“Gazeta.uz” muxbiri Mirolim Isajonov yakshanba kuni Abu-Dabiga (BAA) uchayotgan va u yerdan qaytayotgan yo‘lovchilar bilan suhbatlashish uchun Toshkent aeroportiga bordi.

Avval xabar berganimizdek, 29-noyabr kuni kechqurun Toshkentdan uchgan va 30-noyabr kuni erta tongda Abu-Dabiga yetib kelgan Wizz Air aviakompaniyasining 31 nafar erkak yo‘lovchisi aeroportdan chiqishiga ruxsat berilmagan. Samarqanddan borgan erkaklar ham mamlakatga kiritilmagani haqida ma’lumotlar bor.

Yo‘lovchilarning bir qismi 1-dekabr kuni ertalab boshqa aviakompaniya — Air Arabia reysi bilan Toshkentga qaytib keldi. Kechqurun Abu-Dabidan navbatdagi Wizz Air reysi keladi, shundan so‘ng Abu-Dabiga qaytish reysi amalga oshiriladi.

Jurnalistimiz Abu-Dabiga ketayotganlarning ko‘p qismi Umra ziyoratini ado etish maqsadida uchayotganini aniqladi. Ko‘pchilik aeroportda bo‘layotgan voqealardan bexabar.

“Gazeta.uz”ga вазият yuzasidan Wizz Air vakili Muhammadyusuf Muhammadusmonov izoh berdi.

— Kecha Abu-Dabiga O‘zbekistondan uchgan erkaklar kiritilmadi. Bu haqda xabaringiz bormi va nima deya olasiz?

— Xabarim bor. Eshitishim bo‘yicha, kecha Abu-Dabiga uchib borishgandan keyin chegara xodimlari ularni Abu-Dabiga kiritmagan. [Toshkentdan uchgan] 31 kishi kiritilmagan, 15 soat pasporti ushlab turilgan. Qanchadiri Toshkentdan uchib borgan, qanchadiri Samarqanddan. Hozir ularni tashkillashtirishyapti, hammasiga qaytish chiptasi qilinib, qaytib O‘zbekistonga olib kelishyapti.

— Chipta kimning hisobidan sotib olinyapti? Biz bilan suhbatlashgan bir qancha erkaklar chiptani o‘zlari sotib olganini aytishdi.

— Samarqandga reysda 15−20 kishi yetib keldi. Qolganlari bugun Toshkentga yetib keladi (Wizz Air samolyoti soat 20:50 da kelishi kutilmoqda — tahr.).

Avikompaniya, agar chegara xizmati yulovchini kirgizmasa, ya’ni yulovchi INAD (inadmissible, ya’ni mamlakatga kirishi taqiqlangan) hisoblansa, qaytish chiptasi bo‘lsa, uni o‘sha kunga surib ortga jo‘natadi, chipta bo‘lmasa, chiptani aviakompaniya to‘lab beradi va olib keladi. Agar chegara xizmati kirgizmasa, bu kompaniya bo‘ynida bo‘ladi.

— Aeroportdan faqat erkaklar chiqarilmadi, degan gap rostmi?

— Ayollar kiritilyapti, oilaviy uchib borgan erkaklar bolalari bilan kiritilyapti. Mendagi ma’lumot bo‘yicha, yakka uchib borgan erkaklar, Umraga (Madinaga reysga o‘tkazilgan holda — tahr.) borganlari ham, kiritilmayapti. Aytib o‘tishim kerak, aniq ma’lumot hozircha yo‘q.

— Kompaniya faoliyatida avval ham shunday holat bo‘lganmi?

— Bunday holatlar bo‘lmagan. O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz rejim yaqinda, bir necha oy oldin ochilgan edi va bu vaqt ichida birinchi marta sodir bo‘lmoqda.

— Kompaniya yo‘lovchilarni Abu-Dabida sodir bo‘lgan voqea haqida ogohlantiryaptimi?

— Abu-Dabiga kiritish-kiritmaslikka Abu-Dabidagi chegara xizmati javob beradi. Buning Wizz Air`ga hech qanday aloqasi yo‘q. Biz oddiy tashuvchimiz. Odamlar vaziyatdan xabardor bo‘lib, uchish haqidagi qarorni o‘zlari qabul qiladi.

— Kechagi vaziyatdan keyin chiptalarni qaytarib berish holatlari bo‘ldimi?

— Yo‘q, bo‘lmadi.

“Gazeta.uz” Abu-Dabiga va ortga qaytadigan reyslar yo‘lovchilari fikrlarini ham e’lon qiladi.