Iqtisodchi Behzod Hoshimov O‘zbekiston kabi avtomobillar soni kam mamlakatda minglab inson yo‘l-transport hodisalarida vafot etayotgani normal emasligini ta’kidladi. Bu haqda u “Mifonomika” podkastida gapirdi.

“O‘zbekistonda har yili minglab odam yo‘l-transport hodisalari oqibatida bevaqt vafot etyapti. Ko‘pchilik buni qandaydir tabiiy yoki normal deb qabul qiladi, ko‘pchilik mashinada yuradi, peshonada bor degandek. Men insonlarning diqqatini quyidagi narsaga qaratmoqchiman: bizdagi raqamlar normal ham emas, tabiiy ham emas, juda g‘ayritabiiy”, — deydi u.

Uning aytishicha, O‘zbekiston kabi avtomobillar kam joyda bunaqa ko‘p o‘lim kuzatilishi kerak emas.

“Ayniqsa, avtomobillar soniga solishtirsangiz, raqamlar juda qo‘rqinchli. O‘zbekistonda 2023-yilda 2282 kishi YTHlar sabab vafot etdi. Avtomobillar soni esa 4 milliondan ko‘proq. Masalan, Shvetsiyada O‘zbekistondan sal ko‘proq — 5 millionta avtomobil bor, o‘limlar soni esa 229 nafarni tashkil etadi”, — deydi iqtisodchi.

Behzod Hoshimov bu o‘limlarning aksar qismini bartaraf etish imkonli ekanini ta’kidladi.

“Tasavvur qiling, bizda 2 mingdan ortiq emas, 200 kishi vafot etsa. Bu ham, albatta, fojia. Lekin orada 1800 kishilik farq biz o‘zimiz yaratgan raqamlarimiz. Bizning aybimiz bilan bo‘layotgan narsa. Bu narsa ko‘pchilikka imkonsiz tuyulishi mumkin, lekin unday emas. Masalan, Britaniyada odamlar YTHlardan eng ko‘p 1960-yillarda vafot etgan. Undan keyin insonlar ham, mashinalar ham ko‘paydi, lekin o‘limlar soni karrasiga kamaygan. Demak, bu insonlar o‘zlari to‘g‘rilashi mumkin bo‘lgan narsa”, — dedi Nyu-York universiteti professori.

Podkastni to‘liq quyidagi havola orqali ko‘rishingiz mumkin: