Akmal Anvarovich Остонов Buxoro viloyati Vobkent tumani hokimi etib tasdiqlandi. Bu haqda viloyati hokimligi xabar qildi.

Qayd etilishicha, Xalq deputatlari Vobkent tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Vobkent tumani hokimi vazifasida 2021-yildan beri ishlab kelayotgan Farhod Umarov sog‘ligi yomonlashganligi munosabati bilan o‘z arizasiga binoan egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.

Qorovulbozor tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Akmal Anvarovich Ostonov nomzodini Vobkent tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarori o‘qib eshittirildi. Kengashi deputatlari tomonidan Akmal Ostonov Vobkent tumani hokimi etib tasdiqlandi.

Bundan tashqari, Peshku tumani kengashining ham navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyada viloyat hokimi Botir Zaripov tanqidiy-tahliliy nutq so‘zladi. Viloyat rahbari oxirgi yillarda Peshku tumanidagi dolzarb muammolarni hal qilish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi darajaga ko‘tarish borasida sezilarli o‘zgarishlar qilinganligini qayd etdi.

“Ammo so‘nggi yillardagi tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, tumanning ayni paytdagi rivojlanish sur’ati hurmatli prezidentimiz talablari, mehnatkash Peshku ahlining ehtiyojlaridan ancha orqada qolmoqda”, — dedi Botir Zaripov.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. Viloyat hokimi Vahob Hamidovich Qahhorovni Peshku tumani hokimi lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni o‘qib eshittirdi. Ushbu masala ovozga qo‘yilib, deputatlar tomonidan tasdiqlandi.

Shundan so‘ng Botir Zaripov 2021-yildan beri Kogon shahar hokimi vazifasida ishlab kelayotgan Hayot Hasanovich Davlatov nomzodini Peshku tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi viloyat hokimining qarorini o‘qib eshittirdi. Hayot Hasanovich Davlatov Peshku tumani hokimi etib tasdiqlandi.

29-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga o‘tishi ta’kidlandi.