1-dekabr kuni Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovga yangi o‘rinbosar tayinlandi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Unga ko‘ra, Hafiza Artikova Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari — oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi. Shu vaqtgacha mazkur lavozimda ishlagan Feruza Ibragimova esa boshqa ishga o‘tdi.

Hafiza Artikova 1976-yil 24-dekabrda Buxoro tumanida tug‘ilgan. 1997-yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. Biologiya fanlari doktori, professor.

Yangi tayinlovgacha u Buxoro davlat pedagogika institutining Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori vazifasida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, 30-noyabr kuni Baxtiyor Adilov viloyat hokimiga yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandi. Bundan tashqari o‘sha kuni Buxoro viloyatining Peshku, Vobkent, Qorovulbozor tumanlari va Kogon shahri hokimlari o‘zgardi.

29-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatida qo‘shimcha imkoniyatlarni yuzaga chiqarish, investitsiya va ish o‘rinlarini ko‘paytirish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlari mavjud salohiyatga mos emasligi aytildi. Investitsiyalarni o‘zlashtirish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish borasidagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.

Shu bois hokimlar, ularning o‘rinbosarlari va sektor rahbarlari 6 oy favqulodda ish tartibiga o‘tishi ta’kidlandi.