Suriyadagi qo‘zg‘olonchilar Halab markaziga yetib bordi. Xo‘sh, nega ular hujumni aynan hozir boshladi? Buning Isroil, Turkiya va Rossiya harakatlari bilan qanday bog‘liqligi bor? Bundan oldin mintaqada nimalar sodir bo‘lgan? “Gazeta.uz” Yaqin Sharqdagi vaziyat bo‘yicha Meduza tayyorlagan materialni tarjima qildi.
Nima bo‘ldi?
Suriya prezidenti Bashar Asad hukumati qo‘shinlariga qarshi kurashayotgan guruhlar 30-noyabr kuni Halab shahri markaziga yetib keldi. Suriya inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashi isyonchilar shahar hududining kamida yarmini egallab olganini, Suriya hukumat qo‘shinlari esa Halabni deyarli qarshiliksiz tark etganini ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Halabdan e’lon qilingan videolarga ko‘ra, isyonchilar Halab markazi va g‘arbiy chekkalarini, shu jumladan, sitadelni nazorat qilmoqda. Shu bilan birga, bundan avvalari Suriyadagi urush paytida qo‘zg‘olonchilar shaharning yarmidan ko‘pini nazorat qilmagan, shuningdek, hech qachon uning markazini egallab olmagandi. Hujumlar 27-noyabr, chorshanba kuni boshlangan.
Suriya armiyasi hujumchilar “shaharning ko‘plab hududlariga” kirib kelganini tan oldi. Qo‘mondonlik bayonotida shunday deyiladi:
“Ko‘p sonli terrorchilar va bir necha frontdagi janglar qurolli kuchlarimizni hujumni qaytarish, tinch aholi va askarlarning hayotini saqlab qolish va qarshi hujumga tayyorgarlik ko‘rish uchun mudofaa chiziqlarini mustahkamlashga qaratilgan qayta joylashtirish operatsiyasini o‘tkazishga undadi”.
Shuningdek, bayonotda aytilishicha, isyonchilar shaharda mustahkam o‘rnashib ololmaydi, chunki qurolli kuchlar “zarba berishni davom ettirmoqda”. Shu bilan birga, Suriya hukumatining nomi oshkor etilmagan vakili BBC`ga qo‘shinlar olib chiqilayotganda “hech qanday jangovar harakatlar” bo‘lmaganini va ko‘plab hukumat binolari, jumladan, shahar kengashi, politsiya uchastkalari va razvedka xizmatlari hozirda bo‘sh qolganini aytdi. Halabning bir necha aholisi ham CNN telekanaliga shahar hududlarida janglar “bezarar” kechganini bildirdi.
Suriya qo‘mondonligi shahar atrofidagi janglarda hukumat armiyasining “o‘nlab” askarlari halok bo‘lganini ma’lum qildi. Suriya Inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hujum boshlanganidan beri kamida 277 kishi, jumladan, 24 nafar tinch aholi halok bo‘lgan.
Reuters harbiy manbalarining tasdiqlashicha, Suriya hukumati isyonchilar hujumi fonida Halab aeroporti va shaharga olib boradigan yo‘llarni yopgan. Nashr manbalariga ko‘ra, Asadning asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lgan Moskva Damashqqa qo‘shimcha harbiy yordam berishni va’da qilgan; yangi texnika keyingi 72 soat ichida yetib kela boshlaydi. Shu paytgacha hukumat qo‘shinlariga isyonchilar kirib kelgan shaharning asosiy hududlaridan chekinishga buyruq berildi, deb yozadi nashr.
Bundan tashqari, Reuters va AFP ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya aviatsiyasi Suriya harbiy-havo kuchlari ko‘magida 30-noyabrga o‘tar kechasi 2016-yildan beri birinchi marta Halab shahrining ayrim hududlariga zarbalar berdi — shuningdek, Idlib shahriga hujum qildi. Suriya Inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashining ta’kidlashicha, Rossiya zarbalari oqibatida to‘rt nafar tinch aholi halok bo‘lgan va 19 kishi yaralangan. Rossiya Qurolli kuchlari vakili Oleg Ignasyuk Rossiya harbiy-havo kuchlari dushman pozitsiyalariga “raketa-bomba zarbalari berayotganini” e’lon qildi. Ignasyukning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan sutkada “kamida 200 nafar isyonchi yo‘q qilingan”. Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi bilan bog‘liq “Ribar” Telegram kanali qarshi tomonning uchuvchisiz uchish apparatlari Halab sharqidagi Kvayres rus-suriya aviabazasiga hujum qilgani haqida yozdi.
Kreml Halabdagi vaziyatni Suriya suverenitetiga tajovuz deb atadi va Moskva mintaqada tartibni tiklashni qo‘llab-quvvatlashini qo‘shimcha qildi. Dmitriy Peskov Suriya prezidenti Bashar Asad haqiqatan ham tashrif bilan Moskvaga kelganmi, degan savolga javob bermadi. “Bu masalada aytadigan gapim yo‘q”, — dedi Vladimir Putinning matbuot kotibi.
