AQSh prezidenti Jo Bayden o‘g‘li Hanter Baydenni 2014-yil 1-yanvardan 2024-yil 1-dekabrgacha “sodir etgan yoki sodir etgan bo‘lishi mumkin” bo‘lgan jinoyatlari uchun afv etdi, deyiladi Oq uy bayonotida.

Afv etish barcha jinoyatlarga, jumladan, Hanter Bayden aybdor deb topilgan jinoyatlarga ham taalluqlidir.

Bayden o‘g‘lining ta’qib qilinishini sud xatosi deb atadi. Uning ta’kidlashicha, o‘g‘liga qurol sotib olishda qo‘yilgan ayblovlar odatda og‘ir hisoblanmaydi va soliqlarni to‘lash muddatini kechiktirish jinoiy ish sanalmaydi, ammo “Hanterga boshqacha munosabatda bo‘lishgan”.

“Lavozimga kirishgan kunimdan boshlab Adliya vazirligining qarorlariga aralashmayman, deb va’da o‘zimga berdim va o‘g‘limning tanlangan va adolatsiz ravishda jinoiy javobgarlikka tortilishini kuzatganimda ham so‘zimda turdim… Hanterning ishi faktlariga nazar solgan hech bir aqlli odam Hanter mening o‘g‘lim bo‘lgani uchungina alohida ajratib olinganidan boshqa xulosa chiqara olmaydi — bu esa noto‘g‘ri. Hatto shafqatsiz hujumlar va tanlab olingan ta’qiblarga qaramay, besh yarim yil davomida hushyor yurgan Hanterni sindirishga harakat qilishdi. Ular Hanterni sindirishga uringanlarida, meni ham sindirishga harakat qilgan va bu yerda to‘xtab qolishiga ishonish uchun hech qanday asos yo‘q. Yetar”, — dedi Bayden.

Uning umid qilishicha, amerikaliklar ota va prezident nima uchun bunday qarorga kelganini tushunadi.

Janob Bayden afv etishini e’lon qilgandan so‘ng 54 yoshli Hanter Bayden o‘z bayonoti bilan chiqdi.

“Men giyohvandlikning eng qora kunlaridagi xatolarimga iqror bo‘ldim va javobgarlikni o‘z zimmamga oldim — bu xatolar meni va oilamni siyosat yo‘lida omma oldida kamsitish va sharmanda qilish uchun ishlatildi. Bugun menga ko‘rsatilayotgan marhamatni qadrlayman va tiklangan hayotimni hali ham xasta va azob chekayotganlarga yordam berishga bag‘ishlayman”, — dedi u.

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Hanter Baydenning afv etilishini adolat tizimini suiiste’mol qilish va xatolik deb atadi.

Eslatib o‘tamiz, Hanter Baydenga nisbatan tergov 2018-yilda boshlangan, o‘shanda u giyohvand moddalarni iste’mol qilish paytida to‘pponcha sotib olgani ma’lum bo‘lgan. U to‘pponcha sotib olayotganda giyohvand moddalarni iste’mol qilmasligi haqida yolg‘on gapirganlikda, shuningdek, giyohvand moddalarni iste’mol qilish davrida o‘qotar qurolga ega bo‘lganlikda ayblangan. Shundan so‘ng Hanterga soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash va qalbaki soliq deklaratsiyasini taqdim etishda ham ayb qo‘yilgan.

2023-yilning yozida Hanter Bayden AQSh Adliya vazirligi bilan kelishuv tuzgan, unga ko‘ra, u o‘zini soliqqa oid huquqbuzarliklarda aybdor deb tan olishi va buning o‘rniga undan noqonuniy qurol saqlash ayblovlarini olib tashlashlari kerak edi, biroq kelishuv sud tomonidan ma’qullanmagan.

2024-yil iyun oyida sud maslahatchilari Hanter Baydenni noqonuniy qurol sotib olishda aybdor deb topgan. O‘shanda Jo Bayden hukmga munosabat bildirib, giyohvandlikni yenggan o‘g‘lini qo‘llab-quvvatlagan. “Men prezidentman, lekin men otaman ham. Jill va men o‘g‘limizni yaxshi ko‘ramiz va bugun u bilan juda faxrlanamiz… Men bu ishning natijasini qabul qilaman va Hanter apellyatsiya shikoyati berishni ko‘rib chiqayotgan paytda sud jarayonini hurmat qilishni davom ettiraman”, — degandi u.

2024-yil sentabr oyida Hanter Bayden soliq sohasidagi jinoyatlarda aybiga iqror bo‘lgan. Mazkur ish bo‘yicha sud hukmi 16-dekabrga belgilangandi. Uni 25 yilgacha qamoq xavfi kutayotgandi.

Iyun oyida Jo Bayden ABC News nashriga bergan intervyusida o‘g‘li Hanterning afv etilishini istisno qilishini va sudning har qanday hukmini qabul qilishini aytgandi. Oq uy matbuot kotibi Jan-Per ham jurnalistlarning savollariga javob berarkan, Bayden o‘g‘lini kechirmasligi haqida bir necha bor gapirgan.