Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida bosh vazir Irakliy Kobaxidze mamlakat 2028-yil oxirigacha Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralardan voz kechishini e’lon qilganidan keyin ommaviy norozilik namoyishlari beshinchi kun davom etmoqda.

Tbilisidagi mitingchilar parlament oldida Rustaveli prospektida yig‘ildi. BBC hisob-kitoblariga ko‘ra, ushbu kunlarda aksiyalarda o‘n minglab odamlar ishtirok etgan.

Politsiya birinchi oqshomdanoq namoyishchilarga qarshi suv va ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llamoqda. Bunga javoban namoyishchilar barrikadalar qurdi, olov yoqdi va kuch ishlatuvchilarga mushaklardan “pulemyot” uloqtirdi.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi norozilik namoyishlarining dastlabki uch kunida politsiya jami 224 kishini hibsga olganini ma’lum qildi. Ularni mayda bezorilikda va politsiyaga qarshilik ko‘rsatishda ayblashmoqda.

Shuningdek, harakatlar davomida IIVning 113 nafar xodimi jarohatlangan, ulardan 4 nafari tibbiyot muassasalarida davolanmoqda.

Gruziya 2023-yil dekabr oyida Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olgandi. Gruziyaning Yevropa Ittifoqiga to‘liq integratsiyalashuvi zarurligi mamlakat konstitutsiyasida ham qayd etilgan.

Shu kunlarda Gruziyada yana nimalar sodir bo‘ldi:

  • Namoyishchilarni Gruziyaning amaldagi prezidenti Salome Zurabishvili qo‘llab-quvvatladi. U mamlakat parlamentini noqonuniy deb atadi va yangi saylovlar o‘tgunga qadar o‘z lavozimini tark etishdan bosh tortdi. Namoyishlarning birinchi kunida u aksiyalarga qo‘shildi.
  • Hukumatning Yevropa integratsiyasini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaroridan so‘ng Gruziya elchilari iste’foga chiqdi. AQSh, Niderlandiya, Bolgariya, Italiya va Litvaga elchilar o‘z lavozimlaridan ketdi.
  • Gruziyaning bir qancha shaharlarida maktab o‘quvchilari norozilik namoyishlari uyushtirdi. Mudofaa va ta’lim vazirliklari, shuningdek, boshqa qator davlat tashkilotlari xodimlari hukumat harakatlaridan noroziligi haqida bayonot berdi.
  • Bosh vazir Irakliy Kobaxidze 30-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan brifingda yevropalik siyosatchilar va muxolifatni noroziliklarni qo‘zg‘atishda aybladi. U, shuningdek, namoyishchilar tomonidan politsiyaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilganini aytdi.
  • AQSh Davlat departamenti “Gruzin orzusi” hukmron partiyasining “turli antidemokratik harakatlari” tufayli Gruziya bilan strategik sheriklikni to‘xtatganini e’lon qildi.