Toshkent shahar ma’muriy sudining taftish hay’ati 8-noyabr kuni Do‘stlik (sobiq Bobur) bog‘ini investorga berish to‘g‘risidagi ishni ko‘rib chiqdi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri. Sud majlisi sudya Bekzod Mo‘minov raisligida bo‘lib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov 26-martdagi qarori bilan Do‘stlik (sobiq Bobur) bog‘ini G‘afur G‘ulom bog‘ini rekonstruksiya qilgan BPM Smart Decision Management kompaniyasiga 49 yilga ijaraga bergan edi. Hokim qarori mahalliy hokimiyat organlarining qarorlari e’lon qilinadigan E-Qaror saytida omma uchun ochiqlanmagan. Vazirlar Mahkamasining qarori ham “xizmat maqsadlarida foydalanish uchun” tamg‘asi ostida. Yetti majlisga cho‘zilgan birinchi sud jarayoni iyun oyida ma’muriy ishlar bo‘yicha Toshkent tumanlararo sudida bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda sud aholi talabini rad etgandi. Ikkinchi instansiya oktabr oyi boshida Toshkent shahar ma’muriy sudida bo‘lib o‘tdi. Bu sud ham avvalgi instansiya qarorini o‘z kuchida qoldirdi.
8-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Tatyana Dovlatova, Nadejda Lisenko, Karomat Mirzayeva, Nikita Lemeshko va boshqalar, shuningdek, ularning advokati Sabina Sidakova, Toshkent shahar hokimligi vakili Shoakmal Asqarov va Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi yurist-konsultanti Vahob Ahmanov ishtirok etdi. Yig‘ilishda BMP Smart Decision Management kompaniyasi vakillari qatnashmadi.
Majlis avvalida sudya Bekzod Mo‘minov tinglovchilardan kimdir muhokamadan oldin o‘z fikrini bildirishni xohlash-xohlamasligi haqida so‘radi.
Aholi manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Sabina Sidakova Do‘stlik bog‘ini investorga o‘tkazishda ko‘plab tartib-taomillar buzilganini ta’kidlab, tender o‘tkazilmaganini, Vazirlar Mahkamasi esa BMP Smart Decision Management kompaniyasini mustaqil ravishda tanlab, o‘z vakolatlaridan tashqariga chiqib ketganini qayd etib o‘tib o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qarorlar tasdiqlangan konsepsiya va “Toshkent Invest” kompaniyasi ishtirokisiz qabul qilingan, bu prezidentning yer uchastkalarini 49 yilgacha muddatga ijaraga berish to‘g‘risidagi farmoni talablariga zid. Bundan tashqari, advokat bog‘ rekonstruksiyasini qo‘llab-quvvatlovchi imzolarning haqiqiyligini shubha ostiga oldi va ushbu masala bo‘yicha qabul qilingan barcha hujjatlarni haqiqiy emas deb topish uchun asoslarni taqdim etdi.
Da’vogar Tatyana Dovlatova va Nadejda Lisenko bog‘ni investorga berish masalasida jamoatchilik muhokamasi qarorlar qabul qilinganida nkeyin o‘tkazilgani oqibatida ularning muhokama qilish huquqi buzilganligini ta’kidladi. Bundan tashqari, fuqarolarning hayot faoliyati va atrof-muhitni muhofaza qilish huquqlari buzilgan, rekonstruksiyaning ijtimoiy va iqtisodiy asoslanganligi esa isbotlanmagan. Boshqa arizachilar ham da’vogarlarning qarorni bekor qilish haqidagi iltimosini qo‘llab-quvvatlab, suddan da’voni qanoatlantirishni so‘radi (“Gazeta.uz” avvalroq tomonlarning barcha dalillari haqida batafsil yozgandi).
