30-noyabr kuni Toshkent shahrida Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE)ning navbatdagi kongressi bo‘lib o‘tdi. Unda rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov federatsiyaning prezidenti etib saylandi.

Kongressda dunyoning 130 dan ortiq davlatidan 280 nafar delegat ishtirok etdi, FIE prezidentligi uchun kurashda Usmonovga Shvetsiya qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Otto Drakenberg raqiblik qildi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Usmonov 120, uning raqibi 26 ta ovoz to‘pladi.

71 yoshli Usmonovning nomzodi oktabr oyi oxirida ilgari surilgandi, deb yozadi RBK. Uni 100 dan ortiq mamlakatning qilichbozlik federatsiyalari qo‘llab-quvvatlagan. Drakenbergning nomzodini esa faqat Shvetsiya qo‘llab-quvvatlagan.

2021-yilning noyabrida Alisher Usmonov uchinchi marotaba Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidentligiga saylangandi. U tashkilotga 2008-yilda rahbarlik qila boshlagan, 2012 va 2016-yillarda qayta saylangan.

2022-yil mart oyida u Yevropa Ittifoqi tomonidan unga qarshi kiritilgan sanksiyalar tufayli o‘z vakolatlarini “adolat tiklanmaguncha” to‘xtatib turishga qaror qilgan. O‘shandan beri FIE prezidenti vazifasini vaqtincha Emmanuel Katsiadakis bajarib kelayotgandi.