29-noyabr kuni minglab ishchilar Italiya bo‘ylab ish haqi va xizmatlar sifatini oshirishni talab qilib, umumiy ish tashlashda qatnashdi, ular bosh vazir Jorja Meloni hukumatining budjet rejalariga ham qarshi, deb yozmoqda AP.
Juma kuni davlat xizmati, ta’lim xodimlari, ishchilar va jamoat transporti xodimlari Italiyada ikkita yirik kasaba uyushmasi birlashmasi — Butunjahon Italiya mehnat konfederatsiyasi (CGIL) va Italiya mehnat ittifoqi (UIL) chaqirig‘iga binoan umumiy ish tashlash o‘tkazdi.
Kasaba uyushmalari hukumatning kelgusi yil uchun budjetni o‘zgartirish bo‘yicha rejalarini mamlakat muammolarini hal qilish uchun mutlaqo yetarli emas deb hisoblaydi. Ular, shuningdek, ish haqi va pensiyalarni oshirish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, kommunal xizmatlar hamda sanoat siyosatini moliyalashtirishni talab qilmoqda.
Avvalroq Italiya Vazirlar Kengashi 2025-yil uchun qariyb 30 milliard yevro miqdoridagi budjet rejalarini e’lon qilgan edi, daromad solig‘i va o‘rta hamda past daromadli odamlar uchun ijtimoiy ajratmalarni qisqartirish, banklar va sug‘urtalovchilar uchun soliqlarni vaqtincha oshirish shular jumlasidan.
CGIL va UIL a’zolari ishtirok etgan ish tashlash temiryo‘l transportidan tashqari iqtisodiyotning barcha sohalarini qamrab oldi. Aviatashuvlar sohasida, masalan, ITA davlat kompaniyasi samolyot xodimlarining to‘rt soat davom etgan ish tashlashi tufayli 68 ta reysni bekor qilganini e’lon qildi.
Corriere della Sera gazetasining xabar berishicha, butun mamlakat bo‘ylab mahalliy vaqt bilan soat 9 dan 13 gacha avtobuslar harakati, paromlar va metroda uzilishlar kuzatildi. Xususan, Rimda ish tashlash tufayli metropoliten liniyalaridan birining bir nechta bekatlari yopildi.
Bu o‘tgan yilning noyabr oyidan beri birinchi umumiy ish tashlash bo‘ldi. Italiya sog‘liqni saqlash sohasi kadrlar tanqisligidan aziyat chekmoqda, bu esa chet eldan hamshiralarni yollashga majbur qildi. “Ish haqi juda past bo‘lgani uchun ko‘plab odamlar chet elga ketmoqda”, — dedi UIL sog‘liqni saqlash ittifoqi a’zosi Anna Salsa Rimdagi namoyishda.
Namoyishchilar, shuningdek, asosiy ehtiyojlar narxining doimiy ravishda oshishini ham ta’kidladi. Inflyatsiyaning pasayib borayotganiga ishora qilinayotganiga qaramay, Codacons iste’molchilarni himoya qilish lobbisining aytishicha, to‘rt kishilik oila uchun oziq-ovqat xarajatlari 2024-yilda o‘tgan yilga nisbatan yillik 238 yevro (251 dollar)ga oshgan, bu esa ko‘plab oilalarni iste’mol xarajatlaridan tiyilishga majbur qilgan.
Italiyada boshlang‘ich maoshlar Yevropaning qolgan qismi bilan bir xil darajada bo‘lsa-da, ish haqi o‘sishi sur’ati orqada qolmoqda, deb ta’kidladi Milanning Bokkoni universiteti mehnat huquqi bo‘yicha mutaxassisi Maurisio Del Konte. Bu tufayli Italiyada yillik o‘rtacha yalpi ish haqi 35 000 yevro (taxminan 37 000 dollar) miqdorida bo‘lib, Yevropa o‘rtacha ko‘rsatkichlarining quyi chegarasida joylashgan va G7 hamkorlari bo‘lmish Fransiya hamda Germaniyadan ancha ortda qolmoqda.