Dizayn-kod — bu shaharning butun tashqi ko‘rinishini tartibga soluvchi qoida va tavsiyalar to‘plamini, xususan, arxitektura, fasadlarni bezash, tashqi reklama, ko‘cha jihozlari (mebeli) va shahar infratuzilmasining boshqa elementlari uchun standartlarni o‘z ichiga olgan yirik hujjat hisoblanadi. Dizayn-kodni yaratish zamirida katta tadqiqot ishi, jumladan, joyning tarixi va iqlimini o‘rganish, mahalliy aholi va shahar ma’muriyati bilan hamkorlik yotadi.

Dizayn-kodlar o‘zi qayerdan paydo bo‘lgani, nima uchun tobora ko‘proq shaharlar ularni joriy etayotgani va bu ishni kim amalga oshirayotgani haqida hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ATLAS byurosi loyihalari rahbari Yelena Trubina hikoya qiladi. Yangi Toshkentni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro konsorsium tarkibidan o‘rin olgan ATLAS jamoasi poytaxt hokimligi va Yangi Toshkent direksiyasi bilan hamkorlikda ushbu ma’muriy birliklarning dizayn-kodi ustida ishladi.

Dizayn-kod qanday paydo bo‘lgan?

Dizayn-kodga o‘xshash narsa ilk bor 1666-yilgi London yong‘inidan so‘ng paydo bo‘lgan. O‘shanda shaharning butun markaziy qismini maxsus ishlab chiqilgan qurilish tartib-taomillari asosida qayta tiklashga to‘g‘ri kelgan.

Manba: London muzeyi.Manba: London muzeyi.

Rossiya imperiyasida esa shaharsozlikni birinchi bo‘lib Pyotr Birinchi boshlab bergan. U Sankt-Peterburgni qurish vaqtida “Baland binolar to‘g‘risida farmon” chiqaradi. Sankt-Peterburgdagi binolarning balandligi Admiralteyskiy minorasining uchidan oshmasligi, binolarning o‘zi esa yagona uslubda toshdan qurilishi talab etilgan.

Admiralteyskiy maydonining 1874-yilgacha bo‘lgan ko‘rinishi. Manba: Rosfoto / Vikipediya.Admiralteyskiy maydonining 1874-yilgacha bo‘lgan ko‘rinishi. Manba: Rosfoto / Vikipediya.

Yana bir boshqa, zamonaviy misol: 1989-yili, Berlin devori qulaganidan so‘ng, rasmiylar mutlaqo boshqa-boshqa ikki Berlinni vizual jihatdan birxillashtirish uchun qurilish tartib-taomillarini joriy qiladi.

Manba: Archi.ru / PinterestManba: Archi.ru / Pinterest

Rossiyada zamonaviy tushunchadagi dizayn-kod paydo bo‘lganiga hali unchalik ham ko‘p bo‘lgani yo‘q. Hammasi 2013-yili Moskvaning 11 ta markaziy ko‘chasi uchun yagona uslub ishlab chiqishdan boshlangan. U loyiha ko‘chalarni kapital rekonstruksiya qilish bo‘yicha “Mening ko‘cham” dasturi doirasida amalga oshirilgan edi.

Dizayn-kod kimga kerak?

Dizayn-kodning o‘ziga xos xususiyati shundaki, u turli foydalanuvchilar, jumladan, nafaqat sayyohlar va shahar aholisi, balki tadbirkorlar, ma’muriyat vakillariga mo‘ljallangan bo‘ladi.

Ma’muriyat uchun bu shaharning me’moriy qiyofasini saqlab qolishga qaratilgan tartib-qoidalar to‘plamidir. Ular binolarning uslubi, ranglar palitrasi, shuningdek, qurilish va ta’mirlashda qo‘llaniladigan materiallarni belgilab beradi. Bu tarixiy hududlarning vizual yaxlitligini saqlash va tartibsiz qurilishlarning oldini olish uchun ham zarur.

Masalan, ATLAS byurosi Sevastopolda shahar dizayn-kodini yaratish ustida ishlagan . Jamoa shahar tarixiga — yorqin uylar, XX asrda tayyorlangan va madaniy meros obyektlarini ham inobatga oluvchi rivojlanish rejalariga tayanib ish ko‘rgan. Dizayn-kod sharofati bilan shahar tartibsiz tashqi reklama, tarixiy qiyofaning buzilishi kabi muammolardan nisbatan qutuldi.

