O‘zbekiston fuqarolariga 30 kun davomida Xitoyga vizasiz sayohat qilish imkonini beruvchi bitim 1-dekabr kuni Chendu shahrida bo‘lib o‘tgan biznes-forum doirasida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari tomonidan imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov ma’lum qildi.
“Bu hujjat aloqalarimizni yanada faollashtirish, savdo aylanmasini oshirish va xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi yana bir muhim qadamdir”, — dedi u XXR TIV rahbari Van I bilan uchrashuv yakunida.
O‘zbekiston va Xitoy rahbarlari o‘tgan yilning bahorida prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga davlat tashrifi chog‘ida viza rejimini soddalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan edi.
2021-yil mart oyidan boshlab Xitoy fuqarolari O‘zbekistonga 10 kun muddatga vizasiz kirishlari mumkin.
Vizasiz rejim qachon kuchga kirishi hozircha aniqlashtirilmagan. Bu haqda qo‘shimcha ma’lumot beriladi.