30-noyabr kuni soat 1:00 da Abu-Dabi shahridagi Shayx Zayd nomidagi aeroportga Toshkentdan Wizz Air aviakompaniyasining 5W7160 reysi bilan uchib borgan 31 nafar erkak — O‘zbekiston fuqarolari aeroportdan chiqarilmagan va ushlab turilgan. Bu haqda bir necha yo‘lovchi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi hamda ularning huquqlari qo‘pol ravishda buzilganini aytdi.
Keyinroq yana 10 kishi, so‘ng esa yana 50 kishi ushlab turilgani ma’lum bo‘ldi. Suhbatdoshlarning fikricha, ushlashlar bundan keyin ham davom etishi mumkin.
31 erkakdan iborat guruh ichida bo‘lgan suhbatdoshlardan birining so‘zlariga ko‘ra, ayollar, bolalar va yoshi katta odamlar qo‘yib yuborilgan. 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan erkaklar ushlab turilgan, ular mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin. Ularning hech biriga bunday xatti-harakatlarning sababi ma’lum qilinmagan. Yarim sutkadan ko‘proq vaqt davomida ularga ovqat berilmagan va hatto milliy gvardiyaning qurollangan xodimlari hamrohligida hojatxonaga borib-kelishgan. Yo‘lovchilarning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston elchixonasi hibsga olinganlarga yordam bera olmagan.
“Biz akam bilan Formula 1 uchun faqat turizm maqsadida uchib keldik. U yerda Eminem, Maroon 5, Teddy Swims, Peggy Gou, Muse konsertlari ham rejalashtirilgan”, — dedi yo‘lovchilardan biri.
Ushlab turilganlarning barchasi turli maqsadlarda — kimdir biznes, kimdir oilasi bilan ko‘rishish uchun, kimdir sayyoh sifatida kelgan, dedi u.
“Uchib kelganimizdan so‘ng pasport nazoratida bizni shunchaki olib ketishdi, hech qanday sababsiz pasportlarni olib qo‘yishdi”, — dedi erkak.
“Biz shunchaki o‘tirardik va hech bo‘lmaganda qandaydir ma’lumot berishlarini kutardik. Keyin bittama-bitta chaqirib, nima maqsadda, necha kunga kelganimizni so‘ray boshlashdi, telefon nomerini olishdi-da, savollarimizga javob bermay, qaytarib yuborishdi. Shunday qilib, biz 15 soat o‘tirdik”, — dedi suhbatdosh. Shu vaqt ichida ularni bir marta ovqatlantirishgan.
“Keyin milliy gvardiya xodimlari avtomatlar bilan kelib, bizni yerto‘laning qayeridadir joylashgan boshqa xonaga olib ketishdi, u yerda sharoit juda yomon, dim, na o‘tirish, na yotish mumkin edi”, — dedi u.
“Biz o‘zimiz elchixonadan kontakt topishga kirishdik. Bizni turli ma’lumotlar bilan umidvor qilishdi, ammo hozircha hech kim yordam bermadi. Ertalab soat 8 da elchixonadan kelishlarini aytishdi, kelishmadi. Keyin kechki soat 5 da masalani hal qilishlarini aytishdi, hal qilishmadi”, — dedi erkak.
Hibsga olinganlarning barchasi mamlakatdan Toshkentga qaytarib yuborilishi haqida hech kimga ochiq aytilmagan. Ular 18 ta chipta sotib olinganidan xabar topgan (eslatib o‘tamiz, jami 31 kishi ushlab turilgandi), “lekin qaysi chiptalar, kim uchun, qaysi reysga — hech kim aytmagan”, shuning uchun odamlar o‘zlari chipta sotib olishlariga to‘g‘ri kelgan.
“Biz chiptalarni o‘z hisobimizdan qayta sotib oldik, hech kim xarajatlarni qoplamoqchi emasdi. Biz yana uyqusiz holda reysni kutyapmiz, chunki uxlaydigan joy yo‘q. Reys 11 soatdan keyin”, — dedi suhbatdosh.
“Elchixonada kun bo‘yi bizning ishimiz bilan shug‘ullanyapmiz deyishdi, lekin hozirgacha hech narsa qilinmadi, 31 kishining hammasi shunchaki o‘zi yo‘l izladi”, — dedi u.
“Hozirgina bizni milliy gvardiyasiz qaytarib yuborishdi, xohlagan odamga o‘z hisobidan yemak olishga ruxsat berishdi. Pasportni qaytarib berishmadi. Faqat uchib ketish oldidan berishlarini aytishdi”, — dedi u.
“Biz 4300 dollarga tushdik — Formula 1 chiptalari, uy-joy, parvozlar”, — deya qo‘shimcha qildi erkak.
Elchixona bayonoti
Taxminan Toshkent vaqti bilan soat 23:10 da O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi 31 nafar O‘zbekiston fuqarosi “noma’lum sabablarga ko‘ra” aeroportda ushlab turilgani haqida xabar e’lon qildi.
“O‘zbekistonning Abu-Dabidagi elchixonasi va Dubaydagi bosh konsulxonasi aeroport ma’muriyati va amirliklarning mas’ul idoralari vakillari bilan muloqotda bo‘lib, vaziyatni nazoratga olgan”, — deyiladi xabarda.
“Aeroport ma’muriyati bilan hamkorlikda hamyurtlarimizni uch mahal ovqat bilan ta’minlash hamda ularga zarur hollarda tibbiy yordam ko‘rsatish choralari tashkil etildi. Yuzaga kelgan vaziyatni hal etish bo‘yicha barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda”, — deyiladi xabarda.