Dog‘istonning qishloq hududlaridagi dizayn yechimlarida esa ATLAS asosiy e’tiborni qishloq muhitining o‘ziga xos xususiyati, arxitektura va detallarga, xususan, mavjud arxitekturaning mutanosibligi, mahalliy materiallar, tarixiy elementlar bilan ishlash qoidalari va yangilarini to‘g‘ri kiritishga qaratdi. Ushbu xususiyatlar majmui zamonaviy talqinda joyning ruhini saqlab qoladi va kuchaytiradi.

Tadbirkorga dizayn-kod peshlavha hamda o‘z muassasasiga kirish qismini to‘g‘ri bezashga yordam beradi — bu ko‘proq mijozlarni jalb qilishga zamin yaratadi. Sayyohlar va aholi uchun dizayn-kod shahar bo‘ylab yo‘l ko‘rsatuvchi vazifasini o‘taydi, uni joyning tarixi haqidagi ma’no va ma’lumotlar bilan boyitadi.

Ba’zan dizayn-kod shahar tarixi va o‘ziga xosligining bir qismiga aylanadi. Masalan, Yekaterinburg dizayn tizimida Ural o‘zligiga ishora qilinadi: tog‘lar, daryolar, metall, iqlimi og‘ir o‘lka va zavod-shaharlar. Shuning uchun yo‘l ko‘rsatkich lavhalarida korten po‘latidan foydalanilgan.

Biroq bu katta bir ishning ko‘zga ko‘rinadigan qismigina, xolos. Dizayn-kodini ishlab chiqish va muvaffaqiyatli joriy etish uchun mutaxassislar va jamoatchilikni jalb qilish kerak: dizaynerlar, mahalliy aholi, biznes bilan muloqot qilish, barcha tomonlarning manfaatlarini hisobga olish zarur. Odamlarni to‘g‘ri xabardor qilish muhim ahamiyatga ega. Yaxshi axborot kampaniyasisiz dizayn-kodning maqsadlarini aholi va biznesga yetkazish, qo‘llab-quvvatlash va me’yorlarga rioya qilinishiga erishish qiyin kechadi.

Levitt Bernstein xalqaro loyiha byurosining katta shahar dizayneri Rut Richardson Angliyaning Greyvshem hududi dizayn-kodini madaniyatni saqlab qolish va jamiyatni rivojlantirish usuli sifatida ta’riflaydi.

“Muvaffaqiyatli dizayn-kod har doim joyning mavjud yoki tarixiy konteksti va uning turli xususiyatlariga mos keladi. Shu bilan birga, u mahalliy hokimiyat organlariga yangi qurilishni rejalashtirish imkonini beradi. Greyvshemda biz mahalliy jamoatchilikni infratuzilmadan foydalanish imkoniyatini qisman yaxshilash, binolarning kontekstga mos, shu bilan bir paytda, o‘ziga xos fasadlarini yaratishga qaratilgan dizayn-kodni ishlab chiqishga jalb etdik. Shu tufayli dizayn-kod mahalliy madaniyatni saqlab qoladi va ayni paytda hamjamiyatning yangilanishiga imkon yaratadi”.

Dizayn-kodlar shaharning tashqi ko‘rinishi va unda harakatlanishga ta’sir qilish bilan cheklanib qolmaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti jamoat joylarini o‘rganish natijasida shuni aniqladiki, ular qanchalik yaxshi rejalashtirilgan va tashkil etilgan bo‘lsa, odamlar shunchalik ko‘p harakatlanadi va ko‘chada shunchalik ko‘p vaqt o‘tkazadi. Bu esa, o‘z navbatida, insult, gipertoniya va boshqa kasalliklar xavfini kamaytiradi.

atlas byurosi, dizayn-kod, елена трuбина, shahar qurilishi, shaharсозлик, yangi тошкент

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

2011-yili turli mamlakatlarda aholi farovonligini o‘lchaydigan Yaxshiroq hayot indeksi (The OECD Better Life Index) ishlab chiqildi. Unda yashash sharoiti, daromad, ish va hayot sifati: atrof-muhit, ta’lim, ekologiya, salomatlik holati, hayotdan qoniqish, xavfsizlik hamda ish va shaxsiy hayot o‘rtasidagi muvozanat hisobga olingan.

