Ma’rifat manbai” jamoat tashkiloti tomonidan amalga oshirilgan “Qishloq joylarda tadbirkor ayollarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasida Qashqadaryoning shahar va chekka qishloqlaridan salkam 315 nafar xotin-qiz qatnashdi. Ularning 200 dan ortig‘i gilamdo‘zlik, kigizdo‘zlik, “bosma” usulida kashta tikish bo‘yicha mahorat darslarida saboq oldi.

Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan taklif etilgan hunarmandlar kigiz va kashta tikish san’atini o‘rgatdi. Shahrisabz davlat pedagogika universitetining 100 nafardan ortiq 4-kurs talaba qizlari va bitiruvchilari onlayn tijorat bo‘yicha treninglarda qatnashdi.

Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.

“Ma’rifat manbai”ning raisi Lola Sayfi so‘zlariga ko‘ra, tashabbus AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning tadbirkorlik va biznes-muhitni rivojlantirish loyihasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Mahalliy darajada Shahrisabz hokimligi, Respublika “Hunarmand” uyushmasining shahar bo‘limi, shuningdek, ikki yil oldin Qashqadaryoda qishloq ayollarini hunarmandchilikka o‘qitish va jalb etish bo‘yicha birinchi loyiha o‘tkazilgan paytda tashkilot bilan iliq munosabatlar o‘rnatgan mahalla qo‘mitalari ko‘maklashdi.

“Ayollar va yoshlar hududning iqtisodiy hayotiga yetarlicha jalb etilmagan. Bunga ishlab chiqarish korxonalarining kamligi, mehnat migratsiyasi ham ta’sir ko‘rsatadi — katta yoshdagi erkaklar ish topish uchun boshqa joylarga ketadi, oila va uy xo‘jaligini yuritish mas’uliyati esa onalar, ayollar zimmasiga tushadi. Ayollar hatto biror kasbni egallashga muvaffaq bo‘lsa ham, odatda, qishloq joylarida ularga talab kam bo‘ladi. Loyihamizning vazifasi esa shundan iboratki, chekka qishloqlardagi ayollar uyda yangi bilim va ko‘nikmalar olish orqali turmush darajasi va iqtisodiy barqarorligini oshira olsin”, — dedi Lola Sayfi.

Lola Sayfi (chapdan ikkinchi) batik bo‘yicha mahorat darsida. Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.Lola Sayfi (chapdan ikkinchi) batik bo‘yicha mahorat darsida. Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.

Shuningdek, loyiha hududlararo va xalqaro hamkorlikni ham rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, bu hunarmandlarga tajriba almashish, mahorat oshirish va o‘z mahsulotlarini sotish bozorlarini kengaytirish imkonini beradi.

“Ko‘p sonli ayollarni material bilan ta’minlagan holda, sotiladigan tayyor mahsulotga ega bo‘lamiz, iloji bo‘lsa ulgurji sotamiz. Buni amalga oshirish uchun biz respublika, hududiy va xalqaro yarmarkalar, festivallarda ishtirok etishni rejamizga kiritdik. Bundan tashqari, ushbu tadbirlar doirasida hunarmandchilik bo‘yicha mahorat darslarini o‘tkazdik: masalan, Nukusda — bosma naqsh solish bo‘yicha, Taroz (Qozog‘iston)da — gilam to‘qish bo‘yicha. Bu orqali loyiha ishtirokchilarining doirasini amalda kengaytirdik. Reja bo‘yicha biz 140 nafar hunarmand ayol va 100 nafar kishini onlayn tijoratga o‘qitishimiz kerak edi, aslida bundan ham ko‘prog‘iga erishdik”, — deydi loyiha boshqaruvchisi Yelena Sxay.

Yelena Sxay va Gulnora Choriyeva.Yelena Sxay va Gulnora Choriyeva.

