Kipr hukumati respublika iqtisodiyotiga investitsiyalar kiritish uchun bir qator chet el fuqarolariga berilgan pasportlarni bekor qilishga qaror qildi. Bu haqda mahalliy Politis nashri xabar bermoqda.
Nashr tomonidan oktabr oyida tasdiqlangan ro‘yxatga 77 nafar “oltin” pasport egalari kiritilgan. Hukumat komissiyasi surishtiruvi davomida ariza berish yoki naturallashtirish jarayonida ular tomonidan qoidabuzarliklar aniqlangan.
Boshqalar qatorida rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilovaning Kipr pasporti bekor qilingani ta’kidlanmoqda (pasport unga 2015-yilda taqdim etilgan). Ma’lum qilinishicha, u PricewaterhouseCoopers (PwC) kompaniyasi vositachiligida fuqarolikni rasmiylashtirgan.
Foto: Politis
Ro‘yxatdagi ba’zi shaxslar Kipr pasportini olgandan so‘ng orolda ilgari sotib olingan ko‘chmas mulkni sotgan va mamlakatga tashrif buyurmagan, deya aniqlik kiritdi nashr manbasi. Boshqalar esa ma’lum obyektlarni qurish va’dasi asosida fuqarolikka ega bo‘lgan, biroq ularning qurilishini tasdiqlovchi hujjatlari muddatida taqdim etilmagan.
Fuqarolikdan mahrum qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingunga qadar pasport egasi uning bekor bo‘lishi mumkinligi haqida yozma xabarnoma oladi va qaror yuzasidan maxsus komissiyaga e’tiroz bildirishi mumkin. Bundan tashqari, qaror qabul qilingandan keyin u sud tomonidan ko‘rib chiqilishi kerak.
2023-yil may oyida The Guardian Kipr rasmiylari Alisher Usmonovga sanksiyalarni chetlab o‘tishda yordam bergan shaxslar ustidan tergov o‘tkazish rejalari haqida xabar bergandi. Buning uchun AQSh respublikaga Kipr fuqarolari va kompaniyalari tomonidan sanksiya rejimining buzilishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan 800 sahifali ma’lumotlarni taqdim etgan.
O‘sha yilning aprel oyidan Usmonovning singillari — Gulbahor Ismoilova va Saodat Narziyeva AQSh sanksiyalari ostida qolgan. 2022-yilda esa Buyuk Britaniyaning yangi sanksiyalar ro‘yxatiga kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan uch ayol, jumladan, Alisher Usmonovning ikki singlisi ham kiritilgandi.