So‘nggi yillarda Halabda nimalar sodir bo‘lmoqda?
AP nashrining ta’kidlashicha, 2016-yilda Rossiya va Eron qo‘llab-quvvatlagan hukumat qo‘shinlari shaharning sharqiy hududlarida isyonchilarni o‘rab olib, taslim bo‘lishga majbur qilganidan beri Halabga bunday guruhlar tomonidan hujum qilinmagan.
Bir vaqtlar Halab Suriya qurolli muxolifatining markazi bo‘lgan. Suriyaning o‘sha paytdagi eng yirik shahri (urushdan oldingi aholisi 2,5 milliondan ortiq) Bashar Asad rejimiga qarshi norozilik namoyishlariga darhol qo‘shilmagandi. Halabdagi birinchi hukumatga qarshi namoyishlar 2011-yilning yozida — Damashq va Suriyaning boshqa shaharlarida shunga o‘xshash namoyishlardan bir necha oy o‘tib boshlangan. Oppozitsiya namoyishi bilan bir vaqtda shaharda Asadni qo‘llab-quvvatlovchi minglab namoyishlar ham bo‘lib o‘tgan.
Halab jangi 2012-yilning yozida Asad qo‘shinlariga bir necha oy davomida ko‘chalarda qarshilik ko‘rsatganidan so‘ng boshlangan: shahar atrofida joylashgan qurolli muxolifat unga kirib borgan; Damashq bombardimon bilan javob qaytargan. Halab shahri Asad raqiblarining tayanch nuqtasiga aylanishiga uning Turkiyaga yaqinligi sabab bo‘ldi, u yerda, asosan, “Ozod Suriya armiyasi” va boshqa hukumatga qarshi guruhlarning mashq lagerlari joylashgan.
Meduza yozganidek, shahar uchun turli vaqtlarda qurolli qo‘zg‘olonchilar ham, Asad qo‘shinlari ham Rossiya ko‘magida jang qilgan. BMTning ta’kidlashicha, mojaroning barcha tomonlari turli vaqtlarda urush olib borishning taqiqlangan usullariga — bochkali bombalardan tortib qo‘zg‘olonchilarning qo‘lbola minomyotlarigacha yo‘l qo‘ygan; kimyoviy qurollardan foydalanilgani haqida ham xabarlar tarqalgan.
2014-yilda Bashar Asad qo‘shinlari faol hujumni boshlab, vaqti-vaqti bilan uni to‘liq o‘rab olib, Halabdan chiqadigan yo‘llarning bir qismini yopib qo‘ygan. Bu esa Suriyaning bir paytlar aholisi eng ko‘p bo‘lgan shahridan ko‘plab aholi qochib ketishiga olib keldi. Qamal oqibatida shaharda BMT tomonidan gumanitar falokat deb nomlangan vaziyat yuzaga keldi.
2015-yil sentabrigacha Asad qo‘shinlari muvaffaqiyatsizlikka uchradi, ammo Damashq iltimosiga ko‘ra Rossiya shaharga hujumlarga qo‘shilganidan so‘ng qurolli isyonchilar o‘z pozitsiyalarini yo‘qota boshladi va 2016-yil dekabr oyida shahar deyarli to‘liq hukumat kuchlari nazoratiga o‘tdi. Halabga hujum yakunlanganini o‘sha paytdagi mudofaa vaziri Sergey Shoygu shaxsan Vladimir Putinga ma’lum qilgandi…
2016-yil 29-dekabrda Suriya hukumati va qurolli muxolifat o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risidagi bitim imzolangan, Rossiya va Turkiya sulhga rioya qilishning kafolati bo‘lgan. Ular mojaroda turli tomonlarni qo‘llab-quvvatlamoqda: Rossiya — Bashar Asadni, Turkiya — qurolli muxolifat ichidagi ba’zi kuchlarni.
2017-yil oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin butun Suriya hududida “terrorchilar tor-mor etilganini” e’lon qilgan. Bu vaqtga kelib, Asad hukumatining harbiy kuchlari mamlakat hududi ustidan nazoratni tiklay boshladi. 2020-yilda Turkiya va Rossiya Suriya hukumatining Idlibni qaytarib olishga urinishlarini to‘xtatish uchun yana bir o‘t ochishni to‘xtatish bitimini imzoladi. Bu esa jangovar harakatlarda uzoq davom etgan jimlikka olib keldi. BBC 2021-yilda ta’kidlaganidek, o‘sha paytda Asad Suriya hududining uchdan ikki qismini nazorat qilgan (taqqoslash uchun — 2013-yilda Asadning nazorati ostida mamlakatning faqat beshdan bir qismi bo‘lgan). BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Suriyadagi urush paytida 300 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘lgan. 6,8 millionga yaqin suriyalik mamlakatni tark etgan.
