Baxtiyor Adilov Alisherovich Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar qildi.
2020-yil may oyidan beri ushbu lavozimda ishlab kelgan Mirali Hamroyev Muhammadjonovich o‘z arizasiga ko‘ra lavozimidan ozod qilindi.
Baxtiyor Adilov 1986-yil 22-iyunda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2008-yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — iqtisodchi.
Ayni paytga qadar u Buxoro viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Eslatib o‘tamiz, 30-noyabrda Buxoro viloyatining Peshku, Vobkent, Qorovulbozor tumanlari va Kogon shahri hokimlari o‘zgardi. Bundan bir kun avval, 29-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bois hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga o‘tishi ta’kidlandi.