Reytingdagi yetakchi mamlakatlar (Kanada, Avstraliya)ga e’tibor qaratilsa, ularning eng yirik shaharlarida dizayn-kodlari ishlab chiqilganiga guvoh bo‘lish mumkin (ko‘p hollarda — yaqinda ishlab chiqilgan). Ushbu hujjatlar omma uchun ochiq (masalan, Sidney, Reykyavik). Kanadada dizayn-kodlar tizimi milliy darajada ishlab chiqilgan. Ilgari erishilgan yuqori hayot sifati ko‘rsatkichlariga qaramay, shaharlar qurilish va muhitning tashqi qiyofasini tartibga soluvchi hujjatlarni joriy etyapti. Ularning maqsadi yondashuvni tizimlashtirish va tartibsiz amaliyotlarga qarshi yechimlarni birxillashtirish hisoblanadi.

Dizayn-kodlashning jahon amaliyoti

Jahon amaliyotida dizayn-kodlarini ishlab chiqishda so‘nggi yillarda sun’iy intellektdan tobora ko‘proq foydalanilyapti. Shaharlarida sun’iy intellekt smart city texnologiyasini joriy etishda qo‘llaniladi. Bu loyihalashga inqilobiy yondashuv hisoblanadi: mashinaviy o‘rganish algoritmlari tashrif buyuruvchilarning xohish-istaklari va ob-havo haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilishi mumkin. Shu tariqa funsional zonalarning taqsimoti va muvozanati, yoritish miqdori va davomiyligi, sug‘orish muntazamligi va xavfsizlikni ta’minlashni optimallashtirish mumkin.

Megapolislar “aqlli” bo‘lishga intilmoqda. Misol uchun, Barselonada aqlli yoritish tizimlarini joriy etish elektr energiyasi xarajatlarini 30 foizga qisqartirish imkonini berdi. Londonda ham xuddi shunday tizim energiya sarfini 25 foizga kamaytirdi. Valensiyada aqlli yoritishni joriy etish elektr energiyasi xarajatlarini 75 foizga yoki yiliga 6 mln yevroga qisqartirish, shuningdek, CO2 chiqindilarini 80 foizga kamaytirish imkonini berdi.

Zamonaviy shaharlar nafaqat odamlar, balki hayvonlar uchun ham qulay sharoitlar yaratyapti. Masalan, AQShda har yili binolarning oynalariga urilish natijasida 100 milliondan 1 milliardgacha qush halok bo‘ladi. Kanadada bu ko‘rsatkich 50 milliongacha yetadi. Qushlarning yo‘nalishlari allaqachon shakllanib ulgurgan hududda qurilishi kutilayotgan Yangi Toshkent shahri ham shunday muammoga duch keladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”

Faol rivojlanayotgan qurilish sharoitida mahalliy faunaning xavfsizligini hisobga olish muhim ahamiyatga ega. Qushlarni binolarning derazalariga kelib urilishdan himoya qilish uchun binolardagi oynalarni qushlarga ko‘rinarli qiladigan maxsus marker-konstruksiyalar mavjud. Bunday konstruksiyalarga to‘siq to‘rlari, naqshli ekranlar, plyonkalar va odam ko‘ziga ko‘rinmaydigan ultrabinafsha yorliqlar misol bo‘la oladi. Bunday konstruksiyalar qushlar uchun ular to‘siq sifatida qabul qiladigan vizual belgilarni yaratadi. Bunday yorliqlar ham dizayn-kodning bir qismi bo‘lishi mumkin. Jumladan, ATLAS byurosi jamoasi Toshkent dizayn-kodini ishlab chiqishda ushbu konstruksiyalarni hisobga olib, oynalarga tarixiy naqshlar va syujetlarga asoslangan bezaklar yopishtirish taklifini berdi.

Zamonaviy tendensiyalardan yana biri — bu “yashil” qurilish. Bir qator “yashil” sertifikatlar, masalan, LEED yashil qurilishni amalga oshirishning alohida talablarini nazarda tutadi. Toshkentning dizayn-kodi atmosferaga chiqindilarni, shu jumladan, qurilish changini kamaytirish bo‘yicha asosiy tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Bu muammoni hal qilish uchun chang va ifloslik tarqalishini cheklaydigan maxsus himoya ekranlari mavjud.

Bunday ekranlar brendga aylantirilishi mumkin, bu esa joy, tarix va rivojlanish rejalariga e’tiborni kuchaytiradi. Masalan, Moskvada “Mening ko‘cham” rivojlantirish dasturi doirasida cheklangan harakat sharoitida tarix haqidagi qiziqarli faktlar, mashhurlar, shuningdek, yo‘l ko‘rsatish ma’lumotlarini aks ettiruvchi to‘siqlar o‘rnatilgan. Seulda qurilish maydonlarini ixotalash uchun san’at obyektlariga o‘xshash to‘siqlar faol qo‘llanilmoqda.

