Shavkat Mirziyoyev 2-dekabr kuni metallurgiya korxonalarining transformatsiya dasturlari hamda 2025-yilgi rejalari bilan tanishdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Yig‘ilishda so‘nggi yetti yilda bu sohada ishlab chiqarish 1,5 barobar o‘sgani. xususan, yillik oltin qazib olish hajmi 2016-yilga nisbatan 26 tonnaga, kumush 77 tonnaga, mis 32 ming tonnaga oshgani qayd etildi.

Jumladan, oxirgi besh yilda tog‘-kon va metallurgiyaga qariyb 9,5 milliard dollar investitsiya jalb qilinib, 15 ta yirik loyiha ishga tushirilgan. Natijada bu soha iqtisodiyotni transformatsiya qilishda eng muhim drayverga aylanib, mamlakat sanoati hajmining uchdan biri uning hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

бобир исламов, geologiya, metallurgiya, нкмк, окмк, prezident, tog‘-kon sanoati, transformatsiya

Tog‘-kon sanoati elektrotexnika, qurilish materiallari, kimyo, zargarlik kabi tarmoqlar uchun xomashyoni ko‘paytirib, ularning o‘sishiga katta turtki bermoqda. Shuningdek, kombinatlar 60 dan ortiq kichik va o‘rta korxonalar bilan kooperatsiya asosida yaqindan ishlayapti.

Prezident bularni davom ettirib, iqtisodiy samaradorlikni oshirib borish zamon talabi ekanini ta’kidladi. Unga ko‘ra, tarmoq korxonalarini jahon moliya bozorida jozibador kompaniyalarga aylantirish kerak.

Yig‘ilishda tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri hamda kombinatlar rahbarlari shu boradagi rejalar bo‘yicha axborot berdi. Jumladan, 2025-yilda tog‘-kon va geologiya sohasidagi loyihalarga 1 milliard dollar investitsiya jalb qilish ko‘zda tutilmoqda. Kaolin ishlab chiqarishni 50 foiz oshirish, ko‘mir qazib olishni 10 million tonnaga yetkazish mo‘ljallanmoqda.

Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati bu yil ilk bor xalqaro bozorda yevrobond joylashtirib, 1 milliard dollar arzon resurs jalb qildi. Kelgusi yil yana 500 million dollar yevrobond chiqarish rejalashtirilgan.

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Islamov.Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi raisi Bobir Islamov.

Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi quyuv prokatlash majmuasi ishga tushiriladi. O‘zbekiston texnologik metallar kombinatida “yashil iqtisodiyot” uchun muhim bo‘lgan noyob metallar xomashyosi kengaytiriladi.

Davlat rahbari kelgusi yilda kombinatlar transformatsiya orqali dunyo bozorida raqobatdoshligini oshirish bo‘yicha katta o‘zgarish qilishi zarurligini ta’kidladi.

Bunda tannarxni tushirish, faoliyatni to‘liq raqamlashtirish, xalqaro bozorlardan mablag‘ olib kelish, yangi texnologiyalarni joriy qilib, ish jarayonini avtomatlashtirish eng muhim vazifalar ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Korxonalar jahondagi o‘zgarishlarga tez moslashib, yangi tashabbuslar ko‘rsatishi zarurligi aytildi. Tejamkorlik va samaradorlik tamoyili asosida xarajatlarni kamaytirish, sanoat tarmoqlarini xomashyo bilan uzluksiz ta’minlash choralari belgilandi.