Erkin Muhitdinov Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligiga ishga o‘tdi. Bu haqda vazirlik rahbarining tegishli buyrug‘i chiqarilgan.
Unga ko‘ra, Erkin Madorbekovich Muhitdinov endilikda Ekologiya vazirligining O‘rmon, bioxilmaxillik va ekoturizm siyosatini yuritish departamenti boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
U 2024-yilning oktabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda xizmatdagi qator kamchiliklari sabab Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimidan ozod etilgandi.
Erkin Muhitdinov viloyat hokimiga 2024-yil 20-may kuni birinchi o‘rinbosar etib tayinlangan. Undan oldin, 2023-yilning avgust oyidan Ohangaron tumaniga hokimlik qilib kelayotgandi.
Shuningdek, u ko‘p muddat kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri o‘rinbosari lavozimida ham ishlagan.
Erkin Muhitdinov 1976-yil Andijon viloyati Andijon shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti oliy. 1997-yilda Andijon iqtisodiyot boshqaruv instituti, 2000-yilda Bank-moliya akademiyasi, 2007-yilda Rivojlanayotgan iqtisodiyotlar instituti Oliy maktab (Yaponiya)larini tamomlagan.