Ish haqi va nafaqa pullarining 5,8 mlrd so‘mi talon-toroj qilinganligi aniqlanib, 71 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Prokuratura tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlarida kredit mablag‘larining 2,5 trln so‘mi talon-toroj qilini aniqlanib, bank va mijoz korxonalar rahbarlariga nisbatan 906 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

2024-yilgi investitsiya dasturi asosida qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan obyektlarda qurilish sifati va mablag‘lardan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratilib, 61,2 mlrd so‘mlik sifatsiz ishlar va 82,1 mlrd so‘mlik qo‘shib yozish holatlari joyida bartaraf etilib, huquqbuzarliklarning oldi olingan.

Dastur ijrosi bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlarida qonunni buzgan 466 nafar shaxs intizomiy, 1 ming 854 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 262 ta jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, davlatga yetkazilgan 71 mlrd so‘m zarar undirildi.

Ko‘rilgan choralar natijasida respublikadagi mahallalarning 3646 tasida yoki 38,5 foizida jinoyat qayd etilmadi, 4596 tasi yoki 48,6 foizida jinoyatchilik barqaror saqlanib qolinishiga va kamayishiga erishilgan.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovda qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash choralari doirasida surishtiruv va tergov organlarining 63 ming 47 nafar shaxsga nisbatan 50 888 ta jinoyat ishi o‘rganilib, sudlarga yuborilgan.

Bevosita prokuratura organlari tomonidan 12 ming 342 ta jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov o‘tkazilib, 11 350 nafar shaxsga nisbatan 7 ming 477 ta jinoyat ishi sudlarga yuborildi, jinoyat oqibatida yetkazilgan 2,6 trln so‘mlik zarar undirildi.

Bundan tashqari, o‘rganishda respublika bo‘yicha arxeologiya merosi obyektlarining 23 tasiga jiddiy shikast yetkazilganligi hamda 193 ta holatda arxeologiya merosi obyektlarining muhofaza hududi buzilib qurilish qilinganligi yoki qishloq xo‘jalik mahsulotlari ekilganligi aniqlanib, qat’iy choralar ko‘rildi.

Masalan, Qashqadaryo viloyatidagi “Pandiron” masjidining ta’mirlash — tiklash ishlarida loyiha talablariga rioya etilmaganligi natijasida yodgorlikka 341 mln so‘m zarar yetkazilganligi hamda haqiqatda bajarilmagan 622 mln so‘mlik ishlar hisobotlarga qo‘shib yozilganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.