos kelmagan. U bu muammo shu holicha tashlab qo‘yilmasligini, ayni damda ham uning ustida ishlanayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, nogironligi bo‘lgan kishilarning o‘ziga bog‘liq bo‘lgan jihatlar ham bor. Masalan, kurslarga qatnashish mas’uliyati. Loyiha davomida darslarni qoldirish yoki kursdan chiqib ketish holatlari ham kuzatilgan.
“Intizom bo‘lmasa, kurslarni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsadga ham erishilmaydi. Ehtimol, bu tekin narsaning qadri biroz pastligi bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qolaversa, jamiyat nogironligi bo‘lgan kishilarga xayriya qilaverib, hamma narsani ma’lum ma’noda tayyor qilib berishga o‘rgatib ham qo‘ygan. Lekin teng sharoit yaratilgach, shunga mos harakat ham qilish kerak. Ammo bu vaqti-soati bilan yechiladigan masala. Buning ustida ham ishlaymiz”, — deydi Dilmurod Yusupov.
Yangi loyihalar
Toshkent shahar “Sharoit Plyus” nogironlar jamoat birlashmasi bu turdagi yangi loyihalarni amalga oshirishda davom etadi. Masalan, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun mo‘ljallangan moliyaviy savodxonlik kurslari boshlanganiga hali ko‘p bo‘lmadi. Mashg‘ulotlarni ko‘p yillik investorlik tajribasiga ega Ravkat Busakov darslarni ko‘ngilli o‘qituvchi sifatida o‘tib beryapti.
Shuningdek, nogironligi bor kishilarni oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishga tayyorlash kurslari ham davom etyapti. “OTMga kirish uchun nogironligi bo‘lgan insonlarga ajratilgan 2 foizli kvota ko‘pincha to‘lmay ham qoladi. Nogironligi bo‘lgan yoshlar bilimi yetarli sabab eng minimal 58 ballni ham to‘play olmayapti. Shuning uchun mazkur kurslar juda muhim”, — deydi Dilmurod Yusupov.
Birlashma rahbarlari nogironligi bo‘lgan kishilarni ishga joylashtirishga yo‘naltirilgan “Ish Plyus” loyihasi davomida ularning kasbiy tayyorgarligida ham qator kamchiliklar borligini ko‘rgan.
“Ular ishlayman deydi, lekin kompyuterni yaxshi bilmaydi, qo‘lida hunari, ko‘niklamalari yo‘q, ish beruvchilarning talablariga javob bermaydi. Hatto oliy ta’lim ko‘rganlarida ham shu hol kuzatiladi. Albatta, bu umumiy ta’limdagi kamchiliklar oqibati. Ammo bunga ko‘z yumish kerak emas. Shuning uchun uchun ularga ta’lim olish imkoniyatini beruvchi „Ta’lim Plyus“, „Ta’lim markazi“ degan yangi loyihalarni boshlayapmiz”, — deya ma’lum qildi Dilmurod Yusupov.