O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish bo‘yicha Xitoy bilan ikki tomonlama muzokaralarni yakunladi. Bu haqda prezidentning JST masalalari bo‘yicha maxsus vakili Azizbek Urunov o‘zining LinkedIn sahifasida ma’lum qildi.

“Pekin shahriga juda qisqa, biroq samarali tashrif bo‘ldi. Xitoy Xalq Respublikasi bilan ikki tomonlama muzokaralar nihoyasiga yetdi”, — deb yozdi u.

Manba: LinkedIn / Azizbek UrunovManba: LinkedIn / Azizbek Urunov

Azizbek Urunov Xitoy Tijorat vazirligi, vazir o‘rinbosari Li Fey, departament direktori Li Defeng va butun jamoaga konstruktiv muloqot uchun minnatdorchilik bildirdi.

“Yil yakuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zoligi bo‘yicha juda mazmunli bo‘lmoqda — ikkita eng yirik global savdo egalari — Amerika va Xitoy bilan muzokaralar yakunlandi. 22 ta mamlakat bilan muzokaralar tugadi, ko‘p qolmadi!”, — deb yozdi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston 2026-yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lmoqchi. Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning JSTga kirishi — chuqur o‘ylangan va uzoqni ko‘zlagan tanlov, qolaversa, islohotlarning ajralmas bir qismi ekanini aytgandi. “Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi”, — degandi u ishbilarmonlar bilan uchrashuvda.

Azizbek Urunov ta’kidlaganidek, O‘zbekiston yaqinda AQSh bilan ikki tomonlama muzokaralarni muvaffaqiyatli yakunladi.

“Umid qilamanki, bu qolgan davlatlar bilan ikki tomonlama muzokaralarni tezlashtirishga turtki beradi. Bizda kam sonli davlatlar qoldi. Muzokaralar olib borishimiz kerak bo‘lgan aksariyat davlatlar bilan jarayonni allaqachon yakunladik. 21 mamlakat bilan muzokaralar allaqachon tugagan. Yana bir necha davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashimiz kerak va 2026-yilda JSTga a’zo bo‘lishni rejalashtirmoqdamiz”, — degandi Azizbek Urunov 6-noyabr kuni Yevropa iqtisodiyoti kunlari doirasidagi tadbirda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Rossiya, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Buyuk Britaniya, Shveysariya va boshqa davlatlar bilan muzokaralarni yakunlashi lozim.