“Gazeta.uz"ning “Oy materiali” degan podkasti bor. G‘oya bo‘yicha, u har oy boshida chiqishi va unda tahririyat o‘tgan oyda e’lon qilgan materiallar orasidan eng yaxshisi qanday tayyorlangani muhokama qilinishi kerak, toki jurnalistikadan uzoqlar ham, unga endi kirib kelayotganlar ham har bir material ortida qanday jarayonlar borligini ko‘rsin, bilsin. Ammo har doim ham hamma narsa o‘ylangan g‘oyadagidek amalga oshavermaydi, xususan, “Oy materiali"da ham shunday. Birinchidan, u hozircha har oy chiqmayapti (lekin maqsad o‘sha-o‘sha — har oy chiqarish), ikkinchidan, har doim ham aniq bir material muhokama qilinmayapti (lekin bunda ham maqsad o‘sha-o‘sha — har sonda aniq bir materialni muhokama qilish). Loyiha 2023-yil avgustida boshlangan bo‘lsa-da, hozirgacha faqat 6 ta soni chiqdi va faqat ikkitasida (“Qishloqdagi abituriyent do‘stimga” va “Gazli suv sotuvchi amaki”) aniq bir material muhokama qilindi. Qolganlarida ma’lum bir formatdagi materiallar (masalan, yangiliklar, reportajlar, so‘rovnomalar) qanday tayyorlanishi haqida gaplashilgan. Podkastning 22-noyabr kuni e’lon qilingan oxirgi sonida ham Boysundan va Boysun haqida tayyorlangan to‘rt material atrofida suhbat qurildi.

Surxondaryoning Boysun tumanidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” gaz koniga qarashli quduqlarning birida 1-sentabr kuni avariya sodir bo‘lib, oltingugurt (vodorod sulfid) gazi havoga chiqa boshlagan edi. Ikki haftadan so‘ng gaz chiqishi to‘xtatilgani e’lon qilindi, ammo 17-sentabr kuni takroriy avariya yuz berdi — bu safar qurbonlar ham bor edi. Muammo hali ham to‘la bartaraf etilgani yo‘q.

O‘tgan vaqt ichida “Gazeta.uz” Boysundan ikki videoreportaj (“Boysun zavoli” va “Boysun zavoli — 2”) tayyorladi. Ta’kidlash joiz, hozircha “Gazeta.uz"ning viloyatlarda o‘z muxbirlari yo‘q. Shuningdek, Toshkentdagi muxbirlarni biror muhim voqea-hodisani yoritish uchun hududlarga yuborishga har doim ham imkon bo‘lavermaydi. Shu bois bu vaqtgacha “Gazeta.uz” bilan hamkorlik qilmagan Otabek Turdiyevning nashr uchun Boysundan maxsus reportaj tayyorlash taklifi ayni muddao bo‘ldi. Uni bunga undagan birinchi jihat o‘zining ham boysunlik ekani bo‘lsa, ikkinchisi — u yerdagi vaziyatdan o‘z yaqinlarining qiynalayotgani edi.

otabek turdiyev, oy materiali, o‘zbekcha youtube, youtube, ziyoda ramazonova

“Agar junalistika sohasida bo‘lmasam ham, oddiy bir boysunlik sifatida shu vaziyatni yoritgan bo‘lardim. Telefonda tasvirga olishdek oson ish bo‘lmasa kerak. Mendan tashabbus chiqishiga turtki bergan narsa — boysunliklarning: „Shu sohadasan, nima bo‘ldi, yoritmaysanmi?“ tarzidagi tinimsiz so‘rovi bo‘ldi. Bunday so‘rovlardan o‘zim siqilib ham qoldim. Do‘stim Ma’murjon (Obrahmatov, „Gazeta.uz“ videooperatori va montajchisi — tahr.) shu yerda ishlaydi, unga taklif qilib ko‘rdim, u tahririyatga yetkazdi, shu tariqa taklifim qabul qilindi”, — deydi u.