Issiq iqlimli shaharlarda dizayn-kodlar materiallar va ranglarni to‘g‘ri tanlash orqali issiqlik yuklamasini kamaytirishga e’tibor qaratadi. Dubayda quyosh nurlarini qaytarish va shaharda qulay haroratni saqlash uchun oq rangdan keng foydalaniladi.

Foto: Viktoriya Abdurahimova / “Gazeta.uz”.Foto: Viktoriya Abdurahimova / “Gazeta.uz”.

Shaharning qizib ketishi muammosi Toshkent uchun juda dolzarb. ATLAS bu muammoni hal qilish bo‘yicha jahon tajribasini o‘rganib chiqdi va shahar dizayn-kodida tegishli yechimlarni hisobga oldi. Hujjatda ko‘rib chiqilgan fasad va obodonlashtirishda foydalaniladigan ranglar va materiallar potensial isitish xususiyatlari nuqtai nazaridan baholangan.

Dizayn-kodlarni ishlab chiqishga yondashuvlardan yana biri — taktik urbanizm. U hayot sifatini yaxshilash uchun shahar muhitini tez va kamxarj o‘zgartirishni nazarda tutadi. Odatda tashabbus mahalliy aholi va faollardan chiqadi, lekin mahalliy ma’muriyatlar (munitsipalitetlar) ham faollik ko‘rsatishi mumkin. Ularning mohiyati — yechimlarni minimal resurslar bilan sinovdan o‘tkazish va, muvaffaqiyatli chiqsa, uzoq muddatli asosda rivojlantirishdan iborat. Ko‘chalardagi fudkortlar, asfaltni maysazorga almashtirish, jamoat joylari uchun avtomobil yo‘llarini qisman to‘sib qo‘yish — bularning bari taktik urbanizm namunalaridir.

Yaqqol misol — Rossiyaning Saratov shahridagi vokzal maydoni. U dastlab standart tarzda loyihalashtirilgan: ko‘p miqdordagi asfalt va aylanma harakat. Uning shakli o‘zgartirilib, markazida maysazor va shinam jamoat maydoni yaratildi.

San-Fransiskodagi parkletlar taktik urbanizmning yana bir namunasidir. G‘oya avtomobil to‘xtash joylarini o‘simliklar va o‘rindiqlar bilan boyitib, kichik jamoat joylariga aylantirishdan iborat. Pavement to Parks dasturi doirasida 65 ta parklet o‘rnatildi — bu 5600 kvadrat metrlik maydon degani. Natijada piyodalar harakati 4 foizga, velosipedlar harakati esa 11 foizga oshdi. Tashkilotchilar tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, piyodalarning 61 foizi ko‘chalarda o‘zlarini xavfsiz his qila boshlagan.

Dizayn-kod qanday ishlab chiqiladi? Toshkent misolida

Toshkent dizayn-kodini ishlab chiqishda ATLAS byurosi quyidagi algoritm bo‘yicha harakat qildi:

