16 yoshli yigit Toshkent shahri Shayxontohur tumanida joylashgan “Chorsu” mehmonxonasi xarobasining 21-qavatidan tushib ketib vafot etdi. Xabarni Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga tasdiqladi.
Shayxontohur tuman Ichki ishlar organlari faoliyatini faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi navbatchilik qismiga voqea haqida xabar 2024-yil 28-noyabr kuni soat taxminan 19:30 larda kelib tushgan.
2008-yilda tug‘ilgan marhum Ye.Ye.ni vafot etgani holati yuzasidan sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan.
“Ushbu holat yuzasidan Shayxontohur tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda”, — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
23 qavatli “Chorsu” mehmonxonasi 1982-yilda me’mor Vladimir Spivak loyihasi asosida qurilib, dastlab “Moskva” deb nomlangan.
Toshkentda 2025-yilda Chorsu maydonini qayta qurish ishlari boshlanadi. Mehmonxona nisbatan qisqa muddat faoliyat ko‘rsatgan. 2000-yillarning boshida “Chorsu” mehmonxona majmuasi qayta qurish uchun yopilgan — O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori 2002-yil kuzida qabul qilingan. 2005-yilda mazkur qaror o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilgan. Turkiyaning “Emsash” firmasi ishtirokidagi qayta qurish loyihasi amalga oshmay qolgan. 2010, 2016, 2018 va 2022-yillardagi keyingi urinishlar ham shunday bo‘lgan — mehmonxona majmuasiga Janubiy Koreya, Yaponiya, Turkiya va BAA investorlari qiziqish bildirgan.
2025-yilda Chorsu maydonini qayta qurish ishlari boshlanadi. Loyiha mehmonxonani buzish va uning o‘rniga yangi 29 qavatli mehmonxona, shuningdek, biznes markazi hamda turar-joy binolari qurishni nazarda tutadi. Loyihaning qiymati 170 million dollar deb baholanmoqda. Uni Germaniyaning Tchoban Voss Architekten kompaniyasi ishlab chiqqan.