“Do‘stlik bog‘i — shahardagi tabiiy muhit saqlanib qolgan so‘nggi maskanlardan biri. Bu yerda shovqin-suronli attraksionlar va ko‘ngilochar narsalar yo‘q, faqat sukunat, xotirjamlik va asriy daraxtlar bor. Hozir biz shahar tashvishlaridan dam olish va tabiatdan bahramand bo‘lishimiz mumkin bo‘lgan yashil maskanni yo‘qotishimiz mumkin. Bog‘da o‘nlab yillar davomida shakllangan tabiiy landshaftni to‘liq o‘zgartirish va 10 dan ortiq attraksion, muz maydoni va musiqali favvora o‘rnatish rejalashtirilgan (aholining noroziligi tufayli investor attraksionlarni rekonstruksiya qilish rejasini loyihadan chiqarib tashladi — tahr.). Sun’iy bog‘ yaratish uchun tabiatning o‘zi yaratgan va hech qanday aralashuvni talab qilmaydigan narsani buzishning nima keragi bor? Bu nafaqat maqsadga muvofiq emas, balki bu noyob joy ekologiyasiga tuzatib bo‘lmaydigan zarar yetkazishi ham mumkin. Biz ushbu bog‘ uchun juda qayg‘uramiz va uning saqlanib qolishiga umid qilamiz”, — dedi Tatyana Dovlatova.
Toshkent shahar hokimligi vakili Shoakmal Asqarov suddan aholining da’vosini qanoatlantirmaslikni so‘radi. Uning ta’kidlashicha, Vazirlar Mahkamasi qarori va hokimlik qarori davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunga to‘la muvofiq holda qabul qilingan.
“Agar gap shahar aholisi erkin kirishi uchun mo‘ljallangan jamoat bog‘i haqida ketayotgan bo‘lsa, nima uchun hokimlik qarori „Xizmat maqsadlarida foydalanish uchun“ tamg‘asi bilan yashirilgan? Bog‘ga aloqador barcha qarorlar jamoatchilik uchun ochiq va shaffof bo‘lishi kerak emasmi?”, — deb so‘radi undan Nadejda Lisenko.
“Normativ-huquqiy hujjatlar haqida qonun bor. Qonunda Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosini ta’minlash belgilangan. Mahalliy davlat hokimiyati organlari to‘g‘risidagi qonunning 25-moddasiga ko‘ra, mahalliy davlat hokimiyati organlariga yuqori turuvchi organlarning qarorlari, farmonlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlash tavsiya etilgan. Biz Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosini ta’minladik”, — deya javob berdi Shoakmal Asqarov.
Nadejda Lisenko Toshkent shahar Madaniyat boshqarmasi vakili Vahob Ahmanovdan bog‘ hududida joylashgan ikkita madaniy meros obyektiga Madaniyat vazirligidan rozilik olingan-olinmaganligi haqida so‘radi. Vakil dastlab kelishuv mavjudligini tasdiqladi, biroq sudyaning aniqlashtiruvchi savollaridan so‘ng, bunday ma’lumotga ega emasligini tan oldi.
Sud jarayondagi barcha ishtirokchilarning fikrlarini tinglab, yakuniy qaror qabul qilish uchun majlisga chiqib ketdi. Oxir-oqibat, sudya Bekzod Mo‘minov aholining arizasini qanoatlantirish so‘rovini rad etdi.
“Arizada keltirilgan dalillar tasdiqlanmadi. [Rasmiylarning] qarorlari asosli va qonuniy. Shuning uchun ham sud shunday xulosaga keldi”, — dedi sudya.
Sud, shuningdek, arizachi Aida Muxtorovadan davlat budjeti foydasiga 325 ming 500 so‘m miqdorida davlat bojini undirish to‘g‘risida qaror chiqardi.
Uchinchi instansiyadagi muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng, aholi Oliy sudga apellyatsiya berish, shuningdek, xalqaro tashkilotlarga, jumladan, Greenpeace va BMTga murojaat qilish niyatida.
“Mening суддаги nutqimga sudya tomonidan hukm chiqarilishidan ko‘ra ko‘proq vaqt ketdi. Demak, bizning so‘zlarimizga diqqat bilan quloq tutishdi, lekin mutlaqo tushunishmadi, — dedi suddan keyin Nadejda Lisenko. — Minglab shaharliklar manfaatiga daxldor bo‘lgan bunday jiddiy ish bo‘yicha besh daqiqaga qolmay qanday qilib qaror chiqarish mumkin? Biz bog‘ni himoya qilish uchun ko‘plab hujjatlar, dalillar va isbotlarni taqdim etdik, ularni ko‘rib chiqish uchun ancha ko‘p vaqt talab qilingan bo‘lardi. Aftidan, qaror oldindan tayyorlanganga o‘xshaydi, bizning dalillarimiz esa hatto e’tiborga ham olinmadi. Bizga rad javobi berishdi, lekin biz taslim bo‘lmaymiz. Biz o‘z bog‘imizni qaytarib olmagunimizcha shikoyat qilishda davom etamiz!”.