Hozir Halabga kim hujum qilyapti?
The New York Times nashrining ta’kidlashicha, hujumni muxolifat guruhlarining so‘nggilaridan bo‘lgan turli guruhlar olib bormoqda. Ammo asosiy va eng yirik guruh “Hayyat Tahrir ash-Shom” fraksiyasi bo‘lib, u ilgari “Al-Qoida” bilan aloqada bo‘lgan. U hali ham muxolifat guruhlari qo‘lida bo‘lgan shimoli-g‘arbiy hududning katta qismini nazorat qiladi. Isyonchilar o‘z harakatlarini Suriya prezidenti Bashar Asad kuchlari tomonidan yaqinda o‘tkazilgan artilleriya hujumlariga javob deb atamoqda.
“Hayyat Tahrir ash-Shom” — Suriyadagi ISHIDning sobiq bo‘linmasi — “An-Nusra” fronti negizida tashkil etilgan koalitsiya. 2014-yilda “An-Nusra” o‘zini xalifalik deb e’lon qilgan ISHID bilan aloqani uzgan va “Al-Qoida”ning Suriya bo‘limiga aylangan. 2017-yilda Suriya armiyasidan mag‘lubiyatga uchragach, u o‘z nomini “Hayyat Tahrir ash-Shom” deb o‘zgartirdi va terrorchi tashkilot tamg‘asidan xalos bo‘lish uchun “Al-Qoida” bilan rasman ajralishini e’lon qildi. Biroq Rossiya, AQSh va boshqa davlatlar harakatni “Al-Qoida”ga aloqador deb hisoblashda davom etadi.
Suriya Inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bir nechta isyonchi guruhlar ham qo‘shilgan. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan buni inkor etdi.
Nima uchun isyonchilar aynan shu paytda hujumga o‘tishga qaror qildi?
Bu Isroil hukumati va Livanning “Hizbullah” guruhi Livan-Isroil chegarasidagi harbiy harakatlarni to‘xtatishga kelishib olgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. 26-noyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, keyin esa AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi.
“Hizbulloh” mojaroda hukumat qo‘shinlari tomonida turgan Eron bilan ham, Bashar Asad rejimining o‘zi bilan ham yaqin aloqada. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, Suriyadagi urush davrida “Hizbulloh” Asadga 10 minggacha askar bergan, ammo ularning aniq sonini aniqlash imkonsiz.
Shu bilan birga, Eronning strategik raqibi bo‘lgan Isroil yillar davomida Suriyaga zarbalar berib, uning maqsadlari Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadiganlar, jumladan, Livan guruhi ekanini ta’kidladi. Bu hujumlar HAMAS tomonidan 2023-yil 7-oktabrda uyushtirilgan hujumlardan keyin kuchaygan. Sentabr oyida Bayrutda “Hizbulloh” bosh kotibi Hasan Nasrulloh, keyinroq uning norasmiy vorisi Hoshim Safiddin o‘ldirildi.
Hozirda “Hizbulloh”ning imkoniyatlari minimal darajada, agar Isroil bilan uzoq muddatli sulh tuzilsa, u o‘z kuchlarini tiklashi mumkin. AQShning Suriyadagi so‘nggi elchisi Robert Fordning fikricha, Isroilning Suriya va “Hizbulloh” obyektlariga bir necha oy davom etgan zarbalari isyonchilarga oldinga siljish imkonini beradigan omildir. Asadning yana bir ittifoqchisi Rossiya ham ikki yarim yildan ko‘proq vaqtdan beri davom etayotgan Ukrainaga qarshi urush tufayli qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Asadga yordam berishi mumkin bo‘lgan Eron ham hozir Isroil bilan qarama-qarshilikda. Masalan, Isroil Mudofaa armiyasi 26-oktabrga o‘tar kechasi Erondagi harbiy obyektlarga bir qator havo hujumlarini amalga oshirgan.
AQShda joylashgan Yaqin Sharq institutining Suriya bo‘yicha tahlilchisi Charlz Listerning fikricha, Rossiya ham, Turkiya ham mojaroga kirishishi xavfi mavjud: har bir davlatning mintaqada himoya qilinishi kerak bo‘lgan o‘z manfaatlari bor. 30-noyabr kuni Rossiya TIV ikki davlat tashqi ishlar vazirlari telefon orqali muloqot qilib, “Suriyadagi mavjud vaziyatni” muhokama qilganini ma’lum qildi. “Har ikki tomon ham Halab va Idlib provinsiyalarida harbiy eskalatsiya tufayli Suriyadagi vaziyatning xavfli rivojlanishidan jiddiy xavotir bildirdi”, — deyiladi Rossiya TIV matbuot relizida.
Charlz Listerning so‘zlariga ko‘ra, yana bir xavf — bu “Islom davlati” askarlarining aralashuvi bo‘lib, ular sodir bo‘layotgan voqealarda mintaqaga to‘liq qaytish imkoniyatini ko‘rishlari mumkin.