2024-yilning yanvar-oktabr oylari davomida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 12,6 mlrd dollarni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ko‘paydi. Bu Markaziy bankning Jismoniy shaxslarning valyuta operatsiyalari bo‘yicha qisqacha sharhida keltirildi.

Mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (9,8 mlrd dollar) kelib tushgan bo‘lib, 2023-yilning mazkur davriga nisbatan 35 foizga oshgan. Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (699 mln dollar), AQSh (470 mln dollar), Janubiy Koreya (458 mln dollar), Turkiya (331 mln dollar), Buyuk Britaniya (109 mln dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.

марказий bank, pul o‘tkazmalari

2024-yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida kuzatilgan o‘sish trendi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi asosiy hamkor mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqi miqdorining oshishi hamda rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasi oqimi ko‘lamining ko‘payishi bilan izohlanadi.

Misol uchun, internet platformalaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan asosiy sohalarda taklif qilinayotgan ish haqi miqdori o‘rtacha 38 foizga oshgan.

Jumladan, ish haqi miqdori qurilish sohasida 55 foiz, yetkazib berishda 48 foiz, taksi va restoran xizmatlarida 46 foiz hamda yuk tashish sohasida 14 foizgacha ko‘paygan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil boshidan ishlash istagida bo‘lgan 113 ming nafardan ziyod fuqarolar, asosan, rivojlangan mamlakatlarga rasmiy, xavfsiz hamda uyushgan holda ishga yuborilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 barobarga oshgan. Mazkur holat O‘zbekistonga xorijdan jo‘natilgan xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida ham namoyon bo‘lmoqda.

Xususan, 2024-yilning yanvar-oktabr oylari davomida kelib tushgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmida o‘tgan yilning mos davriga nisbatan AQShdan 37 foizga, Janubiy Koreyadan 71 foizga, Buyuk Britaniyadan 76 foizga hamda Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan 41 foizga o‘sish kuzatildi (2-diagramma).

марказий bank, pul o‘tkazmalari

Shuningdek, 2024-yilning yanvar-oktabr oylari davomida jismoniy shaxslarga kelib tushgan mablag‘larning 7 mlrd dollari an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali (2023-yilga nisbatan o‘sish 19 foiz), 4,9 mlrd dollari xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) o‘tkazmalari orqali (o‘sish 52 foiz) hamda 650 mln dollari bank o‘tkazmasi (SWIFT) orqali (o‘sish 2,4 barobar) amalga oshirilgan (3-diagramma).

Bunda, 2024-yilda xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri (P2P) kelib tushgan mablag‘larning jami o‘tkazmalar hajmidagi ulushi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foiz bandga (39 foizgacha) oshdi.

2024-yil boshidan P2P (onlayn) pul o‘tkazmalari ko‘lamining sezilarli darajada oshishi transchegaraviy to‘lov tizimlari infratuzilmasining rivojlanishi hamda jismoniy shaxslar orasida mazkur xizmatlarning keng ommalashuvi bilan izohlanishi mumkin. Xususan, 2024-yilning yanvar-oktabr oylari davomida P2P (onlayn) tranzaksiyalari soni qariyb 59 milliontaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 46 foizga ko‘paygan.

Shuningdek, 2024-yilning yanvar-oktabr oylari davomida O‘zbekistondan chet elga yuborilgan pul o‘tkazmalari hajmi 2,3 mlrd dollarni tashkil qildi.

Valyuta ayirboshlash operatsiyalari

2024-yilning yanvar-oktabr oylari davomida banklar hamda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi chet el valyutasi xaridi va sotuvi bo‘yicha operatsiyalar aylanmasi hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 19 foizga (3,3 mlrd dollar) ko‘payib, 20,9 mlrd dollarni tashkil etdi.

Mazkur davrda jismoniy shaxslar tomonidan banklarga 13,2 mlrd dollar miqdoridagi yoki 2023-yilning mos davriga nisbatan 32 foizga ko‘p (2023-yilning mos davrida — 10 mlrd dollar) chet el valyutasi sotilgan. Shu bilan birga, jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan chet el valyutasi hajmi o‘tgan yilga nisbatan 2 foizga o‘sib, 7,7 mlrd dollarga yetdi (2023-yilning mos davrida — 7,6 mlrd dollar) (4-diagramma).

марказий bank, pul o‘tkazmalari

Natijada jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan taklif hajmi talab hajmidan 5,5 mlrd dollarga ko‘p bo‘ldi. Bu o‘z navbatida, ichki valyuta bozorida qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilmoqda, deyiladi regulyator xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 2022-yil oxirida Rossiyaning pul o‘tkazmalaridagi ulushi qariyb 87 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda u 78 foizga kamaygan.

O‘tgan yil oxirida Jahon banki Rossiyadan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari hajmining bosqichma-bosqich qisqarishini qayd etgan edi. Bu RFdagi o‘zbekistonlik mehnat migrantlari sonining qisqarishi, so‘mning rublga nisbatan mustahkamlanishi, shuningdek, Rossiyada inflyatsiyaning o‘sishi bilan izohlangan.

Yanvarda Shavkat Mirziyoyev tashkiliy ishga qabul qilish orqali xorijiy davlatlarga ishga joylashtirish uchun 100 mingga yaqin fuqaroni o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Keyinchalik Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Germaniya, shuningdek, Janubiy Koreya, Polsha, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda ishlash uchun 50 ming bo‘sh ish o‘rni uchun qabul e’lon qildi. Bu borada mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash va o‘qitish bo‘yicha ham yangi chora-tadbirlar joriy etilmoqda.