Toshkentda 2024-yil yozida mualliflik filmlarini namoyish etishga mo‘ljallangan birinchi ixtisoslashtirilgan maydoncha — “Kinoxona” nomli noodatiy kinoteatr ochildi. Bunday muassasani tashkil etish g‘oyasi mustaqil Tashkent film school kinomaktabida, ushbu maktab asoschilari Mixail Borodin va Yuliya Shaginurova Toshkentda mualliflik va festival filmlarini nuqul kafe, kovorking yoki boshqa shunga o‘xshash, kino tomoshasiga moslashtirilmagan binolarda ko‘rish to‘g‘ri kelishini tushunib yetganida paydo bo‘lgandi.
“Kinoni yaxshi ko‘raman va men uchun filmlarni kinozalda, sifatli tasvir, ovoz va muhitda tomosha qilish muhim. Toshkentda kinoteatrlari asosan blokbasterlarni namoyish etadi, prokatda festival filmlari, mualliflik kinolari va klassika deyarli yo‘q. Shaharda „nostandart“ filmlarni aylantiradigan bir necha kinoklub bor, ammo ular bu ishni noqulay sharoitlarda qiladi. Shuning uchun ham tomoshabinlar muallifning o‘y-fikrlarini, filmning maqsadlarini to‘la anglab ololmaydi”, — deydi Tashkent film school rejissyori va hammuassisi Mixail Borodin.
Uning so‘zlariga ko‘ra, kino tomosha qilish madaniyati kino ishlab chiqarish darajasiga bevosita ta’sir qiladi. Katta ekran orqali tomoshabinlarga qanday ta’sir qilishi mumkinligini tushunmay turib, sifatli filmlar olib bo‘lmaydi. Kino san’atida tovush, rang korreksiyasi, sahnalashtirish kabi ko‘plab badiiy vositalar qo‘llaniladi va kinomaktab o‘quvchilari filmlarni yaratishda ham, namoyish etishda ham yuqori sifatga intilishlari muhimdir.
“Agar noqulay sharoitlarda past sifatli kinolarni ko‘rishga o‘rganib qolsangiz, filmlarni ham shu tarzda suratga olish mumkinday tuyula boshlaydi. Shuning uchun biz maktabimiz talabalari va shahar ahliga har bir film atmosferasiga maksimal darajada sho‘ng‘ish imkonini beruvchi munosib sharoitlarda yaxshi mualliflik filmini tomosha qilish imkoniyatini taqdim etishga harakat qilamiz. Shu tariqa tomoshabin madaniyatini rivojlantirishga ham hissamizni qo‘shmoqchimiz”, — dedi Borodin.
Kino olamiga yaxshiroq sho‘ng‘ish uchun tashabbuskorlar kinoteatrning ichki qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bir necha oy ichida eski yarim-yerto‘la qulay, zamonaviy va texnik jihatdan yaxshi jihozlangan kinozalga aylantirildi: bu yerga katta ekran o‘rnatildi, hajmli ovozga erishish uchun yettita karnay (kolonka) joylashtirildi, kerakli akustikani hosil qilish maqsadida devorlar va shift shovqinga qarshi izolyatsiya bilan qoplandi. Zalga avval Olmaliqdagi sement zavodining majlislar zalida ishlatilgan, qizil junli retro-qoplama o‘rindiqlar ta’mirlanib, o‘rnatildi.
Kichik zal 50 o‘ringa mo‘ljallangan — filmlarni tomosha qilish va muhokama qilish muhiti qulay bo‘lishi uchun ham ongli ravishda shunday format tanlangan. Mabodo “Kinoxona"ga tomoshabin yog‘ilib kelsa, qo‘shimcha stullar ham bor.
“Kinoxona” Toshkentdagi shu vaqtgacha mavjud bo‘lgan kinoklublardan namoyishlarni tashkillashtirishga yondashuvi bilan tubdan farq qiladi. Yangi kinoteatr film egalari va mualliflari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri kelishib, faqat litsenziyalangan kontentni namoyish etadi. Kinoteatr jamoasi barcha xorijiy filmlar uchun rus tilidagi subtitrlarni mustaqil ravishda tayyorlaydi. Subtitrlarni o‘zbek tilida tayyorlash rejasi ham bor. Kinoteatr o‘quv jarayoni doirasida notijoriy namoyishlar ham o‘tkazib, keng tomoshabinlar ommasi uchun murakkab mualliflik filmlari tomoshasini imkonli qila oladi.
“Har seansdan so‘ng biz filmni muhokama qilamiz — muhokamalar mahalliy ekspertlar ishtirokida ham, xorijiy rejissyorlar bilan onlayn-uchrashuv tarzida bo‘lishi ham mumkin. Bu tomoshabinlarga mualliflar ijodini chuqurroq anglash, savol berish va filmning turli jihatlarini muhokama qilish imkonini beradi. Biz fikr va g‘oyalar almashinuvi uchun ochiq maydon qurishga intilyapmiz. Bunda har kim o‘z nuqtai nazarini erkin ifodalashi hamda filmlar va umuman kino haqida boshqalarning mushohadalari bilan tanishishi mumkin bo‘ladi. Toshkent tomoshabinining ham klassik, ham zamonaviy kinoga qiziqishi juda yuqori, buni zallar to‘lib-toshayotganidan ham yaqqol anglash mumkin”, — deydi Mixail Borodin.
Kino namoyishlari haftada bir-ikki marta o‘tkaziladi. Seansga kirish narxi 50 ming so‘m. Kinomaktab talabalari filmlarni bepul tomosha qilishi mumkin.
Yaqin vaqt ichida “Kinoxona” repertuariga koreyalik rejissyor Pon Jun-xoning “Qotillik haqida xotiralar” trilleri, Kann kinofestivali Gran-prisiga sazovor bo‘lgan eronlik Asqar Farhodiyning “Qahramon” filmi, shuningdek, nemis rejissyori Vim Vendersning “Parij, Texas” nomli durdonasi hamda boshqa mashhur ijodkorlarning asarlari qo‘shilishi kutilmoqda.
“Biz shunchaki kinoteatr emas, balki mualliflik kinosini qadrlovchilar, kinematografchi talabalar va soha mutaxassislari uchrashadigan madaniy markazga aylanishga intilamiz. Bu Toshkent kino madaniyatini rivojlantirishda muhim qadam bo‘lib, mahalliy kinosanoat sifatini oshirish va tomoshabinlar dunyoqarashini kengaytirishga hissa qo‘shishi mumkin”, — deydi Borodin.
“Kinoxona” oddiy kinoteatrlarning bir xil repertuarlaridan charchagan mulohazali tomoshabin so‘roviga javob sifatida paydo bo‘ldi. Bu artxaus kino o‘zini “uyidagidek” his qiladigan, tomoshabin esa filmni uning ijodkorlari tasavvur qilgandek — to‘g‘ri ovoz, sifatli tasvir va tomosha qilayotganini chuqur idrok etish va tushunishga imkon beradigan muhitda ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladigan bir makon bo‘ldi.
Loyiha mualliflari bu tashabbus sifatli mualliflik kinosiga bo‘lgan talabni shakllantiruvchi auditoriyani o‘stirishidan va kinematografiya rivojini uning butun xilma-xilligi bilan birga qo‘llab-quvvatlashga imkon berishidan umidvor.