  1. Birinchi navbatda, shahar tarixi, uning me’moriy an’analari va rivojlanish bosqichlarini keng ko‘lamda tadqiq qilingan. Tarixiy markazning qanday shakllangani, uning evolyutsiyasi qanday kechgani, qadimiy binolar saqlanib qolganmi yo yo‘q va o‘tmishda qanday materiallardan foydalanilgani o‘rganilgan.
  2. Shundan so‘ng jamoa shaharning rivojlanish rejalari, Toshkentning 2045-yilgacha mo‘ljallangan bosh rejasi loyihasi, Yangi Toshkentning master-plani, strategik maqsadlar, istiqbolli va tarmoq dasturlarini sinchkovlik bilan o‘rgangan.
  3. Keyin iqlim sharoiti, mahalliy hududning o‘ziga xos xususiyatlari, seysmik faollik va tabiiy hodisalar tadqiq etilgan.
  4. Byuro mutaxassislari mintaqaning madaniy o‘ziga xosliklarini izlagan. Mahalliy hunarmandchilik, turmush tarzi, an’anaviy va zamonaviy arxitektura hamda ularning o‘zaro ta’sir ko‘rsatish usullari o‘rganilgan. Bu borada jahon tajribasiga ham murojaat etilgan: yangi shahar va tumanlar joyning o‘ziga xosligi va joylashuvini qanday aks ettirishi tahlil qilingan.
  5. Mavjud binolar, ularning turlari va uslublari — inqilobdan avvalgi, sovet davri, modernistik va zamonaviy — batafsil tahlil qilindi.
  6. Ushbu tahlil asosida jamoa bino va hududlarni me’moriy xususiyatlariga ko‘ra tasniflashga yordam beradigan matritsa ishlab chiqqan. Bu me’yorlarni aniq misollarda samarali qo‘llash imkonini beradi, chunki mahallalardagi peshlavhalar uchun qoidalar yangi tumanlarnikidan keskin farq qiladi va bunday xususiyatlarni vizualizatsiya qilish dizayn-kodni yanada tushunarli va qo‘llashga qulay qiladi.
  7. Shundan keyin vernakulyar yoki mental hududlar o‘rganilgan. Bu shaharning aholi ongida nima bilandir bog‘liq bo‘lgan qismidir. Masalan, u yerda allaqachon yo‘qolib ketgan bozor, yarmarka, zavod bor. Odatda, bunday hududlar mahalliy ramzlarga ega bo‘lib, ular dizayn kodini yaratishda muhim rol o‘ynashi mumkin. Shaharni rivojlantirishning bosh rejasi va Yangi Toshkentni rivojlantirishning master-plani asosida dizayn kodini zonalashtirish ishlab chiqildi. Uning doirasida bir qator yechimlar va qoidalar bir-biridan farq qilishi mumkin.
  8. Yakuniy bosqichda jamoa iqtisodiy kontekstni tahlil qildi. Hudud iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlari va logistikasini, shuningdek, resurslarni hisobga olish muhim ahamiyatga ega. Ba’zida ayrim materiallar va resurslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri shu shaharda yoki uning yaqinida buyurtma berish mumkin. Shunda dizayn-kod mahalliy iqtisodiyotga ham yordam beradi.

Toshkent dizayn-kod yaratishning noyob namunasi sifatida

Toshkentning dizayn-kodini ishlab chiqishga, birinchi navbatda, shaharning iqlim xususiyatlari ta’sir ko‘rsatdi. Bu yerda havo harorati 45 daraja va undan ham yuqori bo‘lishi mumkin. Shaharning qizib ketish sharoitida o‘zini qanday tutishini o‘rganish muhim: issiqlik oroli tahlili ko‘chalarda issiqlikning qanday tarqalishini, qaysi hududlar jazirama quyoshdan ko‘proq aziyat chekishini ko‘rsatib beradi.

atlas byurosi, dizayn-kod, елена трuбина, shahar qurilishi, shaharсозлик, yangi тошкент

Toshkent issiqlik xaritasi. LST (Land Surface Temperature — Yer yuzasi harorati) tahlil metodologiyasi. Tahlil natijasida yer yuzasidan tarqalayotgan issiqlik nurlanishini ifodalovchi ko‘rsatkichni aniqlash mumkin. Hisob-kitoblar 2023-yil 12-iyuldagi Landstat 9 ma’lumotlari asosida amalga oshirilgan. Manba: ATLAS.

Mamlakatdagi muammolardan biri — chang bo‘ronlarini keltirib chiqaradigan cho‘l shamollaridir. Ular shahar muhitiga ham ta’sir qiladi: chang fasadlarga o‘tirib, ko‘chalar va binolarning tashqi qiyofasiga putur yetkazadi. Shuning uchun dizayn-kod ushbu xususiyatlarni hisobga olishi va muammo ta’sirini kamaytirish variantlarini taklif qilishi lozim.

Yana bir jihat — resurslar masalasi. Boshqa shaharlarda ko‘kalamzorlarni mo‘l-ko‘l sug‘orish imkoni bo‘lsa, O‘zbekistonda har bir tomchi hisob-kitobli. Bundan tashqari, mutaxassislar resurslarni tejash maqsadida sug‘orishni optimallashtirishga e’tibor qaratmoqda. Shu sababli, dizayn-kodda energiya va suvni tejaydigan texnologiyalar o‘z aksini topgan. Misol uchun, quyosh batareyali chiroqlar yoki o‘simliklarni sug‘orish uchun ishlatilishi mumkin bo‘lgan yomg‘ir suvini to‘plash tizimlari kabi.

atlas byurosi, dizayn-kod, елена трuбина, shahar qurilishi, shaharсозлик, yangi тошкент

O‘zbekistonda aholi tarixan issiqqa qarshi kurashning daraxtlar soyasidagi hovuzlar, kanallar va ariqlar kabi an’anaviy usullaridan foydalanib kelgan. Bu usullar mintaqaning iqlim sharoitiga moslashishni aks ettirib, issiqlik ta’sirini kamaytirishga yordam beradigan me’moriy va maishiy yechimlarni o‘z ichiga oladi. Dizayn-kod ham an’anaviy va zamonaviy texnologik yechimlarni qamrab olishi mumkin.

Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Masalan, yuqori haroratga qarshi kurashishda mahalliy asriy tajribadan foydalanish mumkin. An’anaviy o‘zbek mahallalari issiqdan himoyalanishni hisobga olgan holda qurilgan. Bunday mahallalarda ko‘chalar tor, uylar esa bir-biriga shunchalik yaqin joylashganki, tor ko‘chalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri tushmaydi. Uylar xom g‘isht yoki loydan qalin devorlar bilan qurilgan — bu materiallar kunduzi issiqdan himoya qilsa, kechasi xonalarning salqinligini saqlagan holda, yig‘ilgan issiqlikni asta-sekin chiqarib yuboradi. An’anaviy uylarda xonalarni qizib ketishdan himoya qilish uchun mato pardalar va yog‘och jalyuzilar ishlatiladi. Dizayn-kodni ishlab chiqish jarayonida bu elementlarning barchasini o‘rganish muhim.

Kontekstni o‘rganishning yana bir o‘ziga xos xususiyati — odamlar oqimi, tashrif buyuriladigan joylarning xilma-xilligini o‘rganish va turli ma’lumot qatlamlari: transport oqimlari xaritalari, harakatlanish xaritalari, demografik ma’lumotlarni birlashtirish orqali Toshkentda faollikni tahlil qilishdir.

Strava ilovasi ma’lumotlari bo‘yicha velosiped faolligi sxemasi.Strava ilovasi ma’lumotlari bo‘yicha velosiped faolligi sxemasi.

Toshkentda eng yuqori harakatlanish zichligi aeroport, temiryo‘l vokzallari va avtovokzallar atrofida kuzatiladi. Bu ayniqsa tig‘iz soatlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Savdo markazlari va bozorlar ham eng ko‘p tashrif buyuriladigan hududlardir.

Ilgari ATLAS jamoasi bozorlarni aholini jalb qilish nuqtalari sifatida tadqiq qilgan va bu xulosa Toshkent bozorlari tahlili bilan tasdiqlangan. Ularning faolligi unga yaqin yashaydigan aholi zichligi bilan ham, bozorlarning savdo va ijtimoiy muloqot markazlari sifatidagi vazifasi bilan ham belgilanadi.

Tumanlar faolligini aniqlash uchun me’morlar va dizaynerlar hatto hudud birligiga aholini jalb qilish nuqtalarining taqsimlanishi va konsentratsiyasi ko‘rsatkichi hisoblanmish Shennon indeksidan ham foydalanadi. Ya’ni, bir kilometrlik katakchalarda tijorat, madaniyat, din, ta’lim, ko‘ngilochar, xizmat ko‘rsatish va mehmonxona obyektlari hisobga olingan. Ularning bir katakdagi zichligi qanchalik yuqori bo‘lsa, u shunchalik yorqinroq, indeks esa yuqoriroq bo‘ladi.

Toshkentda aholini jalb qilish nuqtalarining yuqori xilma-xilligi va konsentratsiyasi shahar markazida, shimoli-sharqda va shimoli-g‘arbda kuzatiladi. Xilma-xillikning past ko‘rsatkichlari sharqda va shimolda chekka hududlarda qayd etilgan.

atlas byurosi, dizayn-kod, елена трuбина, shahar qurilishi, shaharсозлик, yangi тошкент

Aholini jalb qilish nuqtalarining konsentratsiya sxemasi, Shennon indeksi (ma’lum bir hududdagi aholini jalb qilish nuqtalarining soni va xilma-xilligini bir vaqtning o‘zida aks ettiruvchi murakkab ko‘rsatkich). Manba: Kartografik operatorlar ma’lumotlar bazasi.

Bundan kelib chiqadiki, dizayn-kod — bu faqat o‘rindiqlar, peshlavhalar, bekatlarni bezatish uslubi va ko‘rsatkichlar uchun shrift namunalari emas. Bu keng ko‘lamli tadqiqot, muloqot, tahlil va ijodiy ishlarning natijasidir. Bu ish zamirida me’morlar, tahlilchilar, shahar tadqiqotchilari, soha mutaxassislari, dizaynerlar, rassom-illyustratorlar va boshqa mutaxassislarning mehnati yotadi.