O‘zbekistonning yangi tayinlangan elchisi Ravshanbek Alimov 29-noyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobodga tashrif buyurdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Ravshanbek Alimov bungacha 2020-yildan buyon Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan edi.

58 yoshli diplomat N.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universitetini, Prezident huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasini, Jorjtaun universitetini (AQSh) tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1990-yilda viloyat darajasida Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi tizimida (hozirgi Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi) boshlagan. Keyin Prezident devoni, bosh vazir kotibiyatida, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligida boshqarma boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.

2002−2008-yillarda esa O‘zbekistonning Ukrainadagi elchisi va o‘rindoshlik asosida Moldovada elchi, shuningdek, Fransiyadagi va o‘rindoshlik asosida Portugaliyada elchi bo‘lib ishlagan.

Ravshanbek Alimov 2008-yildan buyon Moskvadagi elchixonada maslahatchi, markaziy apparatda bo‘lim boshlig‘i va boshqarma boshlig‘i lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. 2020-yilda u senator etib saylangan.

Alimov 2016—2024-yillarda O‘zbekistonning Ashxoboddagi elchisi bo‘lib ishlagan Akmal Qo‘chqorov o‘rniga tayinlandi.