Sentabr oyida Qashqadaryo viloyati Shahrisabz va Ko‘kdala tumanlari ayollari tomonidan tayyorlangan buyumlar Marg‘ilonda bo‘lib o‘tgan Atlas bayramida namoyish etildi. Qo‘lda to‘qilgan jun gilamlar eng ekologik toza mahsulot sifatida diplom bilan ham taqdirlandi.

ma’rifat manbai, usaid, маърифат manbai, xotin-qizlarni qo‘llab-қuвvaтлаш, qishloq ayollari, hunarmandchilik

Lola Sayfining ta’kidlashicha, loyiha g‘oyasi bir necha yil avval aynan jun sabab boshlangan.

“Qashqadaryo O‘zbekistonning eng katta viloyatlaridan biri. U yerda, asosan, fermerchilik, xususan, chorvachilik rivojlangan. Mos ravishda, jun mahsulotlari uchun tayyor xomashyo bazasi ham bor. Ammo jundan hech qachon bunday foydalanilmagan: uni yoqib yo tashlab yuborishgan. Bu masalani tuzatishga yordam beradigan loyihamiz esa USAID grantiga ega bo‘ldi. Biz qo‘shni davlatlardan kigizchilarni — qozog‘istonlik Natalya Polyanskaya va qirg‘izistonlik Meer Koshelevani taklif qildik. Tojikistonlik Naymajon Boboyeva ayollarga „bosma“ usulida kashta tikishni o‘rgatdi. Afsuski, bizda bu texnika deyarli yo‘qolgan — u qadimiy so‘zanalarda va toshkentlik kashtado‘z Madina Qosimboyevaning noyob ishlarida uchraydi, xolos”, — deydi Lola Sayfi.

ma’rifat manbai, usaid, маърифат manbai, xotin-qizlarni qo‘llab-қuвvaтлаш, qishloq ayollari, hunarmandchilik

Loyiha 2024-yilning mart oyida boshlanib, ikki bosqichda: apreldan maygacha va iyundan iyulgacha davom etdi hamda Shahrisabz, Chiyal, Shanba, Hazor va Qumqishloq qishloqlarini qamrab oldi. “Hunarmand” uyushmasining Shahrisabz bo‘limi rahbari, loyihaning mahalliy koordinatori Gulnora Choriyeva har bir lokatsiyada 15 nafar xotin-qizdan iborat guruhlarni jamladi.

“Dastlab 25 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lganlar keldi. Oxirida yoshi kattaroq ayollar ham kela boshlashdi: „Biz — pensionerlarmiz. Nima, bizga mumkinmasmi?“, deyishdi. Men: „Albatta, mumkin“, deyman. Buvilar ham kelib, o‘rgandi. Hozir har kuni oldimga: „Bizga ish ber“, deb kelishadi”, — deydi Gulnora opa.

Ta’lim jarayoni turli joylarda bo‘lib o‘tdi. Bo‘lajak hunarmand ayollarga qo‘y junini to‘g‘ri tarash, yuvish, tanavor (zagotovka)larni shakllantirish va qolip yordamida turli shakldagi shippaklar yasash usullari ko‘rsatildi. Gilamdo‘zlik va kashtachilik bo‘yicha mahorat darslari ham shunday batafsil bo‘lgan. Ular hatto tabiiy ipakdan, merinos qo‘shimchalar qo‘shib, sharflar ham to‘qib ko‘rishgan.

Gilamdo‘zlik bo‘yicha mahorat darsi. Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.Gilamdo‘zlik bo‘yicha mahorat darsi. Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.

Sharoiti har xil bo‘lishiga qaramay, ishtirokchi xotin-qizlarning bari ta’limni oxirigacha olganini tashabbuskorlar loyihaning eng asosiy yutug‘i deb hisoblaydi — bu kasb-hunarni egallash va qo‘shimcha daromad topish uchun rag‘batning naqadar kuchli bo‘lganidan darak. Ba’zi bitiruvchilar bugun o‘z qishloqlarida hatto xotin-qizlarni o‘qitmoqda. Chiyal qishlog‘ida yashovchi Dilafruz Alimovaning bu loyihadagi yo‘li — chinakam muvaffaqiyat hikoyasidir. U o‘qishni tugatgach, kooperativ ochdi. Dilafruz opa bilan birga 15 nafar qo‘shnisi ham ishlayapti. Tadbirkor ayol birgina kigiz shippak sotuvidan haftasiga 300 dollar daromad oladi.

