Gruziyada norozilik namoyishlarining ikkinchi kuni davomida 107 kishi qo‘lga olindi, ular mamlakatning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishi bo‘yicha muzokaralar to‘xtatilgani sababli namoyishga chiqqan, deya xabar berdi Gruziya IIV.
Vazirlikning ta’kidlashicha, hibsga olishlar 30-noyabrga o‘tar kechasi Gruziya Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 166 va 173-moddalari (Politsiya xodimining talabiga bo‘ysunmaslik va mayda bezorilik) bo‘yicha amalga oshirilgan. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, ikki kunlik norozilik namoyishlari davomida 150 dan ortiq ishtirokchi qo‘lga olingan.
Vazirlikning ta’kidlashicha, Tbilisidagi Rustaveli prospektidagi parlament binosi oldidagi miting “yig‘ilishlar va namoyishlar to‘g‘risidagi qonunda belgilangan normalardan oshib ketgan”. Namoyishlar chog‘ida 10 nafar politsiya xodimi jarohatlangan. Shu bilan birga, Gruziya IIV namoyishchilar orasida qancha odam qurbon bo‘lgani haqida ma’lumot bermadi.
29-noyabr kuni kechqurun parlament binosi oldida boshlangan aksiya yetti soatga yaqin davom etdi, politsiya 30-noyabr tongida ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va vodomyotlar yordamida namoyishchilarni tarqatib yubordi, bu gal qo‘llangan ashyolar orasida o‘yuvchi moddalar ham bo‘lgani aytilmoqda.
Kechasi namoyish ishtirokchilari Rustaveli prospektidagi hukmron “Gruzin orzusi” partiyasi ofisining derazalarini sindirib, uning bayrog‘ini yulib oldi. Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili politsiyaning namoyish qatnashchilariga qarshi harakatlarini “Rossiya uslubidagi qatag‘onlar” bilan taqqoslab, ularni tanqid qildi.
Gruziyada norozilik namoyishlari 28-noyabr kuni bosh vazir Irakliy Koboxidze mamlakat 2028-yil oxirigacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralardan voz kechishini e’lon qilganidan keyin boshlandi. Hukumatning bu qaroriga Gruziya Tashqi ishlar vazirligi xodimlari qarshi chiqdi. Ochiq maktubda diplomatlar Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralardan voz kechish “mamlakatning strategik manfaatlariga mos kelmasligini” ta’kidladi.
Gruziya bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Tbilisidagi norozilik namoyishlari fonida shoshilinch brifing o‘tkazdi va noroziliklarga izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Gruziyaning „ukrainlashuviga“ erisha olmagan Yevropa siyosatchilari va byurokratlari jamiyatda ziddiyat keltirib chiqarishga harakat qilmoqda”.
Kobaxidzening fikricha, Yevropa Ittifoqi “Gruziya bilan muzokaralar masalasidan mamlakatni zaiflashtirish vositasi sifatida foydalanmoqda”.
Namoyishlar bugun ham davom etmoqda. Xususan, odamlar Gruziya jamoat teleradiokompaniyasi binosi yonida to‘plandi, deb yozmoqda mahalliy Paper Kartuli nashri.
Miting ishtirokchilari telekanaldan politsiya tomonidan namoyishchilar va jurnalistlarga nisbatan zo‘ravonliklarni omma oldida qoralashni talab qilmoqda. Namoyishchilarning bir qismi telekanal ofisining qabulxonasida bo‘lib, jonli efirga ulanishni talab qilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlarining harakatlaridan jabrlanganlar orasida 20 ga yaqin OAV xodimlari ham bor.