O‘zbekistonda qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rishda yo‘l qo‘yilgan xatolar uchun bir qancha rahbarlar intizomiy javobgarlikka tortildi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hukumat rahbari Abdulla Aripov “qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni betalafot o‘tkazish, iste’molchilarga yoqilg‘i-energiya resurslarini barqaror yetkazib berish hamda ularni tejash bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan” ayrim rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini oshirish bo‘yicha farmoyish qabul qilgan.
Xususan, elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash bo‘yicha belgilangan rejalarga rioya etmagani, energiya resurslaridan foydalanish limitlarini oshirib yuborgani (tejamkorlik rejalari va limitlari ochiq holda mavjud emas) va yetarlicha nazorat o‘rnatmagani uchun quyidagi hokimlarga hayfsan e’lon qilindi:
- Komiljon Ernazarov — Sirdaryo viloyati Oqoltin tumani hokimi;
- Orif Rahmonqulov — Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani hokimi;
- Jo‘rabek Axmedov — Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani hokimi;
- Shuhrat Dusbekov — Toshkent viloyati Bekobod tumani hokimi;
- Erkin Rustamov — Toshkent viloyati Zangiota tumani hokimi;
- Sardor Ergashev — Toshkent tumani hokimi;
- Odiljon Ataullayev — Yangiyo‘l tumani hokimi;
- Ma’ruf Usmonov — Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri hokimi;
- G‘anixon Soliyev — Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumani hokimi;
- Rasuljon Jurayev — Farg‘ona viloyati Beshariq tumani hokimi;
- Sayidbahrom Sayidmusayev — Farg‘ona viloyati So‘x tumani hokimi;
- Elorbek Asronqulov — Furqat tumani hokimi.
Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston suv xo‘jaligi vaziri Baxtiyor Juzboyev, Andijon viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Komilov, Namangan viloyati hokimining ham shu masalalar bo‘yicha o‘rinbosari G‘ulomjon Murodxo‘jayev, Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Boburbek Sultonbekov, Andijon tumani hokimi Bobirbek Yuldashev va Beruniy tumani hokimi Ikrom Xidirovga elektr energiyasi va tabiiy gaz talon-toroj qilinishiga yo‘l qo‘ygani uchun hayfsan e’lon qilindi.
“O‘zbekko‘mir” AJ bosh direktori o‘rinbosari Erkin Yoqubovga ko‘mirni aholi o‘rtasida taqsimlashda kechikish va sifatsiz ko‘mirni tarqatish holatlari ko‘pligi va bu jarayon ustidan yetarli nazorat o‘rnatilmagani uchun “oxirgi marta ogohlantirish” berildi.
Farmoyishda tegishli vazirlik va idoralarga mazkur shahar va tumanlar sektor rahbarlari faoliyatiga baho berib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rish va natijasi bo‘yicha bir kun muddatda Vazirlar Mahkamasiga axborot berish topshirildi.
Kuz-qish mavsumida O‘zbekiston iste’molchilariga 21 mlrd kub metr gaz yetkazib berish rejalashtirilgan, deyiladi prezidentning 15-noyabrdagi yig‘ilishida. Keskin sovish holatida harakat rejasi va ijtimoiy muassasalarni uzluksiz energiya bilan ta’minlash choralari ishlab chiqilgan. Hududlarda gazni tejash imkoniyatlarini ishga solish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Avvalroq energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bazaviy va pessimistik ssenariylar ishlab chiqilganini ma’lum qilgandi. -20 darajadan yuqori haroratda yirik iste’molchilar va yonilg‘i quyish shoxobchalari uchun gaz ta’minoti cheklanadi, mazutdan foydalanish ko‘paytiriladi, yirik korxonalarga energiya resurslari yetkazib berish cheklanadi va boshqalar.
Biroq shu paytgacha ushbu ssenariylar jamoatchilikka taqdim etilmagan.