Avtobuslar uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun jarima belgilanadi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida mas’ul qo‘mita tomonidan jamoat transportidan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun loyihasi siyosiy partiyalar fraksiyalari muhokamasiga kiritish uchun tayyorlanmoqda.

Qonun loyihasiga asosan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat transporti uchun alohida ajratilgan yo‘laklarda harakatlanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Ushbu harakatni birinchi marta sodir etganlik uchun — bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida, bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari (1 mln 875 ming so‘m) miqdorida jarima belgilanmoqda.

Qonun loyihasi kuchga kirishi uchun quyi palatada qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanishi hamda prezident tomonidan imzolanishi kerak.