“Gazeta.uz” 2024-yil 1-oktabrdan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi.

1. “Majburiyatlar reyestri” instituti joriy etiladi.

2024-yil 1-dekabrdan sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlovchi “Majburiyatlar reyestri” instituti joriy etiladi.

Bunda:

  • qarzdor mol-mulki yo‘qligi sababli undiruv amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganda, u haqidagi ma’lumotlar majburiy tartibda reyestrga kiritiladi;
  • qarzdor haqida ma’lumot reyestrga kiritilgandan keyin unga nisbatan ijro ishi doirasida qo‘llanilgan barcha cheklovlar saqlab qolinadi;
  • reyestrga kiritilgan qarzdorning mol-mulki va pul mablag‘lari aniqlanganda majburiy ijro harakatlari davom ettiriladi.

2. Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish takomillashtiriladi.

2024-yil 1-dekabrdan bir kalendar yil davomida ikki va undan ortiq marta tazyiq va zo‘ravonlik holati bo‘yicha murojaat qilinganda ichki ishlar organlari tomonidan himoya orderi tashabbus tartibida beriladi.

3. Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi

2024-yil 1-dekabrdan “mahalla yettiligi” tomonidan kambag‘al oilalarning ijtimoiy sharoiti va kambag‘allikka tushish sabablarini o‘rganish natijasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan Kambag‘al oilalar reyestri shakllantiriladi.

4. Meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash tizimi joriy etiladi.

2024-yil 1-dekabrdan fermer va dehqon xo‘jaliklarining nufuzini oshirish, qayta ishlovchi va eksport qiluvchi korxonalarga ko‘maklashishga qaratilgan “meva-sabzavot mahsulotlari yetishtiruvchilarni baholash” tizimi joriy etiladi.

5. Xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori kamaytiriladi.

Migratsiya agentligi tomonidan ta’lim tashkilotlarida xorijga ishga ketmoqchi bo‘lgan fuqarolarni kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish bo‘yicha buyurtmalar joylashtirish tartibi joriy etiladi.

Xususiy bandlik agentliklari tomonidan litsenziya olish uchun zaxira qilinadigan mablag‘lar miqdori BHMning 8500 baravaridan 4000 baravarigacha tushiriladi.

6. Avtoraqamlar uchun to‘lov qilish osonlashtiriladi.

2024-yil 1-dekabrdan boshlab avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga raqamlar berish bo‘yicha murojaat qilish va to‘lovni amalga oshirish YHXX mobil ilovasi, rasmiy veb-sayti, “Call"-markazi yoki YAIDXP orqali amalga oshirilishi mumkin.

7. Ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

O‘zbekistonda 1-dekabrdan ichimlik va oqova suv xizmatlari to‘lovlari faqat elektron shaklda qabul qilinadi.

Ta’kidlanishicha, bu chora sohada shaffoflikni ta’minlash, hamda korrupsion holatlarga barham berish maqsadida amalga oshirilmoqda. Endilikda nazoratchi va suv ta’minoti xodimlariga to‘lovlarni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish to‘xtatiladi.

Iste’molchilar to‘lovlarni amalga oshirishda o‘zi uchun qulay va tezkor bo‘lgan quyidagi vositalardan foydalanishi mumkin:

  • cabinet.uzsuv.uz shaxsiy kabinet orqali;
  • @uzsuvbot Telegram boti orqali;
  • Elektron to‘lov tizimlari (Click, Paynet, Alif Mobi, Payme, Oson, Uzum Bank) hamda to‘lov infokiosklari va tijorat bank kassalari hamda shoxobchalari, pochta bo‘limlari orqali.

8. Ayrim bino va inshootlarni foydalanishga topshirish to‘xtatiladi.

Hududiy inspeksiyalar ro‘yxatidan o‘tkazmasdan qurilish-montaj ishlari bajarilgan bino va inshootlar bo‘yicha tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va foydalanishga ruxsat berish ishlari 2024-yil 31-dekabrdan to‘xtatiladi.