Boysundagi avariya oqibatlari haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar qoldirayotganlar yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblanib jarimaga tortilayotgani, buning uchun hatto qamoq bilan ham jazolanish mumkinligi haqidagi asossiz xabarlar Telegram’dagi Boysunga va umuman Surxondaryoga aloqador guruh va kanallar orqali muntazam berib borildi. Bu esa boysunliklarning muammo haqida gapirishdan qo‘rqishiga, intervyu berganda ham nafaqat shaxsi, hatto ovozini anonimlashtirishni so‘rashiga ham sabab bo‘ldi. Otabek Turdiyev o‘zida ham biroz xavotir bo‘lganini aytdi.

“Bosimlar ta’sirida aholi orasida o‘z haq-huquqini talab qilish kamaydi. Axborot chiqib ketishining oldini olish uchun qat’iy harakat bo‘ldi. O‘zim ham Boysunga borarkanman, bu material chiqqach oila a’zolarimga bosim bo‘lishi, hatto dadamni ishdan haydashlari mumkin, degan xayollar miyamdan ketmadi. Hozir, reportajlar chiqib bo‘lganidan keyin, o‘zimga hech qanaqa bosim yoki qo‘ng‘iroqlar bo‘lmagan bo‘lsa-da, uydagilar „Tinchmisan, yaxshimisan, senga gap tegmayaptimi?“ deb so‘rab turishibdi. Haligacha xavotir bor”, — deydi Otabek.

Birinchi avariyadan keyin — rasmiy manbalar hodisa va uning keyingi oqibatlari, bu oqibatlarni bartaraf etish tadbirlari haqida tayinli axborot bermayotgan, yuqorida ta’kidlangan “xabar bergan jarimaga tortilarkan, qamalarkan” degan po‘pisali ogohlantirishlar aylanib yurgan vaqtda — boysunliklar yoki ularning boshqa hududlarda yashovchi qarindoshlari tomonidan hududda vaziyat yaxshi emasligi haqida ijtimoiy tarmoqlarda xabar va videolar qoldirilayotgan edi.

Aynan mana shu vaqtda “Gazeta.uz” jurnalisti Ziyoda Ramazonova ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar qoldirgan boysunliklar bilan suhbatlashib, ularning fikrlarini ikki materialga jamladi. Birinchi to‘plam 10-sentabr kuni e’lon qilingan bo‘lsa, ikkinchisi takroriy avariyadan so‘ng, 23-sentabrda chiqdi. Ushbu materiallarni tayyorlash jarayoni so‘zlarkan, Ziyoda jabrlanuvchilari bor mavzularni yoritish o‘zi uchun emotsional jihatdan og‘ir ekanini, ammo ich-ichidan nimadir uni shu mavzularni yoritishga undashini tan oldi.

otabek turdiyev, oy materiali, o‘zbekcha youtube, youtube, ziyoda ramazonova

“Materialga kirishishim arafasi menga javob berishi mumkin bo‘lgan ikki boysunlik respondent bor edi. Lekin ularning biri xabarimni o‘qimadi, ikkinchisi esa tobi yo‘qligini aytib, javob berolmasligini aytdi. Xuddi shu vaqt Telegram’dagi Boysunga aloqador guruhlardagi yozishmalarini tashlashdi — menda: „Shu yerda yozgan kishilardan vaziyatni so‘rab chiqsam-chi“, degan fikr tug‘ilib qoldi. Bu 9-sentabrdagi gap — boysunliklarning ikkita guruhida avariya yuz bergan vaqtdan to to‘qqizinchi sanagacha hodisa oqibatlariga aloqador gap yozgan hammaga — taxminan 60−70 kishiga — birma-bir murojaat qilib chiqdim”, — deb eslaydi Ziyoda.

Toshkentdan turib, Boysundagi notanish odamlarni intervyuga ko‘ndirish oson bo‘lmagan. Ziyoda ularning har biriga o‘zini tanishtirgan, uning kontaktini Telegram’dagi qaysi guruhdan olganini aytgan, maqsadini obdon tushuntirgan, ularning ishonchini qozonish uchun Boysundagi vaziyat haqida “Gazeta.uz"da avvalroq chiqqan materiallarning havolalarini yuborgan.