“Xohish bo‘lsa, odam yaxshiroq o‘rganadi, natija ham yaxshi bo‘ladi. Ayollar ta’lim oldi, qo‘lida juni bor, boshqa materiallarni, masalan, kashta tikish uchun zarur narsalarni buyurtmachilardan oladi. Endi uyda o‘tirib, nimadir qilishi, yangi narsalarni o‘rganishi mumkin: boshida kashtali yostiqjildlar tikkan bo‘lsa, endi dasturxon, sochiq, do‘ppi, nimchalarga o‘tgan, kigizdan to‘qilgan shippaklar sifati ham oshib boryapti. Kelajakda ular [tayyorlagan mahsulotlar] chiroyli bo‘lishi uchun dizaynga ham o‘rgatmoqchiman. Bizda birgina qo‘y junining o‘zida yetti xil rang bor: qora, och jigarrang, oq, hattoki „jinsi“ matoga o‘xshash ko‘k ham. Qozog‘iston va Qirg‘iziston hunarmandlaridan ajralib turish uchun bundan foydalanish kerak”, — deydi Gulnora Choriyeva.

Onlayn tijorat bo‘yicha trening. Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.Onlayn tijorat bo‘yicha trening. Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.

Loyihaning alohida, o‘ziga xos yo‘nalishlaridan biri — onlayn tijorat treninglaridir. Bu yil Shahrisabz davlat pedagogika universitetining 4-kurs talaba qizlaridan 120 nafari mazkur kurslarda qatnashdi.

“2022-yili birinchi loyiha doirasida hunarmand ayollarning o‘zlariga onlayn savdo qilishni o‘rgatgan edik. Ular asosan katta yoshdagi ayollar edi. Gadjetlarni o‘zlashtirish ular uchun oson bo‘lmagandi. Ular: „Yaxshisi, biz buyumlarni tayyorlaylik, yoshlar esa internetda sotaqolsin“, deb iltimos qilgandi. Shuning uchun bu safar treninglarni talaba qizlar uchun o‘tkazdik. Shu bilan birga, ular uchun, tajriba tariqasida, hunarmandchilik kurslari ham ochildi, ko‘pchilik bunga ham qiziqib qoldi. Hozir Shahrisabz va Kitob tumanlaridagi uchta guruh „bosma“ usulda kashta tikishni o‘rganyapti va bu rejamizdan tashqari loyiha. Shuningdek, biz o‘qitgan xotin-qizlar birlashib, qarindoshlarini, qo‘shnilarini ishga jalb qilyapti. Loyihaning haqiqiy o‘sishi va barqarorligi ham mana shunda — bizning maqsad ham shu edi asli”, — deydi Yelena Sxay.

Loyiha ishtirokchilarini taqdirlash. Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.Loyiha ishtirokchilarini taqdirlash. Foto: Ma’rifat Manbai / Facebook.

Loyiha doirasida ayollar tomonidan tayyorlangan buyumlar “Hunarmand” uyushmasining Shahrisabz bo‘limi ko‘magida, shuningdek, Toshkentda sotilmoqda — yaqinda Human House galereyasiga turli bichimdagi kigiz shippaklar, paxta va jun gilamlar, kashta solingan yostiqjildlar hamda ipak sharflardan iborat mahsulotlar partiyasi topshirildi. Galereya asoschisi Lola Sayfining aytishicha, sayyohlar bu mahsulotlarni o‘zi uchun va sovg‘a sifatida zo‘r ishtiyoq bilan sotib olyapti. Zotan, ular o‘z tarixi va mazmuniga ega bo‘lgan, xaridi kimnidir qo‘llab-quvvatlaydigan va ilhomlantiradigan suvenirlarni ayniqsa yaxshi ko‘radi.