Bir kun avval Abu-Dabiga (BAA) uchib borgach, aeroportdan chiqarilmagan va u yerda bir sutkadan ortiq qolib ketgan 13 nafarga yaqin O‘zbekiston fuqarosi Toshkentga qaytib keldi. Bu haqda Air Arabia aviakompaniyasining ertalabki reysida kelgan yo‘lovchilardan biri “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Avval xabar berganimizdek, 30-noyabr kuni soat 1:00 da Toshkentdan Wizz Air aviakompaniyasining 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak tushuntirishlarsiz boshqa yo‘lovchilardan ajratib olinib, pasportlari olib qo‘yilgan va tashrifning maqsadi hamda davomiyligi haqida so‘roq qilingan. Keyinroq boshqa reys bilan kelgan boshqa erkaklarning ham ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi. Ularning umumiy soni noma’lum.

O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi vaziyat nazoratda ekanini ma’lum qildi, biroq yo‘lovchilar diplomatik missiya vakillarini ko‘rmaganlarini va ularga hech qanday yordam ko‘rsatilmaganini aytdi.

Ushlab turilganlar aeroportda yarim sutkadan ko‘proq vaqt davomida ovqatlanmagani, hojatxonaga milliy gvardiyaning qurolli xodimlari kuzatuvida borganini bildirdi. Ular dim xonada ushlab turilgan, shuningdek, polda yotishga to‘g‘ri kelgan. Ularga pasportlari uchib ketishidan bir soat oldin qaytarib berilgan.

абu-daби, баа

Toshkentga qaytganlarning barchasi chiptalarni o‘z hisobidan sotib oldi. Yana taxminan 10 kishi yakshanba kuni boshqa reys bilan, qolganlari esa keyinroq kelishni rejalashtirgan.

Ba’zilar Samarqandga chipta sotib olishga majbur bo‘ldi, chunki boshqa variant yo‘q edi, dedi yo‘lovchilardan biri.

“Qo‘lga olishlar aynan Abu-Dabida sodir bo‘lmoqda, — dedi Toshkentga qaytib kelgan erkak. — Biz bilan birga yoki keyinroq Dubayga uchib kelgan tanishlarimiz hech qanday muammoga duch kelmadi”.

“Hech kim — elchixonamiz ham, milliy gvardiya ham, qo‘riqlash xizmati ham, immigratsiya xizmati ham hibsga olish sababini aytmadi. Keyinroq biz buni ravvinning o‘ldirilishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini taxmin qildik”, — dedi u.

25-noyabr kuni BAA Ichki ishlar vazirligi uch nafar O‘zbekiston fuqarosi 28 yoshli isroillik ravvin Zvi Koganni o‘ldirishda gumonlanayotgani haqida xabar berdi. U bundan bir necha kun oldin Dubayda bedarak yo‘qolgan va O‘mon bilan chegaradosh Al-Ayn shahrida o‘lik holda topilgan.

“Sovuqda uxladik, ba’zilarimiz yomon holda qoldik, hech qanday yordam yoki insoniy munosabat ko‘rmadik. Ehtimol, elchixona aeroport ma’muriyatidan xabar berilgani sababli bizda hammasi yaxshi deb o‘ylagan, ammo bunday emasdi”, — dedi suhbatdosh.