“Bu tarzda javob olishimga o‘zim ham ko‘p ishonmagandim. Lekin mavzuni yoritish uchun boshqa yo‘lim, Boysundan manbam bo‘lmagani uchun odamlarga tinmay yozaverdim. Shu tariqa ulardan birin-ketin qo‘shimcha savollar, rad etishlar yoki rozilik javoblari kela boshladi. Ayrimlar bilan telefonda, boshqalari bilan esa Telegram orqali suhbatlashdim”, — deydi Ziyoda Ramazonova.

O‘sha kuni soat 19:00 larda Ziyodaning kontaktlari ro‘yxatida yo‘q odamlarga xabar yozish imkoniyati cheklanib qoladi — uning Boysundagi vaziyat haqida ma’lumot so‘raganidan shubhalangan suhbatdoshlaridan biri (ehtimol, bir nechtasi) uning akkauntiga spam bosgan. Ayrimlar esa, qo‘rquvdanmikin, nafaqat yozishmalarni o‘chirib yuborgan, balki Teleram akkauntini ham butunlay o‘chirib yuborgan. Nima bo‘lgan taqdirda ham, 10-sentabr kuni Boysundagi birinchi avariyadan keyingi vaziyat haqida 10 boysunlikning fikrlari e’lon qilinadi.

Otabek Turdiyev ham birinchi reportaj uchun 30 ga yaqin kishiga mikrofon tutgan. Ularning orasida suhbatlashishni rad qilganlar ham, intervyu berib bo‘lib, keyin fikri o‘zgarib qolgan, telefon qilib, “gapimni chiqarmang” deganlar ham bo‘lgan.

Podkast davomida “Gazeta.uz” Boysundagi vaziyat haqida o‘z imkoniyati doirasida materiallar tayyorlagani va “imkoniyat bo‘lsa, resurslarimiz imkon bersa edi, Boysundan har kuni, har bir fuqaroni alohida qahramon qilib olib chiqib, materiallar tayyorlash"ni istashi, bundan keyin ham Boysundagi vaziyat haqida imkoniyatidan kelib chiqib materiallar tayyorlashda davom etishi ta’kidlandi.

Jurnalistlar muammoli vaziyatlarni yoritishning qiyinchiliklari haqida to‘xtalarkan, respondentlar har doim ham jurnalistlarni to‘g‘ri qabul qilmasligi, jamoatchilikning ayrim vakillari media xodimlarini “prosmotr” yoki shov-shuv ortidan quvadiganlar deb tasavvur qilishi ishni murakkablashtirishini tan oldi. Vaholanki, jurnalist muammoli mavzuni o‘rganish va yoritishga kirisharkan, u bu ishni — balandparvoz eshitilsa ham — qalb amri bilan, kasb mas’uliyatini his qilgan holda, oxir-oqibat bu ishidan odamlarga naf tegishiga umid qilib boshlaydi.

“Bu reportajlarni tayyorlab, hech bo‘lmasa vijdonim oldida o‘zimni oqladim, deb o‘ylayman. Tayyorlashim kerak ekan-da. Tayyorlamaganimda, o‘zimni xuddi [yomon ish qilib qo‘yib,] yashirinib yurgan odamdek his qilgan bo‘larkanman”, — dedi Otabek Turdiyev.

“Shu ishni qilishing kerak, degan narsa ko‘nglingga solinsa-yu, lekin sen qilolmasang — bu yomon. Ko‘nglingga solingani ishni qilsang va u ishing ko‘rinsa, shu muammoga, shu mavzuga ko‘z yummadim, vazifamni qaysidir darajada bo‘lsa-da bajardim, deb ich-ichingizdan taskin topasiz”, — deya qo‘shimcha qildi Ziyoda Ramazonova.

Podkastning to‘liq shaklini quyida yoki “Gazeta.uz"